O‘zbekiston | 09:00 / 15.09.2021
8003
8 daqiqa o‘qiladi
Reklama

O‘zbekistonda charm sanoati: yangi marra va maqsadlar sari

Bolalik va o‘smirlik yillarimizda haqiqiy charmdan qilingan poyabzal topish biroz mushkul edi. Boriniyam sifati haminqadar bo‘lardi. So‘nggi yillarda o‘zimizda ishlab chiqarilgan charm mahsulotlari juda keng tarqaldi. Narx, sifat va bejirimlik kabi omillar xaridorni qoniqtirib tursa, nega mahalliy mahsulotni olmaslik kerak? Bu safar shu soha ichida bevosita va bilvosita faoliyat yuritayotganlar bilan suhbatlashib, sohaning hoziri va istiqboli haqida fikrlashamiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

O‘zbekiston Prezidentining 2018 yil 3 maydagi 3693-sonli qaroriga muvofiq “O‘zbekcharmpoyabzali” uyushmasi negizida qayta tashkil etilgan “O‘zcharmsanoat” uyushmasi sohada faoliyat yuritib kelayotgan korxonalarga ishlab chiqarish va eksport qilishdagi turli masala va muammolarni bartaraf etishda amaliy yordam berib kelmoqda. Uyushma, shuningdek, charm sanoati sohasining istiqbolini belgilash hamda reja va maqsadlarni amalga oshirishda yetakchi tashkilot hisoblanadi.

Sohada ishlab chiqarilgan mahsulotlarning umumiy qiymati 2020 yilda 3,6 trillion so‘mni tashkil etib, 2019 yilga nisbatan 1,4 barobar o‘sish qayd etilgan. Charm mahsulotlarining respublika yalpi ichki mahsulotidagi ulushi 0,7 foiz, respublika sanoatidagi ulushi esa, 1,1 foizni tashkil qilgan. Charm mahsulotlarining eksport hajmi 2020 yilda 401 million AQSh dollariga teng bo‘lib, 2019 yilga nisbatan 2,1 barobar oshgan. Hozirda sohada yaratilgan ish o‘rinlari 39 mingtani tashkil qilmoqda.

“O‘zcharmsanoat” uyushmasi raisi Faxriddin Boboyev va boshqalar tashkilot faoliyati haqida so‘zlab berishdi.

Faxriddin Boboyev

“Bugungi kunda charm-poyabzal sohasini rivojlantirish, uni nafaqat O‘zbekiston, balki Markaziy Osiyoda, kerak bo‘lsa, dunyo miqyosida drayver sohalardan biriga aylantirish bo‘yicha prezidentimiz tomonidan aniq vazifa va topshiriqlar belgilab berilgan. Asosiy vazifalardan biri teri xomashyosi, mo‘yna, jun, qorako‘l mahsulotlarini chuqur qayta ishlab, qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratib, ulardan yuqori qo‘shilgan qiymatga ega, eksportbop, ichki va tashqi bozor uchun raqobatbardosh tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish kabi aniq vazifalar belgilab berilgan. Ikkinchi yo‘nalish esa, import o‘rnini bosuvchi xomashyo va mahsulotlar turini ko‘paytirish va bu borada ham eksport salohiyatini oshirishdir. Yuqoridagi vazifalarni bajarish uchun Investitsiya va tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda “Charm-poyabzal sohasini 2022-2026 yillarda rivojlantirish va iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish yo‘nalishlari dasturi”ni ishlab chiqdik. Dasturda 2022-2026 yillarda sohani isloh qilish yo‘nalishlari belgilandi, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning turlarini ko‘paytirish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, sanoat kooperatsiyasi aloqalarini kengaytirish, investitsiya, eksport, sohani raqamlashtirish masalalari qamrab olingan”, - deydi “O‘zcharmsanoat” uyushmasi raisi Faxriddin Boboyev.

Adhamjon Mo‘ydinov

Uyushma raisi o‘rinbosari Adhamjon Mo‘ydinov ham yuqoridagi fikrlarga qo‘shimcha sifatida quyidagilarni gapirib berdi: “Oldimizga qo‘ygan maqsadlarimiz ko‘p. Jumladan, tashqi bozorlarga, xususan, Yevropaga ko‘proq kirib borish va joriy yilda O‘zbekiston qo‘shilgan GSP+ preferensiyalar tizimi imkoniyatlaridan to‘liq foydalanish. Qolaversa, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar tannarxini kamaytirish, tovar bozorlarida barcha ishlab chiqaruvchilar uchun teng va raqobatbardosh muhit yaratish, mahalliy korxonalarning milliy brendlarini yaratish hamda o‘sha milliy brendlarni xorijiy bozorlarda qo‘llab-quvvatlash, shu bilan birga sohada kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish, quyi va o‘rta bo‘g‘in xodimlarining malakasini oshirish, mutaxassislar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirishni oldimizga vazifa qilib qo‘yganmiz”.

