Sport | 12:33 / 02.02.2026
16568
14 daqiqa o‘qiladi

«MYu»da kambek, «Siti» darvozasiga yil goli, «Real» amalladi. Kun o‘yinlari

«Manchester Siti» chayon zarbasidan gol o‘tkazib, ikki gol ustunligini boy berdi; «Arsenal» yana ilgarilab ketdi. Yakshanba oqshomida Yevropa futbolida ro‘y bergan asosiy voqealar, o‘yinlardagi gollar va turnir jadvallaridagi vaziyat.

Angliya: Kerrikda yana g‘alaba

«Manchester Yunayted» – «Fulhem» 3:2
Gollar:
Kazemiro, 19 (1:0). Kunya, 56 (2:0). Ximenes, 85 – penalti (2:1). Sheshko, 90 (3:1). Kevin, 90 (3:2)
«Manchester Yunayted»: Lammens, Maguayr, Martines, Shou, Dalot (Mazraviy, 86), Kazemiro (Ugarte, 75), Maynu, Brunu Fernandesh, Kunya (Sheshko, 74), Diallo, Mbemo (Yoro, 90)
«Fulhem»: Leno, Andersen, Kuenka (Bassi, 86), Robinson (Sessenon, 71), Kastan, Berge, Ivobi, Smit-Rou (Kevin, 71), Chukvueze (Kerni, 79), Uilson, Ximenes
Ogohlantirishlar: Kazemiro, 64. Maguayr, 83 – Andersen, 42

Maykl Kerrik «MYu»dagi faoliyatini top-raqiblarga qarshi o‘yinlardagi g‘alabalar bilan boshlagandi, ammo jamoa oldingi bosh murabbiy davrida o‘rtamiyona raqiblarga qarshi qiynalayotgandi. «Fulhem» esa yevrokuboklar uchun kurashayotgan shunday jamoalar sirasiga kiradi. O‘yin arafasida mankunianliklar vaa «dachachilar» turnir jadvalida yonma-yon joylashgan, oradagi farq to‘rt ochkoni tashkil etayotgandi.

Amalda ham londonliklar jiddiy qarshilik ko‘rsatdi va «Yunayted» raqib mudofaasini faqat standart yordamida buzib o‘ta oldi. Avvaliga arbitr penalti belgilagandi, ammo VAR bu vaziyatda mehmonlar himoyachisi Mateus Kunyaning futbolkasidan tortishni jarima maydoni tashqarisida boshlaganini ko‘rsatdi. Ammo bu qaror «Fulhem»ni muqarrar goldan asray olmadi va Brunu Fernandeshning uzatmasidan keyin Kazemiro barchadan baland sakrab, boshda darvozani ishg‘ol etdi. Ikkinchi bo‘lim boshida esa braziliyalik yarimhimoyachi Kunyaning goliga hammualliflik qildi.

Bu epizodda goldan ko‘ra uning uzatmasi – no look assist muhokamalar markazida bo‘ldi.

Shundan keyin mezbonlar xotirjamlikka berildi va raqib buning uchun jazoladi. Avvaliga Kuenkaning goli kichik ofsayd tufayli bekor qilindi. Bu vaziyatda uni o‘tkazib yuborgan Maguayr keyingi epizodda xatosini tuzatib, Ximenesga gol urishga imkon bermadi. Ammo u keyinroq baribir navbatdagi xatoga yo‘l qo‘ydi va meksikalik hujumchini jarima maydoni ichida yiqitdi, belgilangan penaltini esa jabrlanuvchining o‘zi aniq ijro etdi.

Hakam o‘yinga to‘qqiz daqiqa qo‘shib berdi va bu daqiqalarda aql bovar qilmas ishlar bo‘lib ketdi. Avvaliga Kevin «to‘qqizlik»ni aniq nishonga olib, stadionda yig‘ilgan muxlislarni karaxt ahvolga soldi – 2:2.

Ammo Kerrik shogirdlari ruhan sinib qolmadi va bir necha daqiqa o‘tib Sheshko ham jarima maydoni markazida turib «to‘qqizlik»ka qaytarib bo‘lmas zarba yo‘lladi. Unga assistentlik qilgan Fernandesh bu boradagi rekordini (12) takrorladi va mavsumning qolgan qismida bu natijani yaxshilashi tayin. Uning sa’y-harakatlari evaziga «MYu» APLda qatorasiga uch g‘alabaga erishdi va kuchli to‘rtlikka qaytdi.

«Aston Villa» – «Brentford» 0:1
Gol:
Uattara, 45 (0:1)
«Aston Villa»: Martines, Konsa, Pau Torres, Matsen, Kesh, Duglas Luis, Bogard (Beyli, 46), Rodjyers, Buendiya, Sancho (Elliott, 77), Abraham
«Brentford»: Kelleher, van der Berg, Ayyer, Henri (Hiki, 84), Kayode, Henderson (Kollinz, 59), Yanelt, Yyensen (Lyuis-Potter, 76), Shade, Uattara (Yarmolyuk, 60), Tiago
Ogohlantirishlar: Rodjyers, 90 – Ayyer, 35. Kayode, 45. Yanelt, 90. Kollinz, 90
Chetlatish: Shade, 42

Birminghemdagi o‘yin ajablanarli ssenariyda kechdi. 42-daqiqada Shade maydondan chetlatilib, «Aston Villa» son jihatdan ko‘pchilik bo‘lib oldi, ammo tanaffus arafasida gol o‘tkazib yubordi. Mezbonlarning ikkinchi bo‘limda mehmonlar mudofaasini yorib o‘tishga urinishlari esa besamar ketdi. Shu bilan birga, buning uchun yetarlicha vaziyatlar yaratildi deyish ham qiyin, Unai Emeri shogirdlari asosan uzoq masofalardan zarba yo‘llash orqali o‘z omadini sinab ko‘rish bilan mashg‘ul bo‘lishdi. «Brentford» esa bu mavsumda yaqin-yaqingacha mustahkam qal’adek ko‘ringan «Villa Park»dan uch ochko olib ketishga erishgan ikkinchi jamoaga aylandi («Everton» ikki tur oldin buni uddalagan birinchi jamoa bo‘lgandi). Bu mag‘lubiyat mezbonlar uchun jiddiy yo‘qotishga aylandi va endi jamoa chempionlik poygasi haqida emas, kuchli to‘rtlikda qolish haqida qayg‘urishi kerak bo‘ladi.

«Tottenhem» – «Manchester Siti» 2:2
Gollar:
Sherki, 11 (0:1). Semenyo, 44 (0:2). Solanke, 53 (1:2). Solanke, 70 (2:2)
«Tottenhem»: Vikario, Dregushin, Romero (Sarr, 46), Udodji, Grey, Palinya, Bissuma (Tel, 68), Gallaher, Simons, Kolo Muani (Odober, 68), Solanke (Bayfild, 90)
«Manchester Siti»: Donnarumma, Geyi, Husanov, O`Rayli, Mateus Nunes, Rodri (Marmush, 90), Sherki (Reynders, 69), Bernardu Silva (Foden, 88), Ayt Nuri (Gonsales, 70), Semenyo, Holand
Ogohlantirishlar: Bissuma, 11. Simons, 38. Solanke, 48 – Husanov, 21. Rodri, 45. Gonsales, 90

«Tottenhem» – Xosep Gvardiola uchun APLdagi eng noqulay raqib. U ushbu jamoaga qarshi o‘yinlarda jami sakkiz bor yutqazgan. Va londonliklar «Siti» yaqqol favorit sanalgan yillarda bu natijalarga erishgan. Hozir esa «shporlar» qiyin davrni boshdan kechirmoqda, jamoa turnir jadvalining ikkinchi qismida bormoqda, bosh murabbiy Tomas Frank esa iste’fo yoqasiga kelib qolgan.

Birinchi bo‘limda «Tottenhem» o‘z maydonidagi jamoaga o‘xshab ko‘rinmadi. Jamoa pressing qilishga urindi, ammo to‘pni himoyadan olib chiqishda ketma-ket xatolarga yo‘l qo‘yildi. Oldingi chiziqda esa derli vaziyat yaratilmadi va 45 daqiqa davomida biror marta raqib darvozasi sohasiga to‘g‘ri borgan zarba berilmadi.

«Siti» esa 11-daqiqadayoq Bissuma maydon markazida to‘p yo‘qotishidan foydalanib, osonlik bilan hisobni ochdi: to‘pni raqibdan olib qo‘ygan Bernardo Holandga uzatdi, u esa qanotdan jarima maydoniga intilgan Sherkini golli pas bilan ta’minladi. Jarohat tufayli o‘ynay olmagan van de Ven o‘rniga tushgan Dregushin esa Sherkiga o‘zi istaganidek zarba berishga yo‘l qo‘yib berdi. 

Keyin esa Dregushin to‘pni uzoqlashtirishda xatoga yo‘l qo‘yishi natijasida Semenyo darvozabon bilan yakkama-yakka holatga chiqib kelib, hisobdagi farqni ikkitaga oshirdi.

Shu pallada kameralar Tomas Frank o‘z yon daftariga nimadir yozayotganini ko‘rsatdi. Tanaffusda «Tottenhem» ustozi katta tavakkalchilikka yo‘l urib, jamoa sardori Romeroni zaxiraga oldi va to‘rt himoyachidan iborat sxemaga o‘tdi. Va bu qaror o‘zini oqladi.

Barchasini Solankening goli o‘zgartirib yubordi, jarohat tufayli mavsumning birinchi qismini o‘tkazib yuborgan hujumchi «Tottenhem»ni o‘yinga qaytargan golni urdi. Shu bilan birga, u zarba berayotganida to‘p bilan birga Gehining ham oyog‘iga zarba berib yuborgandi. VAR vaziyatni tekshirdi, ammo golni inobatga oldi.

Solanke esa bu bilan cheklanmadi va shedevr gol bilan dublni rasmiylashtirdi. Tezkor qarshi hujumda Gallaher o‘ng qanotdan uzatma berdi. Uzatma u qadar yaxshi chiqmagandek ko‘ringandi – to‘p hujumchining yo‘liga emas, biroz orqaroqqa keldi.

Ammo Solanke tezkor qaror qabul qildi va chayon zarbasini ijro etib, to‘pni Donnarummaning ustidan oshirib tashladi. Hozirdan mavsumning eng chiroyli goli uchun mukofotni unga topshirish mumkin.

«Siti»da vaziyatni o‘nglash uchun yetarlicha vaqt bor edi, ammo ikkinchi gol «Tottenhem»ga katta ishonch bag‘ishladi va mezbonlar raqibni jarima maydoniga qamab qo‘ya boshladi. Hujum ketidan hujumlar amalga oshirildi, Donnarumma esa yana bir necha bor «Siti»ni gollardan saqlab qoldi. «Tottenhem»da ikkinchi bo‘limga butunlay boshqa futbolchilar tushgandek tasavvur uyg‘ondi.

Yakunda hisob boshqa o‘zgarmadi va bu Londonning boshqa bir jamoasi – turnir jadvali peshqadami «Arsenal» foydasiga xizmat qildi. Endi Arteta shogirdlari ikkinchi o‘rin bilan oradagi farqni olti ochkoga yetkazib oldi.

Shu bilan birga, Abduqodir Husanov shu kuni o‘ziga xos rekord o‘rnatdi: o‘zbekistonlik himoyachi «Siti» tarkibida ketma-ket 8 uchrashuvda asosiy tarkibda maydonga tushdi va birortasida ham zaxiraga olinmadi. Joriy mavsum boshidan buyon jamoaning biror futbolchi bu ko‘rsatkichni qayd eta olmagan. Eng yaxshi ko‘rsatkich Niko Gonsalesga tegishli edi. Ketma-ket 7 uchrashuvda to‘liq 90 daqiqa.

Ispaniya: hushtakbozlik va asabiy yakun

«Real» – «Rayo Valekano» 2:1
Gollar:
Vinisius Junior, 15 (1:0). De Frutos, 49 (1:1). Mbappe, 90+10 – penalti (2:1)
«Real»: Kurtua, Raul Asensio (Sebalyos, 46), Hausen (Alaba, 77), Kamavinga, Valverde, Tshuameni, Arda Guler (Rodrigo, 77), Bellinghem (B. Dias, 10), Mastantuono (Garsiya, 60), Vinisius Junior, Mbappe
«Rayo Valekano»: Batalya, Lejyen, Mendi, Chavarriya, Ratsyu, Siss, Herard Gumbau (P. Dias, 56), Palazon (Luis Felipe, 83), Alvaro Garsiya (Espino, 77), Ahomash (Martin, 84), De Frutos (Valentin, 56)
Ogohlantirishlar: Sebalyos, 69. Vinisius Junior, 83 – Xerard Gumbau, 53. Chavarriya, 57. Palazon, 65. Valentin, 72. Batalya, 82. Ahomash, 83. Espino, 90
Chetlatish: Siss, 81. Chavarriya, 90+13 (ikkinchi sariq)

Alvaro Arbeloa Karlo Anchelotti davrini yodga oldi va o‘ng qanot himoyasiga Kamavingani yubordi. Va aynan shu qanotdan tezkor gol o‘tkazib yuborilishiga bir baxya qoldi – «Barselona» tarbiyalanuvchisi Ahomash («Rayo Valekano» uni «Vilyarreal»dan ijaraga olib o‘ynatmoqda) mezbonlarni kechirdi. «Santyago Bernabeu»dagilar bu vaziyatdan keyin hushtakbozlik boshladi, o‘yinning sakkizinchi daqiqasi o‘tib borayotganida tribunalar suv quygandek jim-jit bo‘lib qoldi – jamoaning asosiy futbolchilaridan biri Bellinghem jiddiy jarohat olib, ko‘zda yosh bilan maydonni tark etdi.

O‘yinning boshlanishi mezbonlar uchun xavotirli kechdi, ammo biroz o‘tib Vinisius Junior kichik shedevr ijro etdi va uch himoyachi qarshilik ko‘rsatayotganiga qaramay, to‘pni to‘sin ostidan darvozaga yo‘llab, muxlislarga umid baxsh etdi. Unga golli uzatmani Judning o‘rniga tushgan Braim Dias bergandi. Faqat shundan keyin mezbonlar tashabbusni to‘liq o‘z qo‘liga ololmadi, ikkinchi bo‘lim boshida esa «asalarilar» hisobni tenglashtirishdi. 

Federiko Valverde pozitsiyani Alvaro Garsiyaga boy berdi, u esa to‘pni Xorxe de Frutosga uzatdi. «Rayo» to‘purari Tchuamenidan ildamroq harakat qilib, to‘pga bir teginishda Tibo Kurtua darvozasini ishg‘ol etdi – 1:1.

«Real» to‘liq kuch bilan oldinga chiqqanida, Ratsiu qarshi hujumda qochib ketdi va Madridni Kurtua navbatdagi marta qutqarib qoldi. Shunga o‘xshash vaziyat Mbappeda ham bo‘ldi, u darvozabonni ham aldab o‘tgandi, ammo bo‘sh darvoza qarshisida turib to‘sinni poyladi. 

O‘yin oxirida hissiyotlar qaynay boshladi va 81-daqiqada Siss Sebalyosga qo‘polligi uchun maydondan chetlatildi.

Vinisius ham asablarini jilovlay olmadi va zaxiraga olingan Ahomashni tezroq yurishga undab turtgani uchun sariq kartochka oldi. Bu orqali u sariq kartochkalar limitini to‘ldirdi va endi 8 fevral kuni «Valensiya»ga qarshi o‘yinni o‘tkazib yuboradi.

Biroz oldinroq jiddiy jarohatdan qutulib qolgan Dani o‘yin qahramoniga aylanishi mumkin edi, avvaliga uning xavfli zarbasiga biroz aniqlik yetishmadi, keyingi vaziyatda uning uzatmasidan keyin Kamavinga boshda yo‘llagan zarba ustunga tegdi.

Hakam o‘yinga to‘qqiz daqiqa qo‘shib berdi va bu daqiqalar tugayotganida mehmonlar himoyachisi Mendi jarima maydoni ichida to‘p o‘rniga Braimni tepib yubordi, arbitr esa 11 metrlik nuqtani ko‘rsatdi.

Mbappe nuqtadan to‘pni darvoza to‘riga kiritganida sekundomerda 99:34 raqamlari yonib turgandi – bu «Qirollik klubi»ning XXI asrda eng kech urilgan goli bo‘ldi. Mezbonlar asabiy kechgan o‘yinda baribir g‘alabaga erishdi va «Barsa»ga oldinga chiqib ketishga yo‘l qo‘ymadi (o‘rtadagi farq hamon bir ochkoni tashkil etmoqda).

Азиз Қаршиев
Muallif Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid