O‘zbekiston | 17:03 / 01.11.2020
61743
7 daqiqa o‘qiladi

Zangiota shifoxonasidan maxsus reportaj: davolash, ta'minot va tanqidlar

Koronavirusga qarshi kurash choralari doirasida ushbu infeksiyaga chalingan bemorlarni davolash uchun Toshkent viloyatining Zangiota tumanida 2ta maxsus tibbiyot majmuasi (Zangiota-1 va Zangiota-2) qurib foydalanishga topshirilgan edi. Kun.uz muxbiri qariyb besh oydan buyon faoliyat ko‘rsatayotgan shifoxonadagi ish tizimi haqida reportaj tayyorladi.

Maxsus shifoxona qanday qurilgan?

Zangiota-2 shifoxonasi direktori Doniyor Mirazimovning Kun.uz’ga bildirishicha, shifoxona aynan koronavirus bemorlarini davolash uchun maxsus loyihalashtirilgan va qurilgan. Shifoxona ilk bemorlarni 6 iyuldan qabul qila boshlagan. Shuningdek, virusga qarshi kurashda taqsimot markazlari ham tashkil etilgan. Masalan, Toshkent shahridagi «Ekspo markaz», «Yoshlik», «Atlas»dagi markazlar. Bu yerda tashxis va vaqtincha davolash usullari qo‘llaniladi. Bundan keyin, muolaja uchun yo‘llanma beriladi. Maxsus shifoxonalarda esa bemorlarni davolash uchun imkoniyat va tajriba kattaroq.

«Bu yerda palatalar boks uslubida tashkil etilgan, ya'ni unga bemor tashqari eshikdan kiritiladi. Bemor umumiy yo‘lakda yurmaydi, boshqa bemorlar bilan gaplashmaydi. Davolanish tugagach, yana tashqari eshikdan chiqarib yuboriladi», — dedi u.

Shifoxona direktorining davolash ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Nurillo Tojiddinovning ma'lum qilishicha, 18 gektar maydonga qurilgan shifoxona to‘la quvvati 2 ming o‘ringa mo‘ljallangan. Ayni paytda unda 1,2 mingta o‘rin faoliyat ko‘rsatyapti. Tojiddinov boks uslubi qanday bo‘lishi haqida batafsil ma'lumot ham berdi.

«Binolarning hammasi boks uslubida qurilgan deyilishi sababi — palatalarning har ikki tomonida eshigi bo‘ladi. Bir eshik tashqari hovli tomondan ochilgan, qabul bo‘limidan chiqqan bemor tez tibbiy yordam mashinasida shu eshik orqali palataga kiritiladi va davolashdan so‘ng olib chiqiladi. Ikkinchi eshik umumiy koridorga olib chiqadi va an'anaviy ko‘rinishdagi palataning eshigi bo‘ladi. U orqali faqat shifokor kirib chiqishi mumkin. Har ikki eshik orasida kichik masofadan so‘ng ikkilamchi eshik bo‘lib, biri yopilmay, ikkinchisi ochilmaydi», — dedi u.

Direktor Mirazimovning ta'kidlashicha, COVID-19 hali ko‘p o‘rganilmagan, ammo shu narsa aniqki, virusning virulentligi juda yuqori, boshqacha aytganda juda yuqumli virus.

«Shu tufayli, havodagi tomchi zarra orqali yuqishi muhim ahamiyatga ega. Zangiota kompleksida laminar havo almashinuv tizimi joriy etilgan. Havoni bunday shamollatadigan tizim Markaziy Osiyoda ham yo‘q. Bundan maqsad – bemor yotgan xonadagi havo doimo almashib turishi kerak. Xonaga esa gepafiltrdan o‘tgan havo kiradi. Shartli ravishda buni sterillangan havo deyish mumkin», — deya qo‘shimcha qildi u.

Umumiy davolanish bo‘limidagi xonalarga kirganimizda har bir yotoqda markazlashgan kislorod berish moslamalari mavjud ekaniga guvoh bo‘ldik. Shifoxona yaqinida murakkab tuzilmaga ega kislorod zavodi bor. U yerga kislorod uchta yo‘l bilan yetkaziladi: ballonlar orqali, suyuq holda va zavodning o‘zida tayyorlangan kisloroddan ham foydalaniladi.

Dori-darmon bilan kim ta'minlaydi?