“O‘zcharmsanoat” uyushmasi mutasaddilari bilan uchrashuv mobaynida Chirchiqdagi “Leather Apparels” QK MChJ ta'sischisi, hindistonlik sarmoyador Mitesh Verma bilan ham qisqa suhbat uyushtirdik.

Mitesh Verma

“2018 yilda bosh vazir o‘rinbosari Behzod Musayev va uyushma rahbari Sardor Umrzoqovlar boshliq delegatsiya Hindistonga borganida ular bilan elchixonada uchrashdik. Ular menga O‘zbekistonda biznes qilish manfaatlari haqida so‘zlab berishdi. Ular aytgan manfaatlar, hukumatning qo‘llab-quvvatlashi va yangi ish o‘rinlari yaratish juda jozibador ko‘rindi. O‘shandan buyon O‘zbekistonga bir necha bor keldim va bu bozorning salohiyati juda katta ekaniga amin bo‘ldim. Chunki bu yerda xom terini aytmasa, tayyor charm mahsulotlari ishlab chiqaradigan korxonalar unchalik ko‘p emas. Tasavvur qiling, xom terini 2-2,5 dollarga sotasiz. Bu tabiiy boylikni havoga sovurish axir. Buni Sardor O‘ktamovichga tushuntirdim va u hamda hozirgi rais janob Boboyev menga ko‘p yordam berdi. Ular menga Chirchiqdan mahalliy hamkor topib berishdi. Men charmdan kiyim ishlab chiqarishni reja qilyapman. Bunaqa korxona O‘zbekistonda yo‘q. Biz mahalliy hamkorlar ko‘magida 5 ta korxona ochishni ko‘zlab turibmiz. Masalan, bitta kiyim 70-75 dollarga sotiladi, bu 5-5,5 ta teri degani. Teri holida sotsangiz 10-12 dollarga sotasiz. Undan tashqari, qancha odam ish bilan ta'minlanishini tasavvur qilib ko‘ring-a? Terini oshlashdan tortib, uni tayyor mahsulot holiga keltirish va eksport qilish zanjirida 7 bosqichdan o‘tiladi.

Hukumatning ko‘magisiz loyihalarimizni amalga oshirolmaymiz. 2022 yil oxiriga qadar 500 ish o‘rni yaratmoqchimiz”, - dedi u.

Uyushma vakillari bilan suhbatlashgach, bizda hududlardagi charm-poyabzal korxonalariga borish istagi tug‘ildi.

Avgust oyida Prezident Shavkat Mirziyoyevning tadbirkorlar bilan uchrashuvida “Eng yaxshi eksportchi korxona” nominatsiyasiga sazovor bo‘lgan “Ravon Taraqqiyot Orzusi” MChJ korxonasi bizni ohanrabodek chorladi. Ijodiy jamoamiz bilan Andijonga otlanib, korxona faoliyati bilan bevosita tanishishga qaror qildik. Korxona rahbari Abduhoshim Ismoilov bizga mazkur korxona haqida so‘zlab berdi.

Abduhoshim Ismoilov

“Ish faoliyatimizni 2007 yilda 7 nafar ishchi bilan boshlaganmiz. Hozirda korxonamizda 1500 nafarga yaqin xodim ishlaydi. Avvaliga kalish mahsulotlari ishlab chiqargan bo‘lsak, bugunga kelib, ishlab chiqarayotgan mahsulotlarimiz soni 100dan oshdi. O‘tgan yili pandemiya bo‘lishiga qaramasdan, eksport hajmi 6 million dollardan oshdi va eksport geografiyamiz kengayib, hozirda 30 dan ortiq davlatga mahsulot sotyapmiz. Uch yil avval Prezidentimiz bergan tavsiyadan kelib chiqib, qo‘y yungini qayta ishlab, undan mato to‘qish liniyasini ishga tushirdik. Ilgari aynan shu xomashyoni import qilgan bo‘lsak, endi undan nafaqat o‘z ehtiyojlarimiz uchun foydalanyapmiz, balki ehtiyojimizdan ortig‘ini eksport ham qilyapmiz. Bu yildan mahsi va latin ishlab chiqarishni ham yo‘lga qo‘yib, qo‘shimcha 200-300 ish o‘rni yaratishni mo‘ljallaganmiz”, - deydi Abduhoshim Ismoilov.

Ijodiy jamoamiz bilan, shuningdek, Angren shahridagi “Angren Charm Invest”, Farg‘onaning Log‘on qishlog‘idagi “Vodiy Shoes”, Guliston shahridagi “Akbar Biznes Stroy” korxonalariga ham borib, ishlab chiqarish jarayonlari bilan bevosita tanishdik.

Biz ushbu soha bilan tanishish jarayonida kamera obektiviga tushirgan ishlarning barini bir ko‘rsatuvga sig‘dirish imkoni bo‘lmadi. Yaqin yillarda mazkur soha uyushma mutasaddilari aytganidek, sanoatimizning drayver sohalaridan biriga aylanadi deb umid qilamiz.

(+99871) 2079555

[email protected]

uzcharm.uz

Mavzuga oid