O‘zbekiston | 07:34 / 23.07.2024
15209
2 daqiqa o‘qiladi

Germaniyada o‘zbekistonlik qiz nemis tili bo‘yicha Butunjahon olimpiadasida g‘olib bo‘ldi

Germaniyaning Gettingen shahrida nemis tili bo‘yicha Butun jahon olimpiadasi g‘oliblari nomi e’lon qilindi. Unda 62 davlatdan o‘quvchilar bellashdi. O‘zbekistonlik Rayyona Ibrohimova unda g‘olib bo‘ldi.

Foto: Goethe-Institut/Andreas Dahn

15-22 iyul kunlari nemis tili bo‘yicha Butunjahon olimpiadasi o‘tkazilgan Gettingen shahrida g‘oliblar aniqlandi. Tegishli til darajalari bo‘yicha o‘tkazilgan bellashuvlarda birinchi o‘rinni o‘zbekistonlik Rayyona Ibrohimova, bangladeshlik Mahek Xon va shimoliy makedoniyalik Ana Kotevska bo‘lishib oldi. 

«Kumush» va «bronza» Meksika, Italiya, Slovakiya, Polsha va Britaniyadan kelgan maktab o‘quvchilariga nasib etdi, deb e’lon qildi Berlindagi Gyote instituti 22 iyul, dushanba kuni. Olimpiadaning final bosqichida 14 yoshdan 17 yoshgacha bo‘lgan 100 nafardan ortiq o‘quvchi ishtirok etdi. Raqobatchilar orasida 62 davlat vakillari bor edi. 

Nemis tili bo‘yicha eng yaxshilar

Gyote instituti matbuot xizmati xabariga ko‘ra, 16 yoshli Rayyona Germaniyadagi universitetlardan birida nemisshunoslik yo‘nalishida tahsil olish va kelajakda tarjimonlik bilan shug‘ullanishni rejalashtirgan. Xalqaro tanlovning final bosqichiga chiqish uchun u boshqa ishtirokchilar singari milliy tanlovda g‘olib bo‘ldi.

Gettingenda o‘quvchilar turli fanlar bo‘yicha bellashdi. Har bir o‘quvchi mustaqil ravishda Butunjahon Til Olimpiadasi jurnali uchun o‘z onlayn sahifasini yaratishi kerak edi - tabiiyki, butunlay nemis tilida. Shuningdek, bilimlar guruhlarda turli taqdimotlar va improvizatsiyalar orqali sinovdan o‘tkazildi. Hakamlar hay’ati nafaqat nemis tilini bilish darajasini, balki ijodkorlik, shuningdek, jamoada ishlash qobiliyatini ham baholadi. Musobaqa ishtirokchilariga keng qamrovli madaniy dastur taklif qilindi - Gettingenning diqqatga sazovor joylariga tashrif buyurish. 

Butunjahon nemis tili olimpiadasi har ikki yilda bir marta Germaniya shaharlaridan birida o‘tkaziladi. Tashkilotchi Gyote institutidir. Tadbir Germaniyadan tashqaridagi maktablarda nemis tilini o‘rganishga qiziqishni oshirishga qaratilgan.

Mavzuga oid