«Hatto marhumlar nomiga ham jo‘natmalar keladi» – Bojxona qo‘mitasi rasmiysi
O‘zbekistonda xalqaro kurerlik jo‘natmalari bilan shug‘ullanuvchi firmalar davlat ro‘yxatidan o‘tmagan. Ularning faoliyatini nazorat qilish aniq bir vazirlikka yuklatilmagan. Halol ishlayotgan tadbirkorlar deklaratsiya berib, soliqlarini to‘lamoqda, biroq kurerlik jo‘natmalarini amalga oshiruvchi ishbilarmonlarning aksariyati odamlar soni hisobiga hech qanday to‘lov qilmay, mahsulotni mahalliy bozorga olib kirishga urinmoqda.
Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Rustam Qobulov ma'lum qildi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.
«Har bir jismoniy shaxs nomiga har chorakda xalqaro kurerlik jo‘natmalari orqali 1000 AQSh dollari, xalqaro pochta jo‘natmalari orqali esa 100 AQSh dollari miqdorigacha tovarlarni bojxona yuk deklaratsiyasini rasmiylashtirmagan holda, bojxona to‘lovlarisiz O‘zbekiston hududiga olib kirish mumkin. Bu me'yorlar faqatgina notijorat maqsadlarida olib kirilayotgan tovarlar uchun qo‘llanilishi belgilangan.
Oxirgi paytlarda bunday jo‘natmalarning mamlakat hududiga kirib kelishi keskin ortib boryapti. Bojxona to‘lovlaridan qochish maqsadida «shaxsiy ehtiyoji uchun» niqobi ostida bir partiyadagi mahsulotlarni qismlarga bo‘lib olib kelish holatlari ko‘p kuzatilmoqda. Ushbu tovarlar «shaxsiy extiyoj uchun» mezonlariga mos kelmaydi va ichki bozorda ayirboshlash uchun mo‘ljallangan.
Masalan, nohalol tadbirkor bir xil rangli va turli o‘lchamli 5 turdagi kostyum-shimni 50 nafar fuqaro nomiga rasmiylashtiradi. Tufli, ko‘ylak va boshqa mahsulotlarni ham turli o‘lchamdagisidan 50ta xarid qilib, yana o‘sha 50 nafar odamga sochadi, ya'ni hujjatlashtiradi. Fuqarolarning pasport nusxalarini qayerdandir topib, shunday ishlarga qo‘l urishadi.
Bunday mahsulotlarni nazorat qilayotgan paytimiz nomiga chetdan tovar kirib kelayotgan fuqarolar bilan suhbatlashish niyatida ularni chaqiramiz. Ba'zan ular orasida olamdan o‘tib ketgan marhumlarning ham pasportiga mahsulotlar rasmiylashtirilgani oydinlashdi. Aksariyat odamlar nomiga tovarlar kelganidan ham bexabar bo‘ladi. Bundan tadbirkorlarning maqsadi qonuniy to‘lov qilishdan qochib, tijoratni amalga oshirish ekanini sezish qiyin emas», – dedi Qobulov 14 noyabr kuni matbuot anjumanida.
Uning so‘zlariga ko‘ra, joriy yilning o‘tgan davri mobaynida 4 ming 813ta shu kabi tovarlardan davlat budjetiga 7 milliard 122,2 million so‘m miqdorida bojxona to‘lovlari undirilgan.
Shuningdek, O‘zbekistonga xalqaro kurerlik jo‘natmalari 2018 yilda 7 ming 445,9 tonna miqdorida olib kirilgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich joriy yilning o‘tgan 10 oyi davomida 5 ming 936,1 tonnani tashkil etdi.
«Bu raqamlar yil sayin kamayish o‘rniga, aksincha o‘sib boryapti», deya qo‘shimcha qildi Bojxona nazoratini tashkil etish boshqarmasi boshlig‘i.
Rustam Qobulov bir martalik kurerlik jo‘natmasi uchun 25 dollarlik meyorni joriy etish taklifi kiritilganiga ham izoh berdi. Bu taklif ijtimoiy tarmoqlardagi qizg‘in muhokamalardan keyin hukumat tomonidan to‘xtatilgan edi.
«Prezidentning 4470-sonli qarori bilan, bir martalik bojsiz olib kirish me'yorini kamaytirish bo‘yicha topshiriq berilgan. Shundan so‘ng Bojxona qo‘mitasi barcha faktlarni tahlil qilib, hukumatga taklif kiritgan. Yaqin orada tegishli qaror loyihasi yana jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilishi kutilmoqda», – deydi DBQ vakili.
Ma'lumot uchun, jismoniy shaxslar nomiga xalqaro pochta va kurerlik jo‘natmalari orqali kelayotgan tovarlarning bojxona nazoratini tashkil etish tartibotlari Butunjahon pochta konvensiyasi, O‘zbekiston Bojxona kodeksi va bir qator me'yoriy-huquqiy hujjatlar bilan tartibga solingan.
Mavzuga oid
14:49 / 15.08.2024
Bojxona qo‘mitasi eng ko‘p import qilinadigan mahsulotlarni onlayn ko‘rish imkoniyatini ishlab chiqdi
18:13 / 19.08.2022
Ikki karra bepisandlik. Bojxona qo‘mitasi sud qarorini bajarmayapti
07:21 / 25.06.2022
«Saxovat» va «Muruvvat» internat uylari Bojxona qo‘mitasiga biriktiriladi
07:40 / 19.04.2022