Jahon | 15:09 / 15.03.2026
7586
5 daqiqa o‘qiladi

Avstraliyadan boshpana so‘ragan eronlik futbolchilardan 3 nafari vatanga qaytishga qaror qildi

Boshpana so‘rash bo‘yicha qarorini o‘zgartirib, vatanga qaytadigan bo‘lgan futbolchilar soni to‘rt nafarga yetdi.

Foto: EPA

Bu esa shuni anglatadiki, Osiyo kubogi doirasida Avstraliyaga borgan va mahalliy rasmiylardan boshpana so‘ragan yetti futbolchidan faqat uch nafari o‘sha yerda qolmoqda. O‘tgan hafta chorshanba kuni yana bir futbolchi qiz Eronga qaytishga qaror qilgandi.

Eron diasporasi vakillaridan birining so‘zlariga ko‘ra, Zahro Sulton Meshkehkar, Mona Xamudi va Zahro Sarbali kabi futbolchilar Avstraliyadan boshpana so‘rash bo‘yicha so‘rovini qaytarib olgan.

Avstraliya ichki ishlar vazirligi vaziyat yuzasidan izoh berarkan, uning hukumati ushbu ayollar mamlakatda xavfsiz kelajakka ega bo‘lishi uchun barcha imkoniyatni ishga solganini aytgan.

«Avstraliya hukumati faqat imkoniyatdan foydalanishni ta’minlashi va ularni tushuntirishi mumkin, ammo biz sportchilarga bunday og‘ir qarorlar qabul qilishga to‘g‘ri keladigan vaziyatni o‘zgartirishga qodir emasmiz», – degan Toni Byork o‘z bayonotida.

Avvalroq bu ma’lumotni Eron sport vazirligi ham tasdiqlagandi.

«Futbol bo‘yicha Eron ayollar jamoasining milliy ruhi va vatanparvarligi dushmanlarning rejalarini yo‘qqa chiqardi», – deyiladi vazirlik bayonotida. Unda Avstraliya hukumati «Trampning nog‘orasiga o‘ynash»da  ayblangan.

Islom inqilobi muhofizlari korpusiga aloqador hisoblangan Tasnim agentligi xabarida jamoaning uchala a’zosi ham Malayziya poytaxti Kuala-Lumpur shahrida jamoaning qolgan a’zolariga qo‘shilishi hamda «Avstraliyada boshpana so‘rovini qaytarib olishgani tufayli o‘z oilalari bag‘riga qaytayotgani» aytilgan.

Bu futbolchilar bilan nimalar bo‘lib o‘tdi?

Futbol bo‘yicha Eron ayollar jamoasi urush boshlanishidan oldinroq Avstraliyaga uchib ketgandi, ammo 2 mart Janubiy Koreyaga qarshi ilk o‘yin uchun maydonga tushganida allaqachon harbiy harakatlar boshlangandi.

Eronlik futbolchilar milliy madhiya yangraganida jim turishdi. Ushbu holat videoyozuvi ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqaldi va jamoa a’zolarining bu harakati Eron hukumatiga qarshi norozilik aksiyasi sifatida qabul qilindi.

Eronlik futbolchilar dastlabki o‘yinda madhiyani kuylashmagandi

Mamlakatdagi rasmiy nashrlar bunga haddan tashqari salbiy munosabat bildirdi: mashhur teleboshlovchilardan biri ayollar futbol jamoasining harakatini «urush davridagi sharafsizlik va vatanparvarlik yo‘qligining oliy cho‘qqisi» deb baholadi. U shuningdek futbolchilarga «harbiy davr xoinlari»ga qaragandek qarashga chaqirgan.

Bu voqealardan keyin Avstraliya hukumatidan Eron jamoasi a’zolari Avstraliyada qolishni xohlaydigan bo‘lishsa, ularga boshpana berish tartibini soddalashtirish so‘ralgan onlayn-petitsiya paydo bo‘ldi.

CNN telekompaniya jamoaga yaqin bo‘lgan manbaga tayanib xabar berishicha, Eron hukumati sportchilarni sinchkovlik bilan kuzatgan – ularga «Islom inqilobi muhofizlari korpusiga aloqador shaxslar biriktirilgan».

Nashr manbasiga ko‘ra, Avstraliyaga qarshi ikkinchi o‘yin oldidan futbolchilarga bosim o‘tkazilgan – ularga oila a’zolari hayoti bilan tahdid qilingan. Shuning uchun ular hukumatni qo‘llashini ko‘rsatishga majbur bo‘lishgan.

Natijada Avstraliya va Filippinga qarshi o‘yinlar oldidan ayollar nafaqat madhiyani kuylashgan, balki harbiycha salom ham berishgan.

Eron futbolchilari Filippin bilan o‘yin oldidan madhiyani kuyladi va harbiy salom berdi. 2026 yil 8 mart. Gold-Kost, Avstraliya
Matthew Starling / Sport Press Photo / ZUMA Press / Scanpix / LETA

9 mart kuni eronlik futbolchilardan besh nafari jamoa joylashgan mehmonxonani tark etgan va Avstraliya hukumati tomonidan taqdim etilgan xavfsiz joyga yetib kelgan.

Keyingi kuni Eron delegatsiyasi tarkibidagi yana ikki ayol boshpana so‘rab murojaat qilgan, ammo bir necha soat o‘tib ulardan biri qarorini o‘zgartirib, jamoa bazasiga qaytishga qaror qilgandi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid