Jamiyat | 18:07
5587
2 daqiqa o‘qiladi

Andijonlik qiz kelinlik uyiga 800 ta kitobdan iborat sep bilan bordi

Qashqadaryo viloyati Ko‘kdala tumaniga Andijondan kelin bo‘lib tushgan Nasibaxon Ibrohimovaning sepi ijtimoiy tarmoqlarda olqishlarga sazovor bo‘lmoqda. U kelinlik uyiga 800 ta kitob bilan borgan.

Foto: Oilaning shaxsiy arxividan

Turmush o‘rtog‘i Mirjalol Mahmarayimovning Kun.uz'ga aytishicha, bo‘lajak rafiqasi bilan bir necha yil birgalikda kitob yig‘ishgan, to‘ydan keyin esa juftlikning qo‘shma kutubxonasidagi kitoblar soni 1,5 mingtaga yetgan.

“3 yil sevishdik, birga kitob o‘qidik, birga kitob yig‘dik. Onlayn tarzda kitob sotuvini ham yo‘lga qo‘ydik. Shaxsiy kitob javonimiz bitta bo‘lishi orzumiz edi. 2025 yil avgustida turmush qurdik. To‘ydan oldin birga yig‘gan va o‘zida bor kitoblarni mening uyimga olib keldi. Keyin bitta javon yasab, shaxsiy kutubxona qurdik”, deydi Mirjalol.

Oilaning shaxsiy kutubxonasi Mirjalolning Ko‘kdala tumani Sho‘rquduq mahallasidagi uyida joylashgan. Kelin-kuyov esa hozirda Toshkent shahrida ijarada yashashadi – Mirjalolning ishi shu yerda, u Chorsudagi kitob do‘konlaridan birida ishlaydi.

“Kutubxonamizning rasmi tasodifan tarqalib ketdi. Zulfiya mukofoti uchun hujjat qilish paytida ilova qilingan rasm edi, bir bloger tarqatib yuboribdi”, – deydi u.

Nasibaxonga Zulfiya mukofoti bu yil nasib qilmadi, oila keyingi yil yana urinib ko‘rishni rejalashtirgan.

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid