Sport | 12:11 / 21.04.2023
39627
15 daqiqa o‘qiladi

«MYu»da Maguayr yana qovun tushirdi, Dibala Mourinoni jar yoqasidan qutqardi. Yevropada kun o‘yinlari

Payshanba oqshomida Yevropa Ligasida chorakfinal doirasidagi javob uchrashuvlari o‘tkazildi. Endi final yo‘llanmasi uchun «Yuventus» «Sevilya» bilan, «Bayyer» «Roma»ga qarshi bahs olib boradi.

Foto: MATTHEW PETERS/MANCHESTER UNITED VIA GETTY IMAGES

De Xea va Maguayrning dahshatli xatolari

Yevropa Ligasi. 1/4 final.
Javob o‘yinlari
Sevilya — Manchester Yunayted 3:0

Gollar: An Nosiri (8, 81), Bade (47).
Sevilya – Bunu, Navas, Markao (Suso, 29), Bade, Akunya (Telles, 85), Rakitich, Fernando, Gudel, Lamela (Hil, 80), Okampos, An Nosiri.
Manchester Yunayted – De Xea, Uan-Bissaka (Shou, 46), Maguayr, Lindelyof, Dalot, Eriksen (Elanga, 87), Zabitser (Fred, 68), Kazemiro, Sancho (Reshford, 46), Antoni, Marsiyal (Veghorst, 54).
Ogohlantirishlar: Kazemiro (56), Antoni (59), Bunu (73), Shou (90)
Birinchi o‘yin — 2:2.

Bir hafta oldin «Old Trafford»da kechgan o‘yin oxirida ro‘y bergan aql bovar qilmas voqealar birinchi o‘yindayoq keyingi bosqich masalasi hal bo‘lgandek ko‘ringan juftlik qarama-qarshiligini eng intrigalisiga aylantirib yubordi. O‘sha oqshomda «qizil iblislar» xuddi omadsizlik oroliga tushib qolgandek edi, jamoa futbolchilari nafaqat ikki bor o‘z darvozasini ishg‘ol etib qo‘yishdi, balki jarohat tufayli ikki asosiy markaziy himoyachilari - Varan va Lisandro Martinesdan ayrildi. Yetmaganiga sariq kartochkalarini ko‘paytirib olgan Brunu Fernandesh diskvalifikatsiya tufayli javob o‘yinini o‘tkazib yuboradigan bo‘ldi.

Natijada «Ramon Sanches Pisxuan»da ham «MYu» va Maguayrning dahshatli tushi davom etdi. Mehmonlar jamoasi sardori o‘yin debyutidayoq raqib pressingi ostida to‘pni An-Nosiriga topshirib qo‘ydi va marokashlik hujumchi «Sevilya» safida 50-golini nishonladi. Bu vaziyatda shu kechaning boshqa bir antiqahramoni De Xea ham to‘g‘ri qaror qabul qilmadi, u andalusiyaliklarning uch futbolchisi qurshovida turib to‘p so‘ragan himoyachiga uzatma berdi.

Okamposning darvozani ishg‘ol etishi bekor qilinishi (unga uzatma bergan Akunyada kichik ofsayd qayd etildi) ikkinchi golni faqat kechiktirdi. Bu gol ikkinchi bo‘lim boshida urildi, Bade burchakdan berilgan uzatmani darvoza to‘riga joyladi. Yana bir kornerdan keyin ham inglizlar himoyachilari ishonchsiz harakat qildi, Okamposning bir necha metr masofadan yo‘llagan darvozasini darvozabon to‘sib qoldi. Bunday epizodlar — mehmonlarning ilojsiz holatda ekanini yaqqol namoyish etib berdi. Jumladan, hujum chizig‘ida ham, vaziyatni ikkinchi bo‘limda tushgan Reshford ham o‘nglay olmadi. Kazemironing jarima maydoni tashqarisidan yo‘llagan zarbasi Bunuga ortiqcha qiyinchilik tug‘dirmadi.

Dahshatli tushning cho‘qqisi esa De Xeaning o‘ta qo‘pol xatosi bo‘ldi, u jarima maydoni tashqarisida juda oddiy vaziyatda to‘pni bo‘ysundira olmadi, An-Nosiri esa o‘yindagi ikkinchi sovg‘adan ham unumli foydalandi. Endi «MYu» bu mavsumda kurashni davom ettiradigan yagona sovrin Angliya Kubogi bo‘lib qolmoqda. «Brayton»ga qarshi yarimfinal o‘yini — yakshanba kuni bo‘lib o‘tadi.

Ayni vaqtda La ligada 13-o‘rinda borayotgan jamoa esa, inqirozli yilda ham (jamoa birinchi davrada xavfli hududda edi, mavsum davomida ikki bosh murabbiy iste’foga chiqarildi) — bu turnirni bejiz «Sevilya» ligasi deb atamasliklarini namoyish etdi. Bu jamoa «Yunayted»ga qarshi o‘tkazilgan beshta yevrokubok o‘yinida ham mag‘lubiyatga uchramadi. Shunday ekan, bu safargi natijani sensatsiya deyish ham qiyin.

22-yarimfinal

Sporting — Yuventus 1:1
Gollar:
Edvards (20, penalti) — Rabio (9).
Sporting – Adan, Eshgayyu, Koates, Inasiu (Mateus Reys, 81), Diomande, Santush (Artur, 87), Ugarte, Gonsalvesh, Morita, Edvards, Trinkau (Shermiti, 81).
Yuventus – Shchensni, Danilo, Bremer (Gatti, 73), Sandro, Rabio, Lokatelli, Miretti (Pogba, 72), Kuadrado, Di Mariya, Keza (Kostich, 78), Vlahovich (Milik, 71).
Ogohlantirishlar: Ugarte (24), Gatti (83), Pogba (89), Edvards (90).
Birinchi o‘yin — 0:1.

Kunduzi «Yuventus»ga (hozircha vaqtincha bo‘lsa ham) A Seriyadagi 15 ochkosini qaytarishdi va jamoa turnir jadvalida 7-o‘rindan 3-o‘ringa ko‘tarildi. Kechqurun esa «Keksa sinora» Lissabondagi o‘yinni ideal boshladi, to‘p burchakdan uzatib berilganida Rabio Italiya chempionatidagi eng samarali yarimhimoyachi ekanini isbotladi. «Joze Alvalade»da fransuz joriy mavsumdagi 11-golini urdi.

To‘g‘ri, shu Rabioning o‘zi ko‘p o‘tmay jarima maydoni ichida qoida buzdi va «Sporting» penaltidan javob golini urishiga sababchi bo‘ldi. Umuman olganda, bo‘lishi kerak bo‘lgan ish baribir sodir bo‘ldi, chunki shu hujum vaqtida Shchensi qo‘riqlayotgan darvozani faqat ustun goldan saqlab qolgandi. Lissabonliklar bu o‘yinda ham bir hafta oldin Turinda bo‘lgani kabi juda kuchli o‘yin ko‘rsatishdi, o‘shanda «Yuve» o‘z o‘yini chiqmagan holatda ham g‘alabani ilib ketgandi.

Ammo «byankoneri»larning Yevropa Ligasidagi quruq seriyasi qachondir to‘xtashi kerak edi va bu 410-daqiqada ro‘y berdi. Ammo turinliklarga hamon o‘yindan gol urib bo‘lmayapti, hatto Danilu qo‘pol xatoga yo‘l qo‘yganida ham Rikardu Eshgayyuning qulay pozitsiyadan yo‘llagan zarbasi to‘sin yuqorisidan o‘tib ketdi. Natijada Portugaliya yevrokuboklardagi so‘nggi vakilini yo‘qotdi, «Yuventus» esa qit’a miqyosidagi turnirlarda 22-bor yarimfinalga chiqdi. Faqat «Real» (37), «Bavariya» (28) va «Barselona» (26) bundan yuqoriroq ko‘rsatkich qayd etgan.

Triumf va mojaroli chetlatish

Roma — Feyyenoord 4:1
Gollar:
Spinatssola (60), Dibala (89), Al-Sha’roviy (101), Pellegrini (109) — Payshao (80).
Roma – Patrisiu, Smolling (Chelik, 78), Lorente (Rojyer, 72), Manchini, Spinatssola, Zalevski (Dibala, 73), Veynaldum (Al-Sha’roviy 21, Kumbulya 106), Matich, Kristante, Pellegrini, Belotti (Abraham, 72).
Feyyenoord – Beylo, Gertryuyda, Trauner (Dilrosun, 106), Gansko, Hartman (Lopes, 106), Shimanski (Pedersen, 91), Kekchyu, Viffer, Jahonbaxsh (Danilo, 74), Idrissi (Payshao, 64), Ximenes.
Ogohlantirishlar: Hartman (12), Viffer (18), Lorente (34), Vellenroyter (34), Ximenes (39), Dibala (108), Abraham (111), Patrisiu (119).
Chetlatish: Himenes (120+1).
Birinchi o‘yin — 0:1.

