Jahon | 08:45 / 24.12.2025
5267
4 daqiqa o‘qiladi

Turkiyada Liviya armiyasi bosh shtabi boshlig‘i aviahalokat qurboniga aylandi

Turkiyada seshanba kuni kechqurun bortida Liviya armiyasi bosh shtabi boshlig‘i Muhammad Ali Ahmad Al-Haddod bo‘lgan samolyot Anqaradan havoga ko‘tarilganidan ko‘p vaqt o‘tmay halokatga uchradi. Liviya milliy birlik hukumati rahbari Abdul Hamid Dbeyba uning o‘limini tasdiqlagan.

Foto: Anadolu via Getty Images

Turkiya ichki ishlar vaziri Ali Yerliqoya X ijtimoiy tarmog‘idagi postida bort nomeri 9H-DFJ bo‘lgan, mahalliy vaqt bilan soat 20:10 da Anqaragi Esenbo‘g‘a aeroportidan Tripoli tomon parvozni boshlagan Falcon 50 biznes-jyet soat 20:52 da qulab tushganini tasdiqladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, jandarmeriya bo‘linmasi samolyot parchalarini Haymana tumanidagi Kesikqovoq qishlog‘idan ikki kilometr masofadan topgan.

Turkiya nashrlari Falcon 50 halokatga uchragan joyda olingan fotoni namoyish etdi
Anadolu via Getty Images

Vazirning xabar qilishicha, samolyot bortidan Haymana tumani hududiga shoshilinch qo‘nishni amalga oshirish bo‘yicha so‘rov kelib tushgan, shundan keyin bort bilan aloqa uzilgan.

Bortda besh yo‘lovchi, jumladan Liviya armiyasi bosh shtabi boshlig‘i Muhammad al-Haddod ham bor edi.

Liviyadagi milliy birlik hukumati rahbari Abdul Hamid Dbeyba Liviya armiyasi bosh shtabi boshlig‘ining o‘limini tasdiqladi.

«Bu Turkiya poytaