ACWA Power 2 ta shamol elektr stansiyasidagi 35 foiz ulushini sotdi
Saudiya kompaniyasi ACWA Power Buxoroda qurilayotgan Bash va Jankeldi shamol elektr stansiyalaridagi 35 foiz ulushini Xitoyning China Southern Power Grid International kompaniyasiga sotdi.
17 iyul kuni Toshkent shahrida Saudiya Arabistonining ACWA Power kompaniyasi Buxoro viloyati Peshku va G‘ijduvon tumanlarida qurilayotgan, har biri quvvati 500 Mvt bo‘lgan – Bash va Jankeldi shamol elektr stansiyalaridagi 35 foiz ulushini sotish to‘g‘risida Xitoyning China Southern Power Grid International kompaniyasi bilan bitim tuzdi.
Kompaniya matbuot xizmati xabariga ko‘ra, bitim yakuniga bag‘ishlangan tadbirda energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov, vazir o‘rinbosari Umid Madaminov, Saudiya Arabistonining O‘zbekistondagi elchisi o‘rinbosari Hamud Turki Almutairi, Energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish agentligi direktori o‘rinbosari Abdullajon Otaboyev, ACWA Power bosh direktori Marko Arcelli va CSG vitse-prezidenti Tang Yifeng qatnashgan.
Xabarda bitim qiymati ochiqlanmagan.
“Ushbu bitim O‘zbekistonda qayta tiklanadigan energetikani rivojlantirishda muhim bosqich bo‘ldi. Bu ACWA Power va China Southern Power Grid International o‘rtasida Markaziy Osiyoda qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanishga oid keng ko‘lamli loyiha bo‘yicha birinchi qo‘shma investitsiya bitimini ifodalaydi”, - deyiladi ACWA Power xabarida.
Bash va Jankeldi ShES haqida
Buxoroning ikki tumanida shamol elektr stansiyalarini qurish bo‘yicha prezident farmoni 2021 yilda imzolangan.
Bu ikki loyiha quvvati jami 1000 Mvtga teng bo‘lib, ACWA Power ularning qurilishini 2022 yilda boshlagan. Shamol elektr stansiyalari 2024 yilda foydalanishga topshirilishi kerak edi.
Saudiya Arabistonining ACWA Power kompaniyasi loyihani amalga oshirish uchun O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari kompaniyasi bilan 25 yillik shartnoma imzolagan. Shamol elektr stansiyalarini moliyalashtirish xalqaro moliya institutlari ko‘magida amalga oshirilyapti.
Qurilishi boshlangan vaqtda Bash va Jankeldida shamol tun-u kun esib turgani sabab to‘xtovsiz elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoni bo‘lishi ma’lum qilingandi. 1 GVt (1000 Mvt) quvvatga ega stansiyalar respublikada ishlab chiqarilayotgan 6,3 foiz elektr energiyasiga to‘g‘ri keladi.
Energetika vazirligi stansiyalar yiliga 3,6 milliard kWh elektr energiyasi ishlab chiqarishi, buning natijasida (yiliga) 1,1 mlrd kub tabiiy gaz iqtisod qilinishini ma’lum qilgandi. Shu bilan birga, shamol elektr stansiyalari 1 million xonadonni elektr energiyasi bilan ta’minlaydi.
ACWA Power kompaniyasi investitsiya loyihalarini amalga oshirish butun davri mobaynida shamol elektr stansiyasini loyihalashtirish, moliyalashtirish, qurish hamda ekspluatatsiya qilish, har bir investitsiya loyihasi bo‘yicha yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavf-xatarlarni o‘z zimmasiga olgan holda jami dastlabki baholash bo‘yicha 650 mln AQSh dollari miqdorida to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiya jalb etish majburiyatini olgan.
Bash va Jankeldi shamol elektr stansiyalari qurib bitkazilgach, Markaziy Osiyodagi qayta tiklanadigan energiya manbalari bo‘yicha yirik loyihalardan biriga aylanadi.
Mavzuga oid
07:50
Xitoy O‘zbekistonda shamol turbinalari uchun qanot ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda
22:39 / 04.11.2024
Xitoy Yevropa Ittifoqi bilan elektromobillar bo‘yicha «savdo urushiga» kirishdi
18:33 / 04.11.2024
Abdulla Aripov Shanxayda Xitoy bosh vaziri bilan uchrashuv o‘tkazdi
18:27 / 02.11.2024