Turkiyada qurilish qoidalariga rioya qilinmagani bo‘yicha norozilik kuchaymoqda – bu holat zilzila vaqtida ko‘plab binolar qulashiga olib kelgan. BBC yaqinda qurilgan binolar tabiiy ofat vaqtida qulab tushgani haqidagi ma’lumotlarni tekshirdi.
Malatyadagi uylardan birining qurilishi o‘tgan yili yakunlangan, ijtimoiy tarmoqlarda «bino eng so‘nggi zilzila xavfsizligi standartlariga muvofiq tarzda qurilgani» haqida e’lon berilgan.
E’londa shuningdek ishlatilgan barcha materiallar va bajarilgan ish sifati – «yuqori darajada» ekani qayd etilgan.
Hozirga kelib bu e’lon o‘chirib yuborilgan, ammo ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari undan skrinshotlar olishgan va videoni yuklab olib, uni internetga qayta joylashtirishgan. Skrinshotlardagi kadrlar kompaniya saytida e’lon qilingan boshqa e’lonlar uslubiga mos keladi.

Port shahar Iskandarunda ham yana bir ko‘p kvartirali uy qulagan.
Uning quruvchisi qurilish ishlari 2019 yilda yakunlangani ko‘rsatilgan tasvirni e’lon qilgan. BBC qulagan bino surati kompaniya tomonidan tarqatilgan kvartal reklamasidagi bino joylashuviga mos kelishini tasdiqlagan.
Nashr izoh olish uchun quruvchi kompaniya bilan bog‘langan, lekin javob ololmagan.

Boshqa bir kadrda Antakyada 2019 yilda qurilgan yana bir uy vayron bo‘lganini ko‘rish mumkin.
Nashr ushbu turar joy kompleksining 2019 yil noyabrida o‘tkazilgan ochilish marosimi aks etgan videoni topgan, unda qurilish kompaniyasi xo‘jayini shunday deydi: «Guklu Bog‘cha» loyihasi – joylashuvi va qurilish sifati jihatidan boshqalariga nisbatan o‘ziga xosliklarga egadir».
Ekspertlarning so‘zlariga ko‘ra, zilzila kuchli bo‘lganiga qaramay, barcha qurilish qoidalariga muvofiq qurilgan binolar joyida turishi kerak edi.

















