26 mart oqshomida Yevropa yashil maydonlarida JCh-2026 saralashi o‘tish bosqichida yarimfinal o‘yinlari bo‘lib o‘tdi. 16 jamoadan sakkiztasi mundial uchun imkoniyat saqlab qolmoqda. 31 mart kuni Italiya, Turkiya, Polsha, Shvetsiya, Chexiya, Daniya, Kosovo va Bosniya jamoalari to‘rt yo‘llanma uchun kurashni davom ettiradi.

Italyanlar finalda Bosniya bilan o‘ynaydi: Tonali va Jyeko qahramon

Italiya – Shimoliy Irlandiya 2:0
Gollar: Tonali, 56 (1:0). Kin, 80 (2:0)
Italiya: Donnarumma, Bastoni (Gatti, 63), Kalafiori, Manchini, Lokatelli, Tonali (Palestra, 83), Barella, Dimarko, Politano (Pizilli, 83), Retegi (Espozito, 63), Kin (Raspadori, 88)
Shimoliy Irlandiya: P. Charlz, Hyum, Makkonvill, Makneyr, Spenser (Magennis, 79), Devlin (Smit, 68), Gelbreyt, Sh. Charlz, Prays (Marshall, 83), Devenni, Donli (Rid, 79)
Ogohlantirish: Bastoni, 58

Uels – Bosniya va Gersegovina 1:1
Gollar: D. Jyeyms, 51 (1:0). Jyeko, 86 (1:1)
Penaltilar seriyasi: Demirovich – (0:0)(darvozabon). Uilson – (1:0). Tabakovich – (1:1). Harris – (2:1). Bashich – (2:2). Jonson – (2:2)(xato). Hojiahmetovich – (2:3). Uilyams – (2:3)(darvozabon). Alaybegovich – (2:4)
Uels: Darlou, Loulor, Rodon, Dasilva, Uilyams, Ampadu, Uilson, J. Jyeyms (Kallen, 56), Jonson, D. Jyeyms (Tomas, 84), Bruks (Harris, 74)
Bosniya va Gersegovina: Vasil, Muharemovich, Katich, Kolashinats (Bashich, 62), Dedich (Gigovich, 112), Tahirovich (Alaybegovich, 62), Shunich (Tabakovich, 78), Memich (Burnich, 74), Bayraktarevich, Demirovich, Jyeko (Hojiahmetovich, 91)
Ogohlantirishlar: Kallen, 70 – Memich, 5. Demirovich, 37. Kolashinats, 39

Italiya Shimoliy Irlandiya to‘sig‘idan o‘tdi – 2:0. Lekin o‘yin mezbonlar uchun oson kechmadi. Faqat 56-daqiqaga kelib Sandro Tonalining uzoq masofadan to‘pni to‘xtatmasdan yo‘llagan zarbasi amalda o‘yin taqdirini hal qildi. U 80-daqiqada Moyze Kin urgan ikkinchi golda ham asosiy ishni bajardi.

Italyanlar o‘yin davomida jami 19 zarba berishdi (Shimoliy Irlandiyada beshta) va haqli g‘alabaga erishdi. Ikkinchi gol ham vaqtida urildi va muxlislar asabiy yakundan qutulib qolishdi. Italiya bu safargi saralashda yoki g‘alaba qozonmoqda (yetti marta), yoki yutqazmoqda (ikki marta Norvegiyaga).