O‘zbekiston | 21:09 / 29.03.2021
17168
5 daqiqa o‘qiladi

Bosh pulmonolog Nargiza Parpiyeva - silga oid vaziyat va tibbiyot koronavirusning yangi to‘lqiniga tayyorligi haqida

Respublika ixtisoslashtirilgan ftiziatriya va pulmonologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Nargiza Parpiyeva Kun.uz muxbiri bilan suhbatda pandemiyaning ikkinchi to‘lqini va respublikada sil kasalligiga oid vaziyat haqida to‘xtaldi.

– Nargiza Nusratovna, o‘tgan yili pandemiya avjiga chiqqan paytlarda aynan pulmonolog shifokorlar kurashning old qatorlarida bo‘lishdi. Hozir ham vaziyat jiddiylashmoqda. Shunday paytda hamkasblaringizni yana safarbar qilish masalasi ko‘rib chiqilyaptimi?

– Covid-19 infeksiyasi respublikamiz aholisi orasida tarqalgan muammoli vaziyatda shifokorlar tomonidan, shu jumladan, ftiziatr va pulmonologlarning ko‘rsatgan jasoratlariga butun xalqimiz guvoh bo‘ldi. Men ushbu mutaxassislar nomidan va'da berib aytamanki, davlatimiz ravnaqi uchun har qanday sharoitlarda ham shifokorlar o‘zlarining bor kuch-g‘ayratlarini faqatgina xalq farovonligi uchun yo‘naltiradilar.

Covid-19 infeksiyasining birinchi to‘lqini davrida shifokorlarimiz kerakli tajribaga ega bo‘ldilar, hozirgi vaqtda, agarda vaziyat jiddiylashadigan bo‘lsa, ushbu infeksiyaga qarshi kurashish tadbirlarining tashkillashtirilishida va yetuk mutaxassislar jalb qilinishida, o‘ylaymanki, muammolar bo‘lmaydi. Bizning mutaxassislarimiz har qanday sharoitda ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatishga doimo tayyor turadilar.

– Siz, birinchi navbatda, ftiziatr shifokorsiz va asosiy faoliyatingiz sil kasalligiga qarshi kurashdan iborat. O‘tgan bir yil davomida sil va Covid-19 kasalligi aralash kelgani bo‘yicha nechta holat qayd etildi? Bunday holatlar bo‘yicha tadqiqotlar o‘tkazilyaptimi?

– 2020 yil davomida bir vaqtning o‘zida sil va Covid-19 kasalliklari bilan kasallanganlar umumiy sil kasalligi bilan og‘rigan bemorlarning 1,5-2,0 foizini tashkil qilgan.

Hozirgi vaqtda ushbu kasalliklarni tashxislash, davolash tadbirlarini o‘rganish hamda zamonaviy davolash usullarni ishlab chiqish borasidagi 2021-2023 yillarga belgilangan ilmiy grantlar loyihalari ishlab chiqilgan va tasdiqlash uchun yuqori tashkilotlarga taqdim etilgan.

– Sil kasalligi bo‘yicha ko‘rsatkichlarimiz yaxshilanib borayotgani to‘g‘risida ma'lumotlar bor. Bugungi kunda maxsus shifoxonalar necha foizga band?

– Xaqiqatdan ham, oxirgi 10 yil davomida sil kasalligining 100 000 aholiga nisbatan kasallanish ko‘rsatkichi bir me'yorda kamayib bormoqda. Bu holat – prezident qarorlari bilan tasdiqlangan dasturlarning to‘laqonli bajarilishi, JSST va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda sil kasalligining oldini olish, tashxislash va davolash borasidagi zamonaviy, zamon talabiga javob beradigan yangi usullarni ishlab chiqish va amaliyotga tatbiq etish natijasidir.

Ayniqsa, sil kasalligining yengil turlari, sil mikobakteriyasini ajratmaydigan turi bilan kasallangan bemorlar ambulator davolashga o‘tkazilishi natijasida ftiziatriya tizimidagi tashkillashtirilgan o‘rinlar bosqichma-bosqich qisqartirilmoqda. Shuningdek, aholi orasida keng tarqalgan o‘pkaning nospetsifik turlari bilan kasallangan bemorlarga ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam takomillashtirish maqsadida hududlardagi ftiziatriya yo‘nalishi bo‘yicha bosh muassasalarimizda sil bo‘limlari o‘rniga tashxislash va pulmonologiya bo‘limlari tashkil etilmoqda.

2020 yil davomida ilk marotaba sil kasalligi aniqlangan bemorlar 100 000 aholiga nisbatan kasallanish ko‘rsatkichi 32,1 nafarni tashkil qilgan va 2019 yilga nisbatan 5,0 nafarga kamaygan. Bu holat bir tomondan, 2020 yil davomida amalga oshirilgan karantin va niqob taqish tizimi joriy qilinishi natijasi bo‘lsa, ikkinchi tomondan, ftiziatriya tizimidagi muassasalarga bemorlar murojaatlari sonining keskin kamayishidir.

– Fikringizcha, vaziyat og‘irlashsa, O‘zbekiston tibbiyoti yana o‘tgan yilgidek yuklamani ko‘tara oladimi?

– Albatta. Buning uchun tashkilotchilar va mutaxassislarning yetarli darajada tajribalari bor, kerakli asbob-uskunalar va dori-darmonlar zaxirasi shakllantirilgan.

Masalaning yana bir tomoni shundaki, o‘tgan yili bu kasallik biz uchun yangi bo‘lgan, uning patogenezi va kechishi haqida ma'lumotlar juda kam edi. Bugungi kunga kelib, biz bu borada katta ma'lumotlar bazasiga egamiz va kasallik bo‘yicha mamlakatimizning milliy protokollarini yaratganmiz. Kasallikni qanday davolash kerakligi bo‘yicha bilimlarimiz yetarli.

– Covid-19 ham asosan o‘pkada asorat qoldiryapti. Bugungi kunda bu kasallikni davolash usullari qay darajada takomillashtirib borilmoqda?

– Covid-19 nafaqat o‘pkada, balki yurak-tomir, markaziy nerv tizimlarida, jigar va buyraklarda ham o‘zgarish qoldiradi. Shuning uchun bu infeksiyaning davosiga majmuaviy yondashiladi.

Covid-19 pandemiyasi boshlangandan beri bu kasallikni o‘rganish davomida davolar takomillashtirib borildi, dunyo tajribasi, JSST tavsiyalari o‘rganildi va O‘zbekiston sharoitiga moslashtirildi. G‘urur bilan ayta olamanki, o‘zbekistonlik shifokorlar Covid-19 pandemiyasini yengishda yetarli bilimga, tajriba va mahoratga egadirlar. Hozirgi kunlarda esa bu infeksiyaga qarshi vaksinani qo‘llash yanada katta ahamiyatga ega.

Abror Zohidov suhbatlashdi.

Mavzuga oid