Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Ona, tinchmisiz?» – Urushga yuborilayotgan o‘zbek migrantlarini kim qutqaradi?
Rossiya-Ukraina urushi boshlanishi ortidan o‘n minglab migrantlar urushga jalb qilindi. Ular, huquqlari eng kam ta’minlangan qatlam o‘laroq turli ayblar bilan qamoqqa olinib, bosim ostida urushga majburan yuborilmoqda. Tahririyatga murojaat qilgan onalar farzandlari musofir yurtda qanday qilib tuzoqqa tushib qolgani, ularning Rossiya qamoqxonalaridagi azoblari haqida so‘zlab berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ayni paytda Rossiya Federatsiyasining turli nuqtalaridagi qamoqxonalarda minglab o‘zbekistonlik yoshlar jazo muddatini o‘tamoqda. Ozodlikdan mahrum etilgan yoshlarning aksariyati 18 — 35 yoshda. Qamoqxonadagi o‘zbek muhojirlari mahkumlarning Rossiya tomonida turib Ukrainadagi janglarga olib ketishayotgani haqida ota-onalariga telefon qilib aytishgan. Sinovli kunlarni boshidan kechirayotgan ota-onalar farzandlarining qamoqxonalarda ming azobda jazo o‘tayotgani, ular qiyin sharoitda ushlab turilayotgani haqida so‘zlab berishdi:
Navqiron yigitlarimiz tutqunlikda
“Bir necha ming ota-onalar shu kunlarda sinovli kunlarni boshdan kechiryapmiz. Farzandlarimizni musofir yurtda tuhmat bilan qamoqxonaga tiqishdi. Ular yordamga muhtoj. O‘zbekiston fuqarolari, bo‘z yigitlar 18 yoshdan 35 yoshgacha bo‘lgan navqiron, elimizga, yurtimizga manfaati tegadigan, yordami tegadigan yoshlar hozir asirlikda, qamoqda, tutqunlikda, chorasizlikda o‘tirishibdi. Tashqi ishlar vazirligi, Bosh prokuraturaga boryapmiz. Lekin natija yo‘q. Agar qonunda jazo muddatini o‘tayotgan joyidan qaytarib olib kelishning iloji bo‘lmasa, iltimos qilardik, bolalarimizni urush o‘chog‘iga olib ketishmasin. Qamoqxonada kuchli psixologik bosim ta’sirida ko‘p yigitlar o‘z jonini qurbon qilyapti. Rossiya-Ukraina o‘zaro jang qilayotgan bo‘lsa o‘zbek farzandlarining bunga nima aloqasi bor? Nega Rossiya Federatsiyasi bolalarimizni bu urushga olib borib, qurbon qilyapti. Mina maydonlariga qo‘yib yuboryapti. Mening o‘g‘lim urushda emas. Lekin u qamoqxonada. Kafolat bermayman o‘g‘lim urushga bormaydi deb. Chunki juda ko‘p yigitlar ketib qolyapti. Ko‘plari dom-daraksiz yo‘qolib ketyapti. Kimlarningdir o‘ligini olib kelishyapti tobutga solib.
Farzandi qamalab qolgan 7 000 ota-onani bilaman. WhatsApp, Telegram guruhlarda hammamiz birlashib muhokama qilamiz, yordam izlaymiz. Bir-birimizga dalda bo‘lamiz. Bizning boquvchilarimiz shu yoqda. Ko‘pchilik yolg‘iz onalar. Qancha foyda keltiradi shu bolalar O‘zbekistonga? Shu paytgacha foyda keltirgan. Nahotki ularni qaytarishning iloji yo‘q?! Uyqumizda halovat yo‘q, yegan-ichganda halovat yo‘q. Har kuni Toshkent kezamiz. Qaysi eshikni taqillatsak, qaysi biri bizga ochar ekan, kim eshitar ekan bizni deb sog‘ligimizdan ham ayrildik”, deydi hukumatdan najot kutayotgan onalardan biri.
O‘g‘lim oliy ma’lumotli edi
“O‘g‘lim judayam sodda, oliy ma’lumotli edi. Chol-kampir tez-tez davolanib turamiz. O‘g‘lim ish topa olmaganidan 2023 yil 8 yanvar kuni Rossiyaga chiqib ketdi. Uylangan, ikkita farzandi bor. Ishlab yurdi, borib hujjat masalasini hal qilgandir, biletini pulini uzgandir, deb uch, to‘rt oy pul so‘ramadik. Oltinchi oyga o‘tganda kasal bo‘lib shifoxonada yotdim. “Bolam qayt, yaramayapman, shu yerda topganingga qanoat qilib yashaymiz. Uy ishlariga ham yaramayapman, yolg‘izlik qilib, xotining ketib qolgan”, dedim.
Hech qancha o‘tmay otasining oyog‘ini operatsiya qilishga to‘g‘ri keldi. “Qaytgin, yordaming kerak”, desak, “Xo‘p, qaytaman, yana ozgina qoldi, ishlab olay”, dedi. 11 oy davomida 2 500 dollar pul yubordi. “Otamni davolatinglar, onajon, operatsiyani men borganda qildiramiz”, dedi. “Yana ozroq ishlab olay, endi ishim yurishyapti”, dediyu shu bilan aloqaga chiqmay qoldi. Xavotirlana boshladim. Kunora video qilib gaplashib turgan bola birdan yo‘q bo‘lib qoldi. Qarz olib, o‘g‘limni izlab Rossiyaga ketdim. IIBda bolam qayerdaligini topib berishdi. U qamalib qolgan ekan. Borib bolamni ko‘rib, 40 kun turib, hech narsaga erisha olmadim. Pulsiz borganman. Kimlarningdir yordami bilan amallab qaytib keldim. Yana ahvolim yomonlashib, yana shifoxonaga tushdim.
Davlat qo‘ygan advokatning nomeri bor edi. O‘sha orqali bilib turdim. Bolam 228-modda, to‘rtinchi qism bilan ayblangan ekan. 2024 yil oktyabrda sudi bo‘ldi. Yana qarz olib ketdim Rossiyaga. Sudida qatnashdim.
O‘g‘lim Rossiyada ijaraga mashina olib elektr jihozlari “dostavka”sida ishlayapman, degan edi. Menga hatto ishlayotgan joyidagi o‘sha olib borib tushirgan kabellarini ham jo‘natib qo‘ygan videolari bor. Bolam endi men qanday ota-onamni ko‘ziga qarayman deb o‘ziga necha marta tan jarohati yetkazib o‘ldirmoqchi ham bo‘libdi. O‘sha yerda bo‘layotgan qiyinchiliklarni ham gapirmayapti. Yonida o‘tirganlar orqali menga yetib kelyapti. Guruch qaynatib beryapti ekan, na tuzi bor, na yog‘i bor. Kartoshka qaynatib beryapti ekan, na tuzi bor, na yog‘i bor.
O‘g‘lim bilan har zamon telefonda gaplashib turibmiz. “Yaxshiman”, deydi. Lekin yig‘laydi. O‘tgan yakshanba kuni telefon qilib yig‘ladi. “Nega yig‘layapsan, qiynalyapsanmi?” desam, qo‘yib qo‘ydi telefonni.
Bolamning tishi to‘kilib ketgan. Buning sababini so‘rasam turma nazoratchilari o‘g‘lingni o‘zi tishini sug‘urib oldi dedi. Qanday qilib inson o‘zini tishlarini sug‘urib oladi?
Bolalarimiz Rossiyada “podstava” bilan tushyapti. Men iltimos qilar edimki, yoshlarimiz o‘zimizning yurtimizda g‘isht quyib bo‘lsa ham tirikchilik qilsin. Bormasin u yurtlarga, bizga o‘xshagan onalar ko‘paymasin. Qancha onalar farzand dog‘ida ado bo‘lyapmiz. Qamoqdagi ruhiy qiynoqdan keyin urushga ketishga ham rozi bilan o‘lib ketishyapti”, deydi farzandi qamalib qolgan onalardan yana biri.
Yolg‘iz onaman, ikki o‘g‘lim qamoqda...
“Yolg‘iz onaman. Bu dunyoda ikki o‘g‘limdan boshqa yaqinim yo‘q. Katta o‘g‘limni uylantirgan edim, o‘g‘lim qamalib qolganidan keyin kelin ham nevaramni olib ham ketib qoldi.
Ikki farzandim umri bino bo‘lib, sigaret, nos chekkan bolalar emas. Hayronman, qanday qilib 228-moddaga aralashib qoldi ular?! O‘g‘illarim telegram gruppasida Tomskdan kurerlik ishi bo‘yicha reklamani ko‘rib ish topishgan ekan. Mashinada ikki aka-uka kurerlik qila boshlashgan. “Bir narsani bir joydan olib borib berasan”, deb ularga lokatsiyasini tashlaganda, borishganida IIB xodimlari ushlashgan. Ular yetkazgan buyumlar ichida narkotik moddasi bo‘lgan ekan. Shunday qilib o‘zlari ham bilmagan holatda tuhmat bilan qamoqqa tushib qolishdi.
15 kunda ikki daqiqa ovozlarini eshitaman. O‘shanda ham, “Ona, tinchmisiz? Mabodo ozgina pul chiqara olasizmi, kartoshka, piyoz olib, ovqat qilib yesak, ichlarimiz shilinib ketyapti”, deydi. Bu yerda majburlikdan ko‘pchilik urushga ketib qolyapti, ona”, deydi. Endi bolalarim juda ko‘p qiyinchilik ko‘rgani uchun sabrli, chidamli. Ovozidan sezaman ular qanday qiyin holatdaligini, gapidan sezaman. Chunki ular ancha-muncha narsani meni avaylab aytishmaydi. Pul so‘raganidan bilaman ularning holatini. Yuvindi ovqat yeyishganidan pul jo‘natsam shu pulga o‘zlari ovqat tayyorlab yeyishar ekan.
Kichkina o‘g‘lim endi 20 yoshga kirdi. Kollejni tugatib, qo‘liga diplomini olib ishlagani ketgan edi.
Jabrdiyda onalar bir-birimizga dalda bo‘lib, telegramda guruh ochib olganmiz. Kunora “Farzandim urushga ketib qoldi”, deb dodlab yozishadi. “Farzandimning urushdan o‘ligi keldi”, deb yana biri dodlaydi.
Farzandlarining o‘lganini bilmagan onalar qancha? Son-sanog‘i yo‘q. Ikki o‘g‘limni qiynalib boqqanman-da, qiyinchilikda. Eng alam qilgani, ota mehrini ko‘rmagan ular. “Ona, biz ham yaxshi yashaymiz, odamlarga o‘xshab, endi xursand bo‘lib, kulib yuring, ona. Bo‘ldi, endi mazza qilib uyda o‘tiring, biz boqamiz”, degan paytda qamalib qoldi o‘g‘illarim. Ikki bolam soppa-sog‘ kirib kelsa, armonim yo‘q. Shu farzandlarimni ko‘zlarim ko‘rsin, deyman-da.
Qamalib qolgan yigitlarning hech kimga keragi bo‘lmasa. Qamoqda ruhiy bosim bo‘lganidan keyin jonidan to‘yyapti, majbur bo‘lyapti urushga ketishga. “Bu kunimdan ko‘ra borib bitta o‘q yeb o‘lganim yaxshi”, deb majburlikdan ketishyapti”, deydi ikki o‘g‘li qamalib qolgan onalardan yana biri.
Sarvar Ziyoyev,
Kun.uz
Operator va montajchi – Sardor Mamirov.
Mavzuga oid
22:54 / 24.12.2025
Rossiya Ukraina bo‘yicha 20 banddan iborat tinchlik rejasini rad etdi
22:34 / 24.12.2025
Moskva aeroportlarida biometriya topshirgan migrantlarning 10 foizi Rossiyaga kiritilmadi
22:07 / 24.12.2025
Mindichning daragi chiqdi. U Ukrainaga qaytmoqchi emas
19:43 / 24.12.2025