Jamiyat | 10:01 / 20.03.2019
26933
3 daqiqa o‘qiladi

Foto: Qashqadaryoda xalqaro ko‘pkari va milliy o‘yinlar musobaqalari o‘tkazildi

Qashqadaryo viloyati, Kitob tumanining tog‘ yon bag‘rida joylashgan, so‘lim "Qaynar" qishlog‘i hududida Navro‘z bayrami arafasida xalqaro ko‘pkari va milliy xalq o‘yinlari musobaqalari bo‘lib o‘tdi. Musobaqa doirasida milliy kurash, arqon tortish, tosh ko‘tarish, qo‘chqor, xo‘roz urishtirish kabi milliy xalq o‘yinlari ham o‘tkazildi.

Shu munosabat bilan yurtimiz polvonlari va mohir chavandozlari Kitob tumani Qaynar qishlog‘i yaqinidagi kengliklarda jam bo‘lishdi.

Maydonda or-nomus, g‘urur talashish polvonlarning qonida bor. O‘zbek yigiti bolaligidan bilagiga kuch, boshiga aql yig‘adi. Xalqimizda ot minishga, ko‘pkari tomosha qilishga qiziqmagan yigit kam bo‘lsa kerak.

Ko‘pkari oddiy ko‘ngilochar o‘yin emas, u erni er qiladigan, mardlik, jasurlik, epchillik va dovyuraklikni shakllantiradigan jiddiy mashg‘ulot. Asosiy masala sovringa qo‘yilgan qimmatbaho narsa emas, aksincha, bakovulning adolati, nomdor chavandozning abjirligi, haqiqat g‘alaba qozonishi, omad doim mardniki bo‘lishidir.

Ko‘pkari o‘yini ham murosasiz olishuvlarga boy bo‘ldi. Prezident sovrini uchun Markaziy Osiyo davlatlari, qo‘shni Afg‘oniston chavandozlari ham ot choptirgan ko‘pkarida shahrisabzlik Sirojiddin Jovliyev “Fonar” laqabli oti bilan g‘oliblikni qo‘lga kiritib, “Jentra” avtomobilini mukofot sifatida qabul qilib oldi.

Kurash musobaqasida esa g‘uzorlik  Sherali Jo‘rayev mutlaq vazn toifasida g‘olib chiqib, bosh sovrin - "Spark" avtomobilini qo‘lga kiritdi. Shuningdek, kurash bo‘yicha ayollar o‘rtasida ham g‘olib va sovrindorlar aniqlandi.

Musobaqada gilamga chiqib, g‘oliblikni qo‘lga kiritgan polvonlar ham, uloq ayirgan chavandozlar ham tuya, toy, qoramol, qimmatbaho maishiy texnika buyumlari va pul mukofotlari bilan rag‘batlantirildi.

Qaynar qishlog‘i yaqinidagi kengliklarda Navro‘z bayrami munosabati bilan ko‘pkari bilan birga kurash, chavgon, arqon tortish, qo‘chqor va xo‘roz urishtirish kabi o‘yinlar ham o‘tkazildi.

Shuningdek, bayramda milliy qo‘shiqlar ijro etildi, hunarmandchilik namunalari namoyish etildi. Milliy taomlar tayyorlandi.

Bardoshbek Samad o‘g‘li tayyorladi, 
Murodillo Komilov olgan suratlar.

Ғолиб Абдусаломов
Tayyorlagan Ғолиб Абдусаломов

Mavzuga oid