Jahon | 23:50 / 18.04.2017
5529
3 daqiqa o‘qiladi

Erdo‘g‘anni "Uzuklar hukmdori" filmidagi badbashara qahramonga qiyoslagan shifokor oqlandi

Foto: AP

Turkiyaning Oydin viloyati sudi Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘anni "Uzuklar hukmdori" filmidagi badbashara qahramon, shaxs ikkilanishidan aziyat chekuvchi Gollumga qiyoslagan shifokor Bilgin Chiftchini oqladi. Bu haqda T24 kanali xabar berdi

O‘tgan yil iyunida Antaliya sudi Erdo‘g‘anni Gollumga qiyoslagan Rifat Chetinni bir yillik shartli jazoga tortgandi.

Chitfchi Facebook’dagi sahifasida Erdo‘g‘an va Gollumning bir xil yuz ifodalarini aks ettirayotgan suratlarini yonma-yon chop etgan. Bu suratlar chop etilgandan keyin Chiftchi prezidentni haqoratlagani uchun davlat ishidan bo‘shatilgan va unga qarshi jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Unga 3 oydan 2 yilgacha qamoq jazosi berilishi mumkin bo‘lgan.  

"Bu jinoiy ish qo‘zg‘atilmasligi kerak edi, biroq u ochilgan ekan, vaziyatdan chiqishning eng yaxshi yo‘li – uni yopishdir", deb aytgan shifokor.

Chiftchi advokatining aytishicha, himoya Gollum salbiy qahramon emasligi, shuning uchun unga qiyoslash haqorat emasligidan kelib chiqib yo‘l tutgan. "Biz buni isbotlashimiz uchun "Uzuklar hukmdori" filmini ber necha marotaba ko‘rib chiqishimizga to‘g‘ri keldi. Biz aksincha, Gollum sha'nini himoya qildik", deb aytgan advokat.

Avvalroq Turkiya adliya vaziri Bekir Bo‘zdag mamlakatning 1845 fuqarosiga nisbatan prezidentni haqoratlash ayblovi bo‘yicha tergov olib borilayotganini ma'lum qilgan. Turkiya qonunchiligida prezidentni haqoratlaganlik uchun jarima yoki bir yildan 4 yilgacha qamoq jazosi ko‘zda tutilgan. Muxolifat hukumatni qonunning bu moddasidan Erdo‘g‘an olib borayotgan siyosatga norozi bo‘lganlarni repressiya qilishda foydalanishda ayblagan. 

Erdo‘g‘anning o‘zi esa o‘tgan yildagi davlat to‘ntaruviga urinishdan keyin haqoratlash bo‘yicha da'vo arizalarini qaytarib olishga qaror qilganini aytgan. U buni siyosiy raqiblari bilan yarashib olmoqchiligi bilan tushuntirgan.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid