Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tramp: Venesuela AQShga 30–50 mln barrel neft yetkazib beradi
Venesuelada o‘tkazilgan harbiy operatsiyadan atigi bir necha kun o‘tib, Oq uy rahbari Donald Tramp mamlakatning o‘tish davridagi hokimiyati AQShga 30–50 million barrel yuqori sifatli neft yetkazib berishini ma’lum qildi.
Foto: AP
Venesuelaning o‘tish davridagi hokimiyati AQShga 30–50 million barrel “yuqori sifatli, sanksiyalar ostidagi neft” yetkazib beradi. Bu haqda AQSh prezidenti Donald Tramp o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida 7 yanvar, chorshanba kuni ma’lum qildi — bu AQSh Venesuela rahbari Nikolas Maduroni qo‘lga olish maqsadida o‘tkazgan harbiy operatsiyasidan bor-yo‘g‘i bir necha kun o‘tganidan keyin sodir bo‘ldi.
“Ushbu neft bozor narxida sotiladi va pullar Venesuela xalqi hamda Qo‘shma Shtatlar manfaatiga xizmat qilishiga kafolat berish uchun men — AQSh prezidenti sifatida ularni nazorat qilaman”, — deb yozdi Amerika rahbari. Trampning so‘zlariga ko‘ra, u AQSh energetika vaziri Kris Raytga “ushbu rejani darhol amalga oshirish” topshirig‘ini bergan. Uning postiga binoan, Venesuela nefti kemalar-omborlar orqali olib ketiladi va to‘g‘ridan to‘g‘ri AQShdagi tushirish pirslariga yetkaziladi.
“Gap katta pullar haqida ketyapti”, — deb qayd etadi dpa agentligi. Oxirgi oylar davomida Donald Tramp Karakas hokimiyatini Venesueladan AQShga narkotrafikka ko‘maklashishda ayblab kelgan va bu orqali Qo‘shma Shtatlar hamda uning fuqarolarining milliy xavfsizligiga tahdid solayotganini aytgan. O‘z navbatida Venesuela Vashingtonni uning tabiiy resurslarini qo‘lga kiritish istagida ayblagan.
Venesuela hududidagi neft zaxiralari dunyodagi eng yirik aniqlangan zaxiralar hisoblanadi. 2005 yilgacha bu mamlakat AQSh uchun neftning eng yirik yetkazib beruvchisi bo‘lgan. Biroq vaziyat tubdan o‘zgardi: 2007 yilda Venesuelaning o‘sha paytdagi rahbari Ugo Chaves sanoatni milliylashtirishni amalga oshirib, shu jumladan, mamlakatda ishlayotgan Amerika kompaniyalariga tegishli mulklarni ham musodara qilgan.
3 yanvar kuni tungi payt Venesuelada amerikalik harbiylar tomonidan o‘tkazilgan harbiy operatsiyadan so‘ng Tramp AQSh kompaniyalari “mamlakatga kelib, milliardlab dollar sarflaydi va vayron bo‘lgan infratuzilmani tiklaydi”, deb ma’lum qilgan.
Shu orada Venesuelaning vaqtinchalik prezidenti Delsi Rodriges 6 yanvar kuni televideniye orqali qilgan murojaatida Nikolas Maduro AQSh tomonidan qo‘lga olinganidan keyin Venesuela “tashqaridan boshqarilyapti” degan da’volarni rad etdi. “Mamlakatimizni Venesuela hukumati boshqaradi, boshqa hech kim emas. Venesuelani boshqaradigan hech qanday xorijiy aktor yo‘q”, — deb ta’kidladi u.
Rodriges, shuningdek, AQSh harbiy operatsiyasi qurbonlari xotirasiga mamlakatda yetti kunlik motam e’lon qilinganini bildirdi. Venesuela hokimiyati ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu operatsiya davomida 24 nafar venesuelalik harbiy xizmatchi halok bo‘lgan. Ilgariroq Gavana Venesuelada xavfsizlikni ta’minlash sohasida xizmat qilgan 32 nafar kubalikning halok bo‘lganini ma’lum qilgan edi.