Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
65 yoshli “yigit”: yorqishloqlik ota hamon turnikda tortiladi
Chapdast otaxon Muhammadkarim ota Bo‘tayev Andijon viloyatining Jalaquduq tumanidan. U shu yoshida ham turnikda yaxshi tortila oladi, tosh ko‘taradi, erta tongdan uzoq masofaga yuguradi, jismoniy faollikni ushlab turish uchun daraxt uchigacha ham chiqib tushadi. Qishloqdoshlari otaxonga “Tarzan” deb nom qo‘yishgan. “5 qizim bor, ularni turmushga uzatganman, uyda chol-kampir bilan qolganmiz. Shu 5 qizim 10 ta o‘g‘ilning o‘rnini bosadi”, deydi qahramonimiz.
Muhammadkarim ota Bo‘tayev Jalaquduq tumanining chekka Qirg‘iziston bilan chegara hududida joylashgan Yorqishloq qishlog‘ida yashar ekan. Otaning harakatlari, jismoniy faolligi kishini hayratga soladi.



“65 yoshga kirdim, oddiy suvchi bo‘lib ishlayman. Kun bo‘yi dalada ekinlarga suv qo‘yib, boshqa qilib, kechqurun uyda sport bilan shug‘ullanaman. Turnikda tortilaman, vaqt topib albatta har kuni yuguraman, tosh ko‘taraman. Sigir boqaman, dehqonchilik qilaman, hayvonlarga mehrim bo‘lakcha.


Harakat qilgan odam kasal bo‘lmaydi. Hech bir ish qilmasdan yeb-ichib yotgan odam tezda qarib qoladi, kasallik ham tez ilashadi unga keyin. Men Xudoga shukur, tumov bo‘lib, belim, oyog‘im og‘rib qoldi, deb o‘tirmayman. Kasallikka bo‘yin egmayman. Yoshlikdan mehnatda, sportda chiniqqanman. Hozirgi qilayotgan ishlarimni ko‘rib atrofimdagi odamlar hayron qoladi. Inson sport bilan shug‘ullanishi, yugurib turishi kerak. Turnikda tortilib boks bilan mashg‘ul bo‘lish kerak. Shunda odam kasal ham bo‘lmaydi.

Sport bilan shug‘ullanib charchamayman. Masalan, 50 kg qopdagi yukni ko‘tarib olib bemalol yugurib ketaveraman. Kampirim bo‘ldi endi, yoshingiz o‘tdi, turnikda osilmang, og‘rib qolasiz, belingiz og‘rib qoladi, deyaveradi. Uning gaplariga quloq solmayman. Sport bilan shug‘ullanib qaytaga o‘zimni tetik his qilaman. Xudo xohlasa mana 70 yoshimda ham 40 yoshlik yigitdek olib yuraman o‘zimni, deb kampirimga maqtanib qo‘yaman-da.


Yoshligimda ham chaqqon, abjir, sho‘x bola bo‘lganman. Daraxtdan daraxtga sakrab o‘tib, daraxt uchidan yerga tushmasdim. Shuning uchun qishlog‘imizda meni “Tarzan” deyishadi.

Chorva boqib beshta singlim, undan keyin o‘zimning 5 qizlarimni ham chiqardim. 11 ta nevaram bor. Qizlarning barini chiqarib uyda hozir mana kampirim bilan ikkovimiz qoldik.

16 sotix tomorqamiz bor. Har yili ikki martadan hosil olamiz. Tomorqaga kartoshka, chesnok, pomidor ekamiz. Issiqxonamda 21 tup limon, bir tup mandarin bor. Chiqqan hosilning o‘zimizga kerakligini olib qolib, qolganini bozorga sotamiz. Ikki sigirim bor, yaqinda tug‘ib beradi yana ular. Ro‘zg‘or uchun guruch, go‘sht, yog‘ sotib olamiz xolos. Qolgan mahsulotlar o‘zimizdan chiqadi”, deydi 65 yoshli Muhammadkarim ota.
Sarvar Ziyoyev,
Sardor Mamirov,
Kun.uz
Mavzuga oid
15:01 / 17.12.2024
Andijonda fuqarolarning mashinalarini ijaraga olib, ularni yo‘q qilish bilan shug‘ullangan yirik uyushgan guruh ustidan sud boshlandi
13:56 / 28.11.2024
Andijonda sel oqizib ketgan ko‘prik aytilgan vaqtda bitkazilmadi. Yangi muddat – 1 aprelgacha
19:44 / 26.09.2024
“Odamlar qiynalyapti” - Andijonda sel oqizib ketgan ko‘prik qachon tiklanadi?
11:24 / 06.11.2023