Jahon | 17:59 / 29.12.2025
4600
3 daqiqa o‘qiladi

Turkiyada 3 nafar politsiya xodimi IShIDga qarshi operatsiya chog‘ida halok bo‘ldi

Yalova shahrida Turkiya politsiyasi o‘tkazgan terrorizmga qarshi operatsiya otishmaga aylanib ketdi. Rasmiylarga ko‘ra, IShID bilan to‘qnashuvda kamida 6 nafar jangari va uch nafar politsiyachi halok bo‘lgan.

Foto: Reuters

Turkiya kuch tuzilmalari 29 dekabr – dushanba kuni Marmara dengizi sohilidagi Yalova shahridagi uylardan birida terrorizmga qarshi operatsiya o‘tkazdi. Ichki ishlar vaziri Ali Yerlikayaning ma’lum qilishicha, hujum chog‘ida kamida olti nafar IShID jangarilari o‘ldirildi.

Shuningdek, Yerlikaya – terrorchilar politsiyachilarga o‘t ochganidan so‘ng uch nafar politsiya xodimi ham halok bo‘lganini bildirdi. Yana sakkiz nafar politsiyachi va bir nafar xavfsizlik xodimi ham yaralangan.

Operatsiyada halok bo‘lgan politsiyachilar / Foto: Turkiya ichki ishlar vazirligi

Politsiya Yalovadagi uyga jangarilar u yerda tunab qolgan bo‘lishi mumkin degan gumon bilan bostirib kirgan. Operatsiya davomida vaqti-vaqti bilan otishma tovushlari eshitilib turgan. Reuters muxbirining voqea joyidan xabar berishicha, reyd deyarli sakkiz soat davom etgan.

Nashrning yozishicha, politsiya tong saharda ushbu uyga olib boruvchi yo‘lni yopib qo‘ygan. «Yaqin atrofdagi yong‘indan tutun ko‘tarilayotgan edi, politsiya vertolyoti havoda parvoz qilib turgandi», deydi guvohlar.

Foto: Reuters

Politsiya hujumda o‘ldirilgan 6 jangarining barchasi Turkiya fuqarosi bo‘lganini ma’lum qildi. Shuningdek, uydan besh nafar ayol va olti nafar bola tirik chiqarib olingan.

Joriy yilda Turkiya «IShID»ga a’zolikda gumon qilinayotgan jangarilariga qarshi amaliyotlarni kuchaytirdi, chunki guruh global miqyosda yana faollashgan.

Foto: Reuters

Xususan, o‘tgan hafta Turkiya politsiyasi Yangi yil bayramida hujumlar uyushtirishni rejalashtirganlikda gumon qilingan 115 kishini qo‘lga olgandi. So‘nggi bir oy ichida politsiya jami 138 kishini hibsga oldi. Dushanba tongida esa Turkiya bo‘ylab 15 viloyatdagi 108 ta manzilda bir vaqtning o‘zida operatsiya va tintuvlar o‘tkazilgan.

Foto: AP

Global miqyosda faollashgan IShIDga qarshi AQSh ham amaliyotlar o‘tkazmoqda. Xususan, o‘tgan haftada Nigeriyaning shimoli-g‘arbida ushbu guruh jangarilarga zarba berdi. 19 dekabr kuni esa AQSh harbiylari Suriya hududida «IShID»ning o‘nlab nishonlariga keng ko‘lamli zarbalar berdi.

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an halok bo‘lgan politsiyachilarning oilalariga ta’ziya bildirdi. «Xalqimiz tinchligi va davlatimiz xavfsizligiga tahdid solayotgan qo‘li qon bo‘lgan yovuzlarga qarshi kurash mamlakat ichida ham, tashqarisida ham davom etadi», dedi Erdo‘g‘an.

Фаррух Абсаттаров
Tayyorlagan Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid