Jahon | 08:55 / 07.05.2024
6878
6 daqiqa o‘qiladi

Rossiyaning neft-gaz sanoatida urush tufayli ishchilar taqchilligi kuzatilyapti

Rossiya armiyasi va qurol ishlab chiqaruvchilari ishchi kuchi uchun neft va gaz sektori bilan raqobatlashmoqda, deb yozadi Bloomberg. Energetika sanoatida o‘n minglab ishchilar yetishmayapti.

Foto: Yevgeniy Razumnyy / Vedomosti

Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli hujumini moliyalashtirishda hal qiluvchi rol o‘ynagan Rossiya neft va gaz sanoati hozirda iqtisodiyotning urush holatiga o‘tishi sababli ishchi kuchi tanqisligiga duch kelmoqda. Bu haqda 6 may, dushanba kuni chop etilgan Bloomberg hisobotida aytiladi

Moskvada joylashgan sobiq Deloitte tahliliy markazining Kasatkin Consulting kompaniyasi hisob-kitoblariga ko‘ra, bu yil Rossiya neft va gaz sektorida 40 ming ishchi kam. Neft va gaz bo‘yicha tahlilchilar va ishga yollovchilarning aytishicha, energetika kompaniyalari endi qurol ishlab chiqaruvchilar va Rossiya armiyasi bilan ishchi kuchi uchun raqobatlashishi kerak. 

Armiyadagi to‘lovlar energetika sohasidagi maoshlardan oshib ketdi

Bloomberg Federal davlat statistika xizmati ma’lumotlariga tayanib yozishicha, 2024 yil yanvar va fevral oylarida neft-gaz sanoatida oylik nominal ish haqi o‘rtacha 125 200 rublni tashkil etdi, bu yaqin vaqtgacha uni Rossiyada eng yuqori maoshlardan biriga aylantirgandi. Biroq, bu miqdor endi Rossiya armiyasi shartnoma bo‘yicha askarlarga taklif qilayotgan pul bilan raqobatlasha olmaydi, deya qayd etadi agentlik. 

Xususan, Ukrainaga qarshi urushda qatnashish bo‘yicha shartnoma imzolash uchun bir martalik to‘lov ba’zi hududlarda million rublga yetib, neft va gaz konidagi o‘rtacha ishchining deyarli yillik ish haqiga teng bo‘lishi mumkin, deb yozadi Bloomberg. 

Ammo Britaniya Mudofaa vazirligining hisob-kitoblariga ko‘ra, keng ko‘lamli hujumdan keyin 450 mingdan ortiq rus askari halok bo‘lgan yoki yaralangan Ukrainada ishchi jang qilishni istamasa ham, u qurol ishlab chiqaruvchilar bilan foydali shartnoma tuzishi mumkin. 

2023 yilda Rossiyaning «Rostex» davlat korporatsiyasi xodimlarning ish haqini o‘rtacha 17,2 foizga oshirdi va uning bosh direktori Sergey Chemezov Rossiya prezidenti Vladimir Putinga ko‘plab obektlarda ishlab chiqarish dam olish, bayram va tungi vaqtda davom etayotgani haqida ma’lum qildi, deb eslatadi Bloomberg. 

Demografik inqiroz tufayli ishchi kuchi tanqisligi 

Bundan tashqari, jurnalistlarning ta’kidlashicha, ishchi kuchi tanqisligi 1990-yillarda tug‘ilishning pasayishi bilan boshlangan, COVID-19 pandemiyasi davrida davom etgan va keyinroq Rossiyaning Ukrainaga hujumi natijasidagi uzoq davom etgan demografik inqiroz tufayli kuchaygan. Shu tariqa, 2022 yilda Rossiya bozorida 30 yoshgacha bo‘lgan ishchilarning ulushi 14,9 foizga kamaydi. FinExpertiza audit va konsalting kompaniyasi ma’lumotlariga ko‘ra, bu 1990-yillar boshidan beri eng past ko‘rsatkichdir. 

Rossiyaning Ukrainaga qarshi harbiy harakatlarining yana bir natijasi xorijdan ishchi kuchi oqimi cheklanishi bo‘lib, sanksiyalar, rubl zaiflashishi, inflatsiya o‘sishi va pul o‘tkazmalari murakkabligi tufayli Rossiya sobiq SSSR mamlakatlaridan kelgan migrantlar uchun jozibador bo‘lib qoldi, deb yozadi Bloomberg. 

Agentlik ta’kidlashicha, o‘tgan yili mamlakatga xorijiy muhojirlar rasmiy sof oqimi deyarli 110 000 kishini tashkil etdi, bu 2021 yildagi darajaning to‘rtdan bir qismi, ya’ni urush boshlanishidan oldingi yildan. Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, immigratsiya bu darajasi «Rossiyaning ishchi kuchiga bo‘lgan talabi bilan solishtirganda dengizdan tomchidir». 

Neft-gaz kompaniyalari «tanishini olib kelish»ni taklif etib, yangi xodimlar uchun bonuslar va’da qilyapti 

Kadrlar taqchilligi muammosini hal qilish uchun ayrim neft-gaz korxonalari yangi xodimlarni nafaqat maoshlar, balki turli mukofotlar, jumladan, uch mahal ovqat, muntazam tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, bolalarga yangi yil sovg‘alari va dam olish maskanlariga sayohatlar bilan jalb etishga harakat qilmoqda, deyiladi materialda. Bundan tashqari, ba’zi ish beruvchilar «tanishini olib kelish»ni taklif etib, yangi xodim uchun 50-100 AQSh dollari ekvivalentida bonus to‘lashga tayyor. 

Biroq, bu imtiyozlar yosh, yuqori malakali ishchilarni energetika sanoatiga jalb qilish uchun yetarli emas, deb yozadi Bloomberg, shuning uchun kompaniyalar ko‘pincha keksa ishchilarga murojaat qilishga va ularni «imkon qadar uzoqroq» ishlashga undashga majbur bo‘ladi.

Ishchi kuchi tanqisligi, shuningdek, g‘arbning yuqori texnologiyali neft xizmatlaridan foydalanish imkoniyati cheklangani, neft-gaz sanoati uzoq muddatda neft va gaz qazib olishning joriy sur’atlarini saqlab qola oladimi, degan savollar tug‘diradi, deb yozadi Bloomberg. Moskvadagi «Yakov i partnery» konsalting kompaniyasi bu borada paydo bo‘layotgan muammolarga ishora qildi: «neft va gaz qazib olish va qayta ishlashning rentabelligini saqlab qolish va oshirish». 

Rossiya Energetika vazirligi Bloomberg’ning neft va gaz sanoatida ishchi kuchi yetishmasligi haqidagi so‘roviga izoh bermadi. 

Mavzuga oid