Denzel Vashingtonning xuddi shu nomli filmi bor. O‘sha kinoni ko‘rganimdan buyon ota mehri degan so‘z menga boshqacha ta’sir qiladi. Oxirgi ramazonda poyezdda vodiyga safar qildik. Yo‘l bo‘yi bir ibratli voqeaga guvoh bo‘ldimki, taqdir bejizga o‘sha voqeani menga ko‘rsatmadi deb o‘ylab u haqda sizga aytishni istadim. Bugun ota mehri haqida gaplashamiz.
Jasurbekning dadasi
Samarqanddan vodiyga boradigan poyezdga chiqarkanmiz yo‘l rejamiz tayyor edi: saharlikni birgalikda qilamiz-da, keyin yetib borguncha dam olamiz. Axir yo‘l olis, ertalabdan ishlashimiz kerak edi. Buning ustiga qaytish avtobusda bo‘lishi aniq edi, u yerda uxlab bo‘lmaydi. Poyezdning tepa qavatiga joy olgandim, avvaldan menga tepada ketish yoqadi, odam xuddi uchib ketayotgandek bo‘ladi.
Tepa qavatga joylashishim bilan pastdagi ikki o‘rindagi yo‘lovchilar e’tiborimni tortdi. Keyin butun yo‘l bo‘yi xayolim shu yo‘lovchilarda bo‘ldi... Ulardan biri o‘rta yoshdagi ota, boshqasi otaning qo‘l-oyog‘i ishlamaydigan o‘g‘li. Chamasi 12-13 yoshdagi bolakay gapirolmas, ba’zi istaklarinigina turli tovushlar bilan ifoda etardi xolos. Uning nafas olishi qiyin, gavdasini ham tik tutolmasdi. Menimcha, bolakayning ahvolini tasavvur qildingiz...
Bolaning otasi yo‘l bo‘yi mana shu dard bilan sinalgan farzandi atrofida parvona bo‘ldi: hali aravachasiga o‘tqizib, derazadan tog‘larni tomosha qildirib qo‘yadi, hali suv beradi, hali hojatga chiqasanmi deb so‘raydi. Ularning gaplaridan bolakayning ismi Azizbek ekanini tushundim. Ota bola vohadan uylariga, vodiyning qaysidir shahriga ketishayotgandi, balki Andijonga, balki Marg‘ilongadir. Har zamonda haligi bolaning oldiga sho‘x ukasi kelib turadi, uning ismi Jasurbek edi, adashmasam. Bu sho‘x bola ham yurishdan, zaboni go‘yodan mahrum akasiga qarab keldi.
Yo‘l bo‘yi bolaning otasi nogiron farzandi atrofida parvona bo‘lib uxlamadi. Va biror mart uf deb noligani, o‘g‘liga ovozini ko‘targani yo‘q. Samarqanddan Namangangacha poyezd juda ko‘p vaqt yuradi, ishoning tor poyezdda harakatdan to‘la mahrum bolaga qaraydigan ota biror marta noshukurlik qilmadi, farzandini ko‘z qorachig‘iday asrab keldi.
Men ularni gapga tutishga yuragim dosh bermadi, juda ta’sirlandim. Ba’zi odamlar ota bilan gaplashib ketishdi. Aytishicha, bolaning uy uchun alohida, ko‘chaga chiqishi uchun alohida aravachasi bor ekan. Ota har kuni orqasi to‘shakda qizarib ketmasligi uchun o‘g‘lini massaj qilarkan.
Yo‘q, azizlar bunday holatni taqdir menga bejizga ko‘rsatmadi, men albatta bu qahramon ota haqida qachondir sizga aytib berishim kerak edi. To‘rt muchasi salomat bolasini uradigan, so‘kadigan, ko‘chada qoldiradigan insonlar juda ko‘paygan zamonimizda o‘zimizning vodiyning bir qishlog‘ida qo‘l-oyog‘i ishlamaydigan, gapirolmaydigan, hojatga chiqishini ham tovushlar bilan ishora qiladigan farzandini ko‘klarga ko‘taradigan, bu sinovga uchraganidan hech ham nolimaydigan Jasurbekning dadasidek qahramon ota borligini bilishingiz kerak.






