O‘zbekiston | 08:26 / 01.08.2020
25950
7 daqiqa o‘qiladi

Uy yonidagi qurilish qonuniyligini qanday tekshirish mumkin?

Derazadan ko‘rinadigan odatiy manzara – xiyobon, bolalar maydonchasi yoki futbol maydoni o‘rnini yangi binoning beton devori egallashiga hamma ham rozi bo‘lmasa kerak. Yaqin orada qurilish ishlari boshlansa, kamida ikki yil aziyat chekishingiz: ishlayotgan texnika shovqini tinchlik bermasligi, hamma yoq loyga, changga botishi, begona kishilarning ko‘payishi tayin. Shaharlarda "nuqtali qurilish" (ya'ni qurilish maydonida alohida qurilish) ishlari olib borilayotganiga qaramay, qonun hujjatlarida ushbu tushunchaga ta'rif berilmagan.

Fuqarolar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, basharti shaharsozlik faoliyati ularning manfaatlariga daxl etadigan bo‘lsa, shaharsozlik to‘g‘risidagi qonun hujjatlari buzilgan taqdirda binolar, inshootlar va boshqa obektlarning joylashtirilishi, loyihalashtirilishi, qurilishi, rekonstruksiyasi yoki foydalanishga topshirilishi to‘g‘risidagi qarorning ma'muriy yoki sud tartibida bekor qilinishini talab qilish huquqiga ega (Shaharsozlik kodeksining 10-moddasi).

Norma nashri qurilish qonuniyligini tekshirib ko‘rishga qaror qilgan bo‘lsangiz, ishni nimadan boshlash kerakligi haqida ma'lumot berdi.

Qurilish ishlarini olib borish uchun o‘rnatilgan belgilarni ko‘rsangiz, hududda qurilish pasporti bor-yo‘qligini tekshiring. U bilan tanishib chiqib, obekt haqida dastlabki axborotga ega bo‘lasiz. Qurilish ishlari boshlanguniga qadar uchastka chegaralarida loyiha ishlab chiquvchisi haqida, rejalashtirilayotgan qurilish va uning muddatlari haqida ma'lumotlar ko‘rsatilgan axborot stendi o‘rnatilmagan bo‘lsa, ma'lumot olish uchun uchastka inspektoriga yoki mahalla fuqarolar yig‘iniga murojaat qiling.

Ishingiz yanada samarali bo‘lishi uchun mahalla yig‘ini huzurida tashabbuskor fuqarolar guruhini tuzing. Tashabbuskor guruh va uning rahbarini saylash uchun umumiy yig‘ilish o‘tkazib, uning yakuniga ko‘ra bayonnoma rasmiylashtiring. Yig‘ilishda hozir bo‘lganlarning barchasi uni imzolashi kerak. Kelgusida tashabbuskor guruh o‘z vakillik organi – mahalla yig‘ini orqali barcha fuqarolar nomidan davlat organlariga murojaat qila oladi.

O‘zbekistonda binolar qurilishi davlat maqsadli dasturlari doirasida yoki yer uchastkasi auksion orqali sotib olinganidan keyin xususiy tartibda olib borilishi mumkin. Ikkala holatda ham quruvchida ruxsat beruvchi hujjatlar paketi bo‘lishi kerak.

Qurilishni boshlashdan oldin quruvchida bo‘lishi kerak bo‘lgan hujjatlar ro‘yxati:

I. Davlat maqsadli dasturlari doirasidagi qurilish

1. Shahar hokimining berilayotgan uchastka chegaralarining rejasi (sxemasi) ilova qilingan yer uchastkasi ajratish haqidagi qarori (28.01.2019 yildagi 63-son VMQga 2-ilova 28-bandi, Nizom).

Qarorda quyidagilar aks ettirilgan bo‘lishi kerak (Nizomning 28-bandi):

mahalliy davlat hokimiyati organining qarorida nazarda tutilgan obektni qurish shartlari;

yer uchastkasi kimga, qanday maqsadlarda va qanday muddatga (yer uchastkasi muayyan muddatga vaqtincha foydalanishga va ijaraga berilganda aniq muddat ko‘rsatiladi) beriladi, shuningdek, mavjud bo‘lgan taqdirda – olib qo‘yilayotgan (sotib olinayotgan) yer egalari, mulkdorlari, foydalanuvchilari va ijarachilarining nomi;

berilayotgan yer uchastkasining umumiy maydoni, yer turlari (mavjud bo‘lgan taqdirda), yer egalari, mulkdorlar, foydalanuvchilar va ijarachilar bo‘yicha;

yer uchastkalarining egalari, mulkdorlari, foydalanuvchilari va ijarachilariga qoplanishi kerak bo‘lgan zararlar (mavjud bo‘lgan taqdirda) miqdorlari va ularni qoplash muddatlari;

qishloq xo‘jaligi va o‘rmon xo‘jaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiliklari (mavjud bo‘lgan taqdirda) miqdorlari va ularni qoplash muddatlari;

yer uchastkasini rekultivatsiya qilish zarurati, yer uchastkasining u olib qo‘yilgan egalari, mulkdorlari, foydalanuvchilari va ijarachilariga qaytarish shartlari (mavjud bo‘lgan taqdirda);

tuproqning unumdor qatlamini olib tashlash zarurati (mavjud bo‘lgan taqdirda);

suv muhofazasi, ekologik, yong‘inga qarshi, sanitariya shartlari va talablari (zarurat bo‘lganda).

2. Quruvchining yer uchastkasiga bo‘lgan huquqi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgani haqida guvohlik beruvchi hujjat (Nizomning 38-bandi).

3. Ajratilgan uchastka chegaralarini joyida belgilash (Nizomning 36-bandi).

Kadastr xizmati, tuman (shahar) qurilish bo‘limi hamda «O‘zGAShKLITI» DUK yer uchastkasi chegaralarini naturada ko‘rsatadi, ya'ni uchastkani joyida belgilaydi.

4. Loyiha-smeta hujjatlari, ular shaharsozlik normalariga muvofiqligi va zilzilaga bardoshliligi bo‘yicha arxitektura xizmati, yong‘indan saqlash inspeksiyasi, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari uchun mas'ul bo‘lgan xizmatlar bilan kelishilgan bo‘lishi kerak (18.05.2018 yildagi 370-son VMQga 4-ilova).

II. Davlat dasturlariga kiritilmagan qurilish

1. «YERELEKTRON»dagi onlayn-auksion bayonnomasi, u yer uchastkasidan doimiy foydalanish huquqi sotib olinganidan dalolat berib, oldi-sotdi shartnomasi kuchiga ega bo‘ladi (20.12.2019 yildagi 1023-son VMQga 1-ilova 69-bandi, Qoidalar).

2. Quruvchining yer uchastkasiga bo‘lgan huquqi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligidan dalolat beruvchi hujjat (Qoidalarning 69-bandi).

3. Berilgan uchastka chegaralarini naturada belgilash (Qoidalarning 6-bandi). Kadastr xizmati, tuman (shahar) qurilish bo‘limi hamda «O‘zGAShKLITI» DUK yer uchastkasi chegaralarini naturada ko‘rsatadi, ya'ni uchastkani joyida belgilaydi.

4. Investitsiya majburiyatlarini bajarish uchun tarmoq jadvali (Qoidalarning 70-bandi).

5. Loyiha-smeta hujjatlari, ular shaharsozlik normalariga muvofiqligi va zilzilaga bardoshliligi bo‘yicha arxitektura xizmati, yong‘indan saqlash inspeksiyasi, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari uchun mas'ul bo‘lgan xizmatlar bilan kelishilgan bo‘lishi kerak (18.05.2018 yildagi 370-son VMQga 4-ilova).

Bundan tashqari, quruvchi ikkala holatda ham qurilish-montaj ishlarini boshlash to‘g‘risida xabarnoma yuborishi kerak. Xabarnoma kelib tushgach, qurilish sohasida nazorat bo‘yicha inspeksiya summa va bank rekvizitlari ko‘rsatilgan invoysni yuboradi (18.05.2018 yildagi 370-son VMQga 5-ilova).

E'tibor bering, mazkur hujjatlar ro‘yxati quruvchi uchun zarur, biroq bu uning to‘liq ekanini anglatmaydi. Qurilish ishlarining turi, maqsadi va yo‘nalishiga qarab hujjatlar ro‘yxatini to‘ldirishga haqli bo‘lgan talaygina idoraviy qonunosti hujjatlari mavjud.

Ayni paytda qanday davlat dasturlari amalga oshirilayotgani hech qayerda e'lon qilinmasligi, ushbu dasturlarda rejalashtirilgan qurilish obektlari ro‘yxati mavjud emasligi ham muammoni yuzaga keltirmoqda. Prezidentning topshirig‘i tez va aniq bajarilishiga umid qilamiz, ana shunda oddiy kishilar ham barcha qurilishlar, shu jumladan "nuqtali qurilish" haqida axborot olish imkoniga ega bo‘ladilar.

Yaqin orada har qanday shaxs qurilayotgan obektlar haqida barcha axborot bilan tanishib chiqish imkoniga ega bo‘ladi, boisi Prezident qurilish sohasi yanada shaffof bo‘lishi uchun uni raqamlashtirish haqida topshiriq berdi. Qurilish tashkilotlari va fuqarolarga istalgan paytda qurilish tartibi va shart-sharoitlari haqida to‘liq axborot olish imkonini beruvchi interaktiv tizim ishga tushiriladi.

Mavzuga oid