Jahon | 16:50 / 15.10.2025
2163
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada chet el SIM-kartalarida internet va SMS xizmati ishlamayapti

Rossiya aloqa operatorlari 6 oktyabrdan xalqaro roumingda bo‘lgan foydalanuvchilar uchun mobil internet va SMS xizmatlarini vaqtincha chekladi. Bu Ukraina dronlarining Rossiya hududlariga hujumlari ortidan joriy etilgan cheklovlar sabab ro‘y bermoqda. Cheklovlar Rossiyada bo‘lib turgan O‘zbekiston mobil operatorlari abonentlariga ham ta’sir qilmoqda.

Foto: Kommersant’

“Kommersant”ning yozishicha, Rossiyada rouming holatida bo‘lgan abonentlar hozircha faqat ovozli kiruvchi va chiquvchi qo‘ng‘iroqlardan foydalanishlari mumkin. Mobil internet va SMS xizmati vaqtincha ishlamayapti. Bu esa SMS orqali tasdiqlash kodini yuborishni talab qiladigan xizmatlardan, xususan, bank ilovalari va onlayn to‘lov tizimlaridan foydalanishni qiyinlashtirmoqda.

Mobile Review nashri ma’lumotiga ko‘ra, internet va SMS xizmatlaridan foydalanish imkonini qayta faollashtirish uchun 24 soat kutish davri (“sovitish vaqti”) joriy etilgan. Bu muddat foydalanuvchi telefoni Rossiya operatori tarmog‘ida qayd etilgan paytdan boshlab hisoblanadi.

Agar abonent mamlakat ichida harakatlanib, bir tarmoqdan boshqasiga ulanib tursa, hisob har safar boshqatdan boshlanadi. Natijada, foydalanuvchi tez-tez tarmoq almashtirsa, rouming umuman ishga tushmasligi mumkin.

Mutaxassislar roumingdagi abonentlarga qo‘lda bitta operator tarmog‘ini tanlab, unga ulanib olishni maslahat bermoqda. Bu usul hisobni qayta boshlanishidan saqlaydi va aloqa uzilmasligiga yordam beradi.

Ta’kidlanishicha, bu Ukraina dronlariga qarshi kurash va ularning navigatsiya imkoniyatlarini imkon qadar cheklash uchun qilinmoqda.

Mavzuga oid