O‘zbekiston | 18:54 / 04.03.2017
62011
4 daqiqa o‘qiladi

Kimlar O‘zbekistonda transportdan bepul foydalanish huquqini saqlab qoldi?

Idoraviy hujjatlarni amaldagi qonunchilikka muvofiqlashtirish maqsadida O‘zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi tomonidan “Shahar yo‘lovchilar transportida (taksidan tashqari) ayrim toifadagi fuqarolarga bepul yurish huquqini beruvchi yagona guvohnomalarni berish tartibi to‘g‘risidagi Nizom”ga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilib Adliya vazirligida 2017-yilning 15-fevralida 2434-1-raqam bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. 

O‘zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi matbuot xizmatining xabar berishicha, ushbu o‘zgarish va qo‘shimchalar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 22-fevraldagi PF-4782-son “Aholining hojatmand qatlamlarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash hamda tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni bilan Mehnat vazirligining ayrim masalalar bo‘yicha vakolatlari Moliya vazirligi huzuridagi byudjyetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga yuklatilganligi munosabati bilan kiritildi.

Shahar yo‘lovchi transportida bepul yurish huquqiga ega bulgan fuqarolar ro‘yxatini har yil yakuni bo‘yicha inventarizatsiya qilishda Shahar yo‘lovchi transportini boshqarish organlari tomonidan Pensiya jamg‘armasi va Mudofaa vazirligiga beriladigan ma'lumotlarni yagona shakliga keltirish maqsadida Nizom 4-ilova bilan to‘ldirildi. 

Ushbu ilova bilan nafaqa oluvchilarga shahar yo‘lovchilar transportida bepul yurish huquqi berilmagan. Shahar yo‘lovchi transportidan (taksidan tashqari) bepul foydalanish huquqiga ega bo‘lgan fuqarolarni toifalari o‘zgarmagan. 

O‘zbekiston Respublikasining “Shahar yo‘lovchilar transportidan bepul foydalanishni tartibga solish to‘g‘risida”gi qonuniga ko‘ra shahar yo‘lovchilar transportidan (taksidan tashqari) bepul foydalanish huquqiga faqat:

1941—1945 yillardagi urush qatnashchilari jumlasidan bo‘lmish harbiy xizmatchilar; 
1941—1945 yillardagi urush nogironlari va urushning I guruh nogironiga hamrohlik qiluvchi shaxs; 
1941—1945 yillardagi urush davrida front ortida fidokorona mehnati va benuqson harbiy xizmati uchun orden va medallar bilan taqdirlangan shaxslar; 

Afg‘oniston Respublikasida va boshqa mamlakatlarning hududidagi jangovar harakatlarda qatnashgan sobiq baynalminalchi jangchilar jumlasidan bo‘lmish fuqarolar;
haqiqiy muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan harbiy xizmatchilar va kontrakt bo‘yicha oddiy askarlar hamda serjantlar tarkibidagi harbiy xizmatchilar; 
Chernobil AES halokati oqibatida nurlanish kasalligiga chalingan va uni boshdan kechirgan shaxslar; 
ko‘zi ojiz nogironlar va ko‘zi ojiz nogironga hamrohlik qiluvchi shaxs egadir.

Ma'lumot tariqasida: shahar yo‘lovchilar transportidan (taksidan tashqari) bepul foydalanish huquqiga ega bo‘lgan shaxslar toifalarini o‘zgartirish faqat O‘zbekiston Respublikasining “Shahar yo‘lovchilar transportidan bepul foydalanishni tartibga solish to‘g‘risida”gi Qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish yo‘li bilan amalga oshirilishi mumkin.

Mavzuga oid