«Roma» ilk daqiqalardanoq «Feyyenoord» darvozasini qamal qildi, ammo, odatdagi kabi o‘z vaziyatlaridan foydalana olmadi va gol o‘tkazib yuborishiga bir baxya qoldi. Rimliklarni Shimanskining xavfli zarbasini qaytargan Ruy Patrisiu qutqarib qoldi. Shu vaqtdan «bo‘rilar»da qiyinchiliklar boshlandi, avvaliga Veynaldum jarohat olib maydonni tark etdi, keyin esa maydon tashqarisida Salvatore Foti qizil kartochka oldi.

Joze Mourinoning yordamchisi maydonni tark etgan to‘p uchun shunchalik faol kurashdiki, qo‘li bilan raqib hujumchisi Ximenesning avval bo‘yniga, keyin yelkasiga tegib ketdi. Buning uchun qizil kartochka berilgani tushunarli, ammo bu holatda meksikalik forvardning harakatlarini tushunib bo‘lmasdi. U yuzini ushlab olib yerda yumalay boshladi, holbuki uning yuziga hech kim tegmagandi, u esa juda qattiq og‘riq his qilayotganini namoyish etishga urinardi. Bunday reaksiya odatda shifoxonaga yotish bilan yakunlanadi, lekin Ximenes, tabiiyki, maydonda qoldi.

Odatda bunday pallalar raqib uchun faqat qo‘shimcha kuch beradi. Lorente ham yerda yotgan yolg‘onchi raqibga baqirgancha buni namoyish etdi. Faqat bular shunchaki hissiyotlar edi, ikkinchi bo‘limda esa harakatlarda ham ishtiyoq ko‘zga tashlandi, «Roma»ning ko‘p sonli hujumlaridan biri nihoyat Spinatssolaning aniq zarbasi bilan yakunlandi.

Bu o‘yinda burilish nuqtasi edimi? Lekin rimliklar uchun barchasi oddiy emasdi. Mezbonlarning ikkinchi goli Abraham hujumda fol ishlatgani uchun bekor qilindi, Shimanskining uzatmasidan keyin hisobni tenglashtirgan Igor Payshao esa «Roma»ni jar yoqasiga keltirib qo‘ydi. Lekin Dibala yana katta sahnaga chiqdi. Argentinalik hujumchi birinchi o‘yinda jarohat olgandi, ammo bu o‘yin oxirida maydonga tushdi va o‘yinni overtaymga olib o‘tdi.

«Feyyenoord» esa qo‘shimcha yarim soatda hech narsa ko‘rsata olmadi. Qolaversa, hakam hushtagi chalinishiga bir daqiqa qolganida Ximenes qizil kartochka oldi. Bu o‘yin taqdiriga hech qanday ta’sir ko‘rsatmagan bo‘lsa-da, meksikalik futbolchi o‘zi loyiq bo‘lgan hushtakbozliklar ostida maydonni tark etdi, tribunalarni jonlantirib, dirijyorlik qilib turgan Mourino ham diqqat markazida turdi. U hamon o‘zgachaligini saqlab qolmoqda.

Xabi Alonsoning muvaffaqiyati

Yunion Sent-Jillua — Bayyer 1:4
Gollar:
Terxo (65) — Diabi (2), Bakker (38), Frimpong (61), Glojyek (79).
Yunion – Moris, Niukop, Berjyess, Matida, Kanduss (Terxo, 46), Lapussen, Teuma (Al Azzuzi, 88), Linen, Lazar (Puertas, 81), Vertessen (Adengra, 32), Bonifase (Nilsson, 81).
Bayyer – Gradetski, Frimpong (Adli, 71), Ta, Tapsoba (Kossunu, 59), Inkapie, Bakker, Andrix, Amiri (Demirbay, 59), Virts, Diabi (Belarabi, 86), Glojyek (Ozmun, 86).
Ogohlantirish: Teuma (75).
Birinchi o‘yin — 1:1.

«Bayyer» birinchi o‘yinda Belgiyaning hech narsadan taptortmas klubiga qarshi birinchi o‘yinda mag‘lub bo‘lishga juda yaqin edi. Ammo barchasi o‘yin davomida o‘zgarib ketdi va «Yunion» o‘yinning so‘nggi daqiqalarida durangni bazo‘r saqlab qoldi. Shu tufayli payshanba kuni leverkuzenliklar darhol ishga kirishishdi. Hisobni ochgan Diabi nemis klublari orasida ikkinchi darajali yevrokubokda eng tezkor gol muallifiga aylandi, tanaffus arafasida esa ushbu fransuz yana bir hujumni boshlab berdi, bu hujumni Glojyekning uzatmasini darvozaga joylagan Bakker yakunlab berdi.

«Bayyer»ning niderlandiyalik laterali jamoaning asosiy harakatlantiruvchi kuchi bo‘lib chiqdi. Uchinchi gol ham Bakkerning xizmatlari tufayli urildi, u darvozabonni chalg‘itdi va Frimpong bo‘sh qolgan darvozani ishg‘ol etdi. To‘rtinchi gol urilgan hujumda esa Bakker oldinga tashlangan Diabini vaqtida to‘p bilan ta’minlashi barchasini hal qildi, bu hujum yakunida Glojyek qaytgan to‘pni darvozaga joylab qo‘ydi. Leverkuzenliklar uchun bu yilgi yarimfinal — yevrokuboklarda 2002 yildan buyon eng yaxshi natija bo‘lmoqda.

O‘shanda «Bayyer» Chempionlar ligasi yarimfinaliga chiqqan, bu bosqichda Zidanning mashhur goli tufayli «Real»ga mag‘lub bo‘lgandi (1:2). Endi esa leverkuzenliklar uchun mavsumni «Qirollik klubi»ning sobiq futbolchisi Xabi Alonso saqlab qolmoqda. U sakkiz turda 5 ochko jamg‘arib, 17-o‘rinda borayotgan jamoani qabul qilib olgandi. Hozir esa 12 uchrashuvdan iborat mag‘lubiyatsiz seriya qayd etgan «Bayyer» bundesligada yevrokuboklarga yo‘llanma beruvchi oltinchi o‘ringa ko‘tarilgan va hatto Yevropa Ligasi g‘olibligini qo‘lga kiritib, YeChLga yo‘llanma olishi ham mumkin.

Konferensiyalar ligasi: «Vest Hem»ning barqarorligi

Vest Hem — Gent 4:1
Gollar:
Antonio (37, 63), Paketa (55, penalti), Rays (58) — Keypers (26).
Vest Hem – Areolya, Tsoufal, Zuma (Kerer, 70), Agerd, Emerson, Souchek, Rays (Dauns, 70), Paketa, Binrahma (Fornals, 79), Bouen (Korne, 79), Antonio (Ingz, 70).
Gent – Ruf, Nuriu Fortuna, Okumu, Piontkovski, Samuaz, Kastro-Montes (Fofana, 85), Kums, De Sart (Ojija-Ofoe, 70), Hon Hyon Sok (Depuatr, 70), Keypers (Godo, 84), Orban (Tissaudali, 70).
Ogohlantirish: Orban (18).
Birinchi o‘yin — 1:1.

APLda 15-o‘rinni egallab turgan «Vest Hem» — inglizlarning yevrokuboklarda eng barqaror o‘yin ko‘rsatayotgan vakillaridan biri bo‘lmoqda. Bir yil muqaddam Devid Moyyes jamoasi Yevropa ligasi yarimfinalida o‘ynagandi, endi esa bu natijani Konferensiyalar ligasida takrorlamoqda.

«Gent»ga qarshi qarama-qarshilikda «bolg‘achilar»ning asosiy muammosi Kaypers bo‘ldi, u birinchi o‘yinda inglizlarni g‘alabadan mahrum qilgandi, endi esa Londondagi o‘yinda hisobni ochdi. O‘yindagi burilish nuqtasi esa belgiyalik futbolchilardan biri o‘z jarima maydoni ichida toyib ketib, to‘pni qo‘li bilan o‘ynab yuborishi bo‘ldi, shundan keyin jamoa darvozasiga penalti belgilandi.

Hisob 2:1 ko‘rinishiga kelgach, mehmonlar tavakkal qilib oldinga tashlana boshladi, «Vest Hem» esa bo‘shliqlardan foydalandi. «Gent» Raysning yurishidan keyin butunlay taslim bo‘ldi, ko‘p ham gol uravermaydigan ushbu tayanch yarimhimoyachisi so‘nggi ikki mavsumda Yevropa maydonlarida Angliyadagidan ko‘ra ko‘proq gol urgan (3 taga qarshi 4 gol).

Kun statistikasi

  • «MYu» darvozaboni De Xea bu mavsumda golga olib keluvchi 5 ta xatoga yo‘l qo‘ydi. Bu APL futbolchilari orasidagi eng yomon ko‘rsatkich.
  • AZ Alkmaar 13 g‘alabaga erishdi — bu niderland klublarining yevrokuboklar kampaniyasidagi yangi rekordi sanaladi.
  • 15 yildan buyon Niderlandiya jamoalari yevrokuboklar pley-offlarida o‘yindan keyingi penaltilar seriyasida g‘olib chiqmayotgandi. Bu noxush an’anaga Konferensiyalar ligasi chorakfinalida «Anderleht»ni turnirdan chiqarib yuborgan AZ barham berdi.

Mavzuga oid