Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Boshqa shaxsga o‘tkazish taqiqlangan mol-mulklarning elektron ma'lumotlar banki shakllantiriladi
Foto: Shutterstock
Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Boshqa shaxsga o‘tkazish taqiqlangan yoki xatlab qo‘yilgan mol-mulklarning elektron ma'lumotlar bankini shakllantirish, yuritish va undan foydalanish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi hujjat loyihasi joylashtirildi.
Qoidalarga ko‘ra, quyidagi organ va mansabdor shaxslar mol-mulkni boshqa shaxsga o‘tkazishni taqiqlash (xatlashi) va taqiqni bekor qilish (xatlanganligini olib tashlash) vakolatiga ega:
sud (sudya);
prokuror;
tergovchi;
surishtiruvchi;
davlat ijrochisi;
notarius.
Sud (sudya), prokuror, tergovchi, surishtiruvchi, davlat ijrochisi tomonidan mol-mulkni xatlash, xatlanganligini olib tashlash to‘g‘risida chiqarilgan ajrimda (qarorda) quyidagilar ko‘rsatilishi lozim:
mol-mulk mulkdori jismoniy shaxsning – familiyasi, ismi, otasining ismi, tug‘ilgan sanasi, yashash joyi va pasport ma'lumotlari, agar mol-mulk mulkdori yuridik shaxs bo‘lsa – nomi, davlat ro‘yxatidan o‘tgan joyi va soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami;
mol-mulkni mulkdorga tegishliligini tasdiqlovchi hujjatlarning nomi, kim tomonidan berilganligi, ro‘yxatga olish yoxud boshqa raqamlari hamda mazkur hujjatga doir ko‘rsatilishi lozim bo‘lgan boshqa rekvizitlar (ko‘chmas mulkning – kadastr raqami, joylashgan joy, ko‘char mulkning – transport vositasini rusumi, davlat raqami va transport vositalarini ro‘yxatga olish guvohnomasi ma'lumotlari), mulkdorga tegishli barcha mol-mulklar xatlangan hollar bundan mustasno;
mol-mulk xatlangan sana;
agar xatlov muayyan davr uchun qo‘yilgan bo‘lsa, mazkur davrning boshlanish va tugash vaqti.
Elektron taqiq ma'lumotlar banki davlat tilida shakllantiriladi va yuritiladi.
Sud (sudya), prokuror, tergovchi, surishtiruvchi qonun hujjatlariga muvofiq mol-mulkni xatlash va xatlanganligini olib tashlash to‘g‘risida qaror qabul qilganda, uni ikki ish kuni ichida kuzatuv xati bilan bevosita, pochta aloqasi vositalari orqali yoki elektron shaklda mol-mulk joylashgan (ro‘yxatdan o‘tgan) joyidan qat'i nazar, istalgan davlat notarial idorasiga yuboradi.
Notarius sud (sudya), prokuror, tergovchi, surishtiruvchining qarori kelib tushgan kundan boshlab bir ish kuni ichida uni notarial idoraning elektron kirim kitobiga qayd etadi va qarorda ko‘rsatilgan mol-mulkni boshqaga o‘tkazishni taqiqlash, taqiqni bekor qilish to‘g‘risidagi ma'lumotlarni Elektron taqiq ma'lumotlar bankiga kiritadi.
Quyidagi hollarda notarius sud (sudya), prokuror, tergovchi, surishtiruvchining qarorini ikki ish kuni ichida ijrosiz qaytarib yuboradi:
qaror unga qo‘yiladigan talablarga muvofiq holda rasmiylashtirilmagan bo‘lsa;
mol-mulk mulkdori yoki xatlangan mol-mulk to‘g‘risidagi ma'lumotlar qarorda noto‘g‘ri ko‘rsatilgan bo‘lsa;
xatlangan mol-mulk qarorda ko‘rsatilgan shaxsga tegishli bo‘lmasa;
qarorda Qoidalarning 3-bandida ko‘rsatib o‘tilgan ma'lumotlar mavjud bo‘lmasa.
Davlat ijrochisi qarzdorning mol-mulkni boshqa shaxsga o‘tkazishni taqiqlash, taqiqni bekor qilish to‘g‘risidagi ma'lumotlarni idoralararo elektron hamkorlik doirasida Elektron taqiq ma'lumotlar bankiga mustaqil kiritadi. Bunda davlat ijrochisi Elektron taqiq ma'lumotlar bankiga mol-mulkni boshqa shaxsga o‘tkazishni taqiqlash to‘g‘risidagi ma'lumotlarni Qoidalarning 3-bandiga asosan to‘liq kiritilishini ta'minlaydi.
Sud (sudya), prokuror, tergovchi, surishtiruvchi, davlat ijrochisining qarori bilan muayyan davr uchun qo‘yilgan xatlov ularning qarorlari bilan uzaytirilishi mumkin.
Bunda ular xatlov qo‘yilgan davr tugashidan kamida besh ish kuni oldin xatlov muddatini uzaytirish to‘g‘risida o‘z qarorini qabul qilishi hamda sud (sudya), prokuror, tergovchi, surishtiruvchi qarorini Qoidalarning 5-bandiga muvofiq davlat notarial idorasiga yuborishi, davlat ijrochisi esa, ikki ish kunida Elektron taqiq ma'lumotlar bankiga tegishli ma'lumotlarni kiritishi shart.
Sud (sudya), prokuror, tergovchi, surishtiruvchining xatlov muddatini uzaytirish to‘g‘risidagi qarori kelib tushganda, notarius Qoidalarning 6-bandida belgilangan tartibda Elektron taqiq ma'lumotlar bankiga tegishli ma'lumotlar kiritilishini ta'minlaydi.
Notarius O‘zbekiston Respublikasi “Notariat to‘g‘risida”gi Qonunining 64-moddasiga asosan mol-mulkni boshqa shaxsga o‘tkazishni taqiqlash va taqiqni bekor qilishi mumkin.
Notarius quyidagi hollarda mol-mulkni boshqaga o‘tkazishga taqiq qo‘yadi:
berilgan kredit yoki qarzni qaytarilishini ta'minlash uchun mol-mulk garovga (ipotekaga) qo‘yilgan bo‘lsa, garov (ipoteka) shartnomasini tasdiqlashda;
aliment to‘lash majburiyatini garov bilan ta'minlash to‘g‘risidagi garov shartnomasini tasdiqlashda;
taraflar o‘rtasida to‘lov majburiyatini kechiktirish sharti bilan bitimni tasdiqlashda, to‘lov to‘liq amalga oshirilgunga qadar bitimda ko‘rsatilgan mol-mulkka;
mol-mulkni sotib olish yuzasidan zakalat shartnomasini tasdiqlashda;
sud (sudya), prokuror, tergovchi, surishtiruvchining qaroriga asosan.
Notarius quyidagi hollarda mol-mulkni qo‘yilgan taqiqni bekor qiladi:
asosiy majburiyatning bajarilganligi va (yoki) kreditor yoki qarz beruvchining garov (ipoteka) shartnomasidagi mol-mulkni taqiqdan chiqarishga roziligi to‘g‘risidagi xabarnomasi taqdim etilganda;
mol-mulkka taqiq qo‘yilishiga sabab bo‘lgan asosiy majburiyatlar bekor bo‘lganda;
sud (sudya), prokuror, tergovchi, surishtiruvchining qaroriga asosan;
taraflar o‘rtasidagi o‘zaro qo‘shimcha kelishuv tasdiqlanganda.
Notarius Qoidalarning 11 va 12-bandlarda ko‘rsatilgan harakatlarni amalga oshirganda yoki hujjatlar taqdim qilingan kundan boshlab bir ish kuni ichida mol-mulkni boshqaga o‘tkazishni taqiqlash yoki taqiqni bekor qilish to‘g‘risidagi ma'lumotlarni Elektron taqiq ma'lumotlar bankiga kiritadi.
Mol-mulkni boshqa shaxsga o‘tkazishni taqiqlash muayyan davr uchun qo‘yilganda hamda ushbu davr davomida sud (sudya), prokuror, tergovchi, surishtiruvchining xatlov muddatini uzaytirish to‘g‘risida qarori kelib tushmagan bo‘lsa, taqiq shu davr davomida amal qiladi hamda uning o‘tishi bilan Elektron taqiq ma'lumotlar bankida avtomatik ravishda bekor qilinadi.
Elektron taqiq ma'lumotlar bankiga kiritilgan mol-mulkni boshqaga o‘tkazishni taqiqlash, taqiqni bekor qilish to‘g‘risidagi ma'lumotlar idoralararo elektron hamkorlik doirasida Tizim orqali ko‘chmas mulklar bo‘yicha – O‘zbekiston Respublikasi Yer tuzish, geodeziya, kartografiya davlat kadastri davlat qo‘mitasi, ko‘char mulklar bo‘yicha esa tegishlicha – O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasiga yuboriladi.
Jismoniy va yuridik shaxslarga Elektron taqiq ma'lumotlar banki ma'lumotlari ularning so‘rovlariga ko‘ra to‘lov asosida Internet axborot tarmog‘i orqali real vaqt rejimida O‘zbekiston Respublikasi “Notariat to‘g‘risida”gi Qonunining 6-moddasi talablariga rioya qilgan holda taqdim etilishi mumkin.
Elektron taqiq ma'lumotlar bankidan ma'lumotlar olish uchun jismoniy va yuridik shaxslar o‘z so‘rovlarida quyidagilarni ko‘rsatadi:
mol-mulk mulkdori to‘g‘risidagi ma'lumotlar (jismoniy shaxsning – familiyasi, ismi, otasining ismi, pasport ma'lumotlari; yuridik shaxsning – nomi, davlat ro‘yxatidan o‘tgan joyi);
ko‘chmas mulkning – kadastr raqami, joylashgan joy;
ko‘char mulkning – transport vositasini rusumi, davlat raqami va transport vositasini ro‘yxatga olish guvohnomasi ma'lumotlari.
Jismoniy shaxslar Elektron taqiq ma'lumotlar bankidan ma'lumot olishga qadar o‘z to‘lov kartalari vositasida yoxud qonun hujjatlarida nazarda tutilgan to‘lovlarning boshqa turlari orqali to‘lovlarni amalga oshiradilar.
Yuridik shaxslar Elektron taqiq ma'lumotlar bankidan tegishlicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmasi bilan tuzilgan shartnomaga asosan foydalanishi mumkin.
Mavzuga oid
15:54 / 07.02.2025
Finlandiya rossiyaliklarga ko‘chmas mulk bilan bog‘liq kelishuvlarni taqiqlashga qaror qildi
07:50 / 24.10.2024
Davlat mulki obektlarini “nol” xarid qiymati bo‘yicha realizatsiya qilish tartibi bekor etilyapti
10:20 / 19.10.2024
Iqtisodiyotda xususiy mulkning ulushi yanada oshiriladi
09:12 / 14.09.2024