Toshkent shahri Shayxontohur tumanidagi 59-maktabning 11-sinf o‘quvchisida sil kasalligi aniqlangan. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lum qildi.
O‘quvchi qiz 2024 yil 26 dekabrda Toshkent shahar 3-sonli ftiziatriya dispanseriga murojaat qilgan.
“Bemor opasining so‘zlariga ko‘ra, singlisi so‘nggi oylarda tez-tez betob bo‘lgan. Davolanish uchun faqat xususiy klinikaga murojaat qilgan. Oxirgi marta LOR-shifokor ko‘rigidan keyin 3-son ftiziatriya dispanseriga yuborilgan”, – deyiladi vazirlik xabarida.
Aniqlanishicha, dispanserda o‘tkazilgan rentgenografiya tekshiruvida qizga “O‘ng o‘pka yuqori bo‘lagi yallig‘langan sili, yemirilish davri, BK +” tashxisi qo‘yilgan va u Toshkent shahar bolalar sil kasalliklari shifoxonasiga yotqizilgan.
Vazirlik o‘quvchi qiz bilan uyda muloqotda bo‘lgan 6 kishi (2 nafari 6 yoshgacha bolalar) 2024 yil 27 dekabrda 3-son ftiziatriya dispanserida rentgen tekshiruvidan o‘tkazilgani va ularda faol sil kasalligi aniqlanmaganini ma’lum qilgan.
Bemor bilan muloqotda bo‘lgan va kasallik yuqtirish xavfi mavjud 59- maktabning, shuningdek, bemor qo‘shimcha darsga qatnagan xususiy o‘quv maktab o‘quvchilari va o‘qituvchilari Sanitariya epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi Toshkent shahar boshqarmasi nazorati ostida 3-son ftiziatriya dispanserida rentgenografiya va diaskin test tekshiruvlaridan o‘tkazilgan.
Tekshiruvlarda qizning yaqin dugonasi bo‘lgan sinfdoshida ham sil aniqlanib, shifoxonaga yotqizilgan. Bundan tashqari, 3 nafar o‘quvchi va 1 nafar o‘qituvchida kasallikka moyillik aniqlangani sababli profilaktik davo muolajalari boshlangan.
Holat bo‘yicha 59-maktab direktoriga nisbatan Sanepid Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.
Ma’lumot uchun, hozir 59-maktabda kapital rekonstruksiya ishlari olib borilayotgani sabab bu maktabning boshlang‘ich sinf o‘quvchilari 115-umumta’lim maktabida, yuqori sinf o‘quvchilari esa tumandagi 82-sonli umumta’lim maktabida o‘qishni davom ettiryapti.
SSVga ko‘ra, 2025 yilning 21 yanvarida 82-sonli umumta’lim maktabida takroriy zararsizlantirish va dimlash tadbirlari, 2025 yil 22 yanvar kuni esa yalpi tozalash va shamollatish tadbirlari o‘tkazilgan. 115-maktabda esa zararsizlantirish 23 yanvarida tashkil qilingan.







