O‘zbekiston | 17:51 / 24.12.2022
10460
3 daqiqa o‘qiladi

Andijon viloyatida dual ta’lim tizimi samarali yo‘lga qo‘yildi

Andijon viloyati o‘rta maxsus kasb-hunar ta’limi boshqarmasi tasarrufidagi 68 ta professional ta’lim muassasalarida o‘quvchilarni o‘z kasbining yetuk ustasi va zamonaviy texnika vositalari bilan ishlay olish ko‘nikmalariga ega bo‘lishlarini ta’minlash maqsadida “Nazariyot va amaliyot bir maskanda” ta’lim tizimi yo‘lga qo‘yildi.

Unga asosan viloyatda faoliyat ko‘rsatayotgan professional ta’lim muassasalarining 14 076 nafar o‘quvchilari dual ta’lim tizimida ta’lim olishlari uchun 249 ta yirik sanoat korxonalari, ish beruvchi tashkilotlar va muassasalarga biriktirildi hamda ular bilan ikki tomonlama shartnomalar tuzildi.

Ular ushbu korxona va tashkilotlarda ham o‘qib, xam ishlab chiqarish jarayonlarida bevosita ishtirok etishlari uchun har bir tashkilot va korxonada 2 tadan o‘quv sinflari tashkil etildi.

Shu bilan birga o‘quvchilarning ishlab chiqarish jarayonidagi ishtiroki va ular tomonidan tayyorlangan mahsulotlar hamda ko‘rsatilgan xizmatlar uchun haq to‘lash yo‘lga qo‘yildi.

Bugungi kunda 48 ta yengil sanoat korxonasiga 2 686 nafar, 58 ta sanoat sohasidagi korxonalarga 1 720 nafar, 48 ta xizmat ko‘rsatish korxonasiga 1 499 nafar, 10 ta qurilish tashkilotiga 409 nafar, 14 ta qishloq xo‘jalik tashkilotlariga 591 nafar, 26 ta tibbiyot muassasasiga 5 481 nafar, 23 ta ta’lim tashkilotiga 1 381 nafar hamda 22 ta boshqa turdagi tashkilotlarga 309 nafar o‘quvchi yoshlar biriktirilgan.

Bugungi kunda viloyatda o‘zining salmoqli o‘rniga ega bo‘lgan yetakchi korxona va tashkilotlar - “DINAR GROUP” MChJ, “The Best Impeks Textile”, “Asaka Textile”, " WBM textile group" MChJ, "AND GOLD" MChJ, “Kxantex GROUP”, MChJ kabi tikuv, to‘quv va trikotaj korxonalari, "Uz Dong Yang Co", “UZ TONG HONG CO”, “Uz Coram Co”, “Uz Hanwoo”, “Uz Erae Climat Control”, "Uz Koje" sanoat korxonalari hamda “UZ AUTO MOTORS” avtomobil zavodida o‘quvchi yoshlar ta’lim olish bilan birga o‘z malaka va ko‘nikmalarini shakllantirmoqda.

Yangi tashkil etilgan dual ta’lim tizimi yoshlarga ta’lim olishlari va nazariy bilimlarni amaliyotda qo‘llay bilishlari hamda mablag‘ ishlab topishlari uchun katta imkoniyat bo‘lmoqda.

Hozirda ushbu tizimda o‘quvchi yoshlar nazariy bilimlarini amaliyotda mustahkamlash bilan birga 800 ming so‘mdan 2,5 mln so‘mgacha oylik maosh olib, oila budjetiga salmoqli hissa qo‘shmoqdalar.       

 Reklama

Mavzuga oid