Jamiyat | 11:54 / 20.12.2025
3806
5 daqiqa o‘qiladi

Jajman – hammamizning hisobimizga kun ko‘radigan yengilmas maxluq haqida eshitganmisiz?

Yovuzlik jamiyatga hech qachon dabdaba bilan kirib kelmaydi. U avvalo mayda, ahamiyatsiz ko‘rinadigan xatolar orqali ongimizga singadi. Ko‘z yumilgan o‘g‘irlik, kechirilgan nohaqlik, “bo‘lib turadi” degan sukut uni oziqlantiradi. Bugun “5 daqiqa”da katta adibimiz Xurshid Do‘stmuhammadning “Jajman”i haqida gaplashamiz. Bu asarda qo‘rqinchli ogohlantirishlar va ishoralar bor.

Xurshid Do‘stmuhammad “Jajman” hikoyasini oddiy bozor manzarasidan boshlaydi. Tim – bu faqat savdo-sotiq joyi emas, balki jamiyatning o‘zi, uning barcha qatlamlari, xarakteri va ichki munosabatlarini o‘zida mujassam etgan makondir. Bu yerda har kim o‘z rizqi, manfaati, kundalik tirikchiligi bilan band. Ana shu oddiy, hayotiy muhitda dastlab mayda o‘g‘irliklar boshlanadi. Biroz mayiz kamayadi, kimningdir qopi yengillashadi. Lekin bu holatlar jiddiy qabul qilinmaydi.

Yovuzlik hech qachon birdan katta ko‘rinishda namoyon bo‘lmaydi. U avval mayda, ahamiyatsiz, ko‘nikmaga aylanadigan shaklda kirib keladi. Jamiyat uni o‘z vaqtida payqamasa yoki payqab ham inkor etsa, u kuchayadi. Jajman ana shu ko‘nikmaning, befarqlikning mahsuli sifatida paydo bo‘ladi.

Jajman g‘alati maxluq: u sichqonga, tulkiga, kenguruga, hatto odamga o‘xshaydi, lekin hech biri emas. Bu noaniqlik uning ramziy tabiatini ochib beradi. U muayyan shaxs emas, balki holat, illat, nafsning jismga aylangan ko‘rinishidir. Jajman to‘ymaydi. U qancha olsa ham qanoat qilmaydi. Avval mayiz, keyin pul, keyin butun bozor uning ishtahasiga tor kela boshlaydi. Muallif shu orqali inson nafsi chegara bilmasligini, unga yo‘l berilsa, u oxiri halokatga olib kelishini ko‘rsatadi.

Ogohlik va befarqlik to‘qnashuvi

Asardagi eng muhim ma’naviy qutb – Zardusht bobo obrazidir. U hikmat sohibi, hayot tajribasi va ichki sezgisi kuchli inson. U Jajmanni birinchi bo‘lib xavf sifatida anglaydi.

Biroq Zardusht boboning eng katta fojiasi – uning ovozi eshitilmaydi. U gapiradi, ogohlantiradi, lekin bozor ahli uni jiddiy qabul qilmaydi. Bu holat jamiyatda ma’naviy yetakchilarning, donishmand insonlarning so‘zi o‘tmay qolayotganini anglatadi. Befarqlik bu yerda ochiq qarshilikdan ham xavfliroq ekani oydinlashadi. Chunki qarshilik kurashni keltirib chiqaradi, befarqlik esa yovuzlikni oziqlantiradi.

Bozor ahlining Jajmanga munosabati bosqichma-bosqich o‘zgaradi: avval kulgi, keyin ko‘nikish, so‘ng qo‘rquv. Ular hatto Jajmanni erkalatishgacha boradi. Bu esa yovuzlikka sherik bo‘lish bilan barobar. Muallif shu orqali jamiyatdagi “menga tegmasa bo‘ldi” degan tafakkurning qanchalik xavfli ekanini ochib beradi. Chunki Jajman bir kishining emas, barchaning hisobiga yashaydi.

Qasos va soxta g‘alaba

Asarning ikkinchi qismida Jajman ochiqdan ochiq baloga aylanadi. Endi u hammani qo‘rqitadi, zarar yetkazadi. Olomon uni o‘ldirishga qaror qiladi. Lekin bu qaror adolatdan emas, qasosdan tug‘iladi. Hech kim “bu baloning sababi nimada?” deb o‘ylamaydi. Hamma oqibat bilan kurashadi, sabab esa e’tiborsiz qoladi.

Jajmanni o‘ldirish sahnasi o‘ta shafqatsiz. Bu yerda odamlar o‘z insoniy qiyofasini yo‘qotadi. Qizig‘i shundaki, yovuzlikka qarshi chiqqan olomonning o‘zi ham yovuzlikka aylanadi.

Olomon Jajman o‘ldirilgan deb o‘ylaydi. Qisqa muddatli shodlik, soxta g‘alaba hissi paydo bo‘ladi. Ammo shu payt devor ortidan yanada kattaroq Jajman chiqadi. Demak illat yo‘q qilinmasa, uning shakli o‘zgaradi xolos. Nafs tarbiyalanmasa, u yana qaytib kelaveradi.

Xulosa

Zo‘r asar-a! Bizning shunday adiblarimiz bor, muammo shundaki, bu asarlar filmlarimizga ko‘chmayapti. Kino va seriallarimizdagi mavzular bilan tobora mayda millatga aylanishda davom etyapmiz. Zo‘rlarimizni tan olmayapmiz, yuzaga chiqarishni istamayapmiz. Hozircha shu.

Isomiddin Po‘latov

Mavzuga oid