Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Muhojirlik, shubha va ikki qizining qotiliga aylangan ona - Andijondagi mudhish jinoyat tafsiloti
Izboskanda ayol o‘z farzandlarining qotiliga aylandi: u Rossiyada ishlab yurgan turmush o‘rtog‘i bilan janjallashgani ortidan ushbu jinoyatga qo‘l urgan. 2020 yil turmush qurgan er-xotin avvaliga tinch-totuv yashagan. Biroq er ishlab pul topish maqsadida Rossiyaga ketgach, o‘rtada turli janjallar kelib chiqa boshlagan. 4 va 1,5 yoshli qizaloqlar ana shunday janjallardan birining qurboniga aylandi.
Illyustrativ foto
Andijon viloyati Izboskan tumani Urganji mahallasida mudhish qotillik jinoyati sodir qilindi: 24 yoshli ayol turmush o‘rtog‘i bilan janjallashgani ortidan voyaga yetmagan ikki qizini pichoqlab o‘ldirdi.
Kun.uz tanishgan sud hukmida keltirilishicha, 2001 yilda tug‘ilgan M.M. 2020 yilda K.M. bilan turmush qurgan. Ular 2021 va 2023 yilda qiz farzandli bo‘lishgan.
Er-xotin 2024 yilgacha tinch-totuv yashagan. Oiladagi janjallar K.M. ishlab pul topish maqsadida Rossiyaga ketganidan keyin boshlangan: muhojirlikdagi er va ikki qizi bilan qolgan ayol turli sabablar bilan tortishib qolavergan. Janjallarning aksariyati rashk tufayli kelib chiqqan.
K.M. 2024 yil 8 dekabr kuni Rossiyaga ketgan. Er-xotin kunda, ba’zida kunora WhatsApp va Telegram orqali videoaloqa ko‘rinishida suhbatlashib kelgan. Shunday suhbatlarning birida – 2025 yil 13 aprel kuni K.M. masofadan turib turmush o‘rtog‘ining uyali telefoni boshqaruviga ulangan hamda u kimlar bilan qo‘ng‘iroqlashganini tekshirib chiqqan. U ayoli fuqaro A.T. bilan suhbatlashganini ko‘rib, M.M.ni xiyonat qilganlikda ayblay boshlagan va o‘rtada janjal kelib chiqqan.
Janjal vaqtida K.M. qaynakasi va o‘z opasiga turmush o‘rtog‘i boshqa erkak bilan suhbatlashib yurganini bilib qolganini, u bilan yashamasligini aytgan. Bundan g‘azablangan ayol esa eriga iztirob berish maqsadida yonida o‘tirgan ikki nafar voyaga yetmagan qizlarining bo‘yin sohasiga pichoq bilan zarba bergan. Og‘ir jarohat olgan qizaloqlar voqea joyida vafot etgan. So‘ngra ayol pichoq bilan o‘zini ham jarohatlagan.
M.M. sudda aybiga iqrorlik bildirmagan va bolalarini u o‘ldirmaganini aytgan.
“O‘sha kuni turmush o‘rtog‘im so‘zlarimga ishonmasdan meni xiyonatda aybladi va buni opasi hamda akamga aytdi. A.T. bilan gaplashib olishini aytgan vaqtimda esa u bilan gaplashmayman, deya meni haqorat qila boshladi. Oila a’zolarim yashash xonadonimga kelayotgani va ularning oldida sharmanda bo‘lishim mumkinligini o‘ylab, nima qilishni bilmay qoldim. Chuqur hayajonlanish holatida bo‘lganim sababli hech narsani eslay olmayman. Faqatgina qorin soham qattiq og‘riganini bilaman. O‘sha kuni uyda men va bolalarimdan boshqa hech kim yo‘q edi. Olma archish uchun doimiy ravishda deraza tokchasida pichoq turardi. Farzandlarimni men o‘ldirmadim, bu ishlarni qilmaganman, haqiqiy aybdorlarni topib berishingizni so‘rayman”, degan ayol o‘z ko‘rsatmasida.
K.M. esa o‘sha kuni uyda turmush o‘rtog‘i va farzandlaridan boshqa hech kim bo‘lmaganini bildirgan.
“Farzandlarimni turmush o‘rtog‘imning o‘zi bo‘lib o‘tgan holatlardan qutulib qolish maqsadida o‘ldirgan va so‘ngra o‘zini ham pichoqlagan. Ushbu holatdan xabar topib, zudlik bilan O‘zbekistonga qaytib keldim. Farzandlarimni dafn etishgan ekan.
Men turmush o‘rtog‘imga 13 aprel kuni soat 9:12 da qo‘ng‘iroq qilganman. Bu vaqtda u farzandlarim bilan uyda yolg‘iz bo‘lgan. Ulardan boshqa hech kim bo‘lmagan uyda. Agar o‘sha vaqtda yashash xonadonimga boshqa shaxslar kirgan bo‘lganida turmush o‘rtog‘im bu haqida aytgan bo‘lardi. Turmush o‘rtog‘im bolalarimni pichoqlagan holatini ko‘rmadim. Ushbu holat juda tez bo‘ldi”, degan erkak sudda.
Garchi ayol aybiga iqrorlik bildirmagan bo‘lsa-da, uning qilmishi guvohlarning ko‘rsatmalari va boshqa dalillar bilan o‘z isbotini topgan. M.M.ga nisbatan psixologiya ekspertizasi o‘tkazilgan. Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, u jinoyat sodir etgan vaqtida affekt holatida bo‘lmagan.
JIB Izboskan tuman sudining 2025 yil 13 oktyabrdagi hukmi bilan M.M. Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) 2-qismi “a,v,j” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilishda aybli deb topilgan. Unga Jinoyat kodeksining 57-moddasini qo‘llagan holda 13 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tash belgilangan.
Andijon viloyati sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasining 2025 yil 20 noyabrdagi ajrimi bilan dastlabki sud hukmi o‘zgarishsiz qoldirilgan.
Mavzuga oid
19:07 / 22.12.2025
«Bu meni dahshatga soldi». Putin Imomali Rahmonga hamdardlik bildirdi
20:05 / 18.12.2025
«Ayrimlar migrantlar mavzusini ko‘pirtirib yuborishdi». Rossiyadagi faollar Odinsovodagi fojia aybdorlari haqida
14:40 / 18.12.2025
Odinsovodagi qotillik. Hozirgacha nimalar ma’lum?
19:08 / 17.12.2025