«Biz dori-darmon bilan qanchalik ta'minlanganmiz? Ko‘pincha savollar uchrab turadi: bemorlar dori olib kelishi kerakmi? Yaqinlaridan dori so‘raladimi? Masalani quyidagicha tushuntiraman: bevosita koronavirusga qarshi qo‘llaniladigan dorilar bilan shifoxona to‘liq ta'minlangan», — deydi Zangiota-2 shifoxonasi direktori.

Shifoxona dorixonasi mudirasi Feruza Mamasiddiqova ham ushbu ma'lumotni tasdiqlab, bizni dorixona ombori bilan tanishtirdi. U yerda shahar dorixonalarida tanqis bo‘layotgan, narxi osmon qadar o‘sib ketgan virusga qarshi dorilar, xususan «Remdesivir», «Favipiravir» va «Kovipir» kabi virusga qarshi preparatlar ko‘p ekanligiga guvoh bo‘ldik.

Mamasiddiqovaning aytishicha, ijtimoiy tarmoqlarda ko‘p muhokama bo‘layotgan «Plakvenil» dori vositasi shifoxonada ishlatilmaydi.

Shifoxonaning Davolanish 1B bo‘limi mudiri Barno Musayevaning Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, bemor yoki uning yaqinlaridan koronavirusga qarshi ishlatiladigan dorilarni olib kelish so‘ralmaydi. Ammo bemorning yo‘ldosh kasalligi bo‘lsa, bemorda surunkali kasalliklar, noyob kasalliklar aniqlanib, ularga qarshi qo‘llaniladigan dorilarni qabul qilgan bo‘lsa, bularni davom ettirish tavsiya etilishi mumkin.

«Shifoxonada joy bor»

Bo‘limi mudiri Barno Musayevaning aytishicha, shifoxonaning qabul va diagnostika bo‘limida tegishli barcha tekshiruvlardan o‘tgan bemor zudlik bilan umumiy davolanish yoki reanimatsiya bo‘limiga qabul qilinadi.

«Bemorning tekshiruvi natijalari bo‘yicha tibbiy muolaja tarixi to‘ldiriladi. Bemor qabul bo‘limidan tez tibbiy yordam mashinasida bizning bo‘limga yuborilganda, u haqda barcha ma'lumotlar elektron tartibda kelib tushadi va tibbiy xodimlar bemor uchun xonani hozirlaydi», — deydi u.

Shifoxona tibbiy statistikasini yurituvchi mas'ul xodim Yahyo Ziyoyev shifoxonadagi joylar, bemorlar haqida so‘nggi ma'lumot beruvchi maxsus axborot portali haqida gapirib berdi.

«Real vaqtda davolash muassasasining A blokini tekshirib ko‘rsak, 101-xonada 2 nafar ayol bemor davolanmoqda va shu xonada bitta joy bo‘sh. Axborot portali orqali barcha ma'lumotlarni zudlik bilan tekshirib olish mumkin. Unga kirish huquqi nafaqat shifoxona xodimlari, balki shahar sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi, vazirlik xodimlarida ham mavjud. Shuningdek, portal bemorning kasallik darajasi va ahvoli haqida so‘nggi ma'lumotni beradi. Masalan, 26 oktabr kuni kechki soatga nisbatan bir bemorning oksiginatsiyasi 96 foizni tashkil etadi, nafas soni 20ta. Xullas, bemorning qanday dori qabul qilganidan tortib, davolash uchun zarur barcha ma'lumotlar shu yerda yig‘iladi», — deydi u.

Ta'kidlanishicha, shifoxona tashqarisida joylashtirilgan telefon orqali bemorning yaqinlari qabul va diagnostika bo‘limi bilan bog‘lanib, axborot portaliga kiritilgan bemor haqidagi so‘nggi ma'lumotlarni so‘rab olishi mumkin. Shuningdek, bemor bilan uning xonasida joylashgan telefon orqali suhbatlashadi.

Kun.uz jamoasi o‘lim statistikasining tuzilishi, mayitni olib ketishdagi qiyinchilik, reanimatsiya bo‘limida davolanayotgan og‘ir ahvoldagi bemorlar taqdiriga qiziqdi. Shifokorlar bemorni qabul qilib olishdan to reanimatsiyada davolash va saqlashgacha bo‘lgan zanjirda amalga oshiriladigan barcha harakatlarni ko‘rsatib berishga harakat qilishdi.

Maxsus reportajni YouTube orqali to‘liq tomosha qilishingiz mumkin.

Alisher Ro‘zioxunov tayyorladi.
Tasvirchi va montaj ustalari:
Otaxon Yusupov, Asad Allanazarov.

Mavzuga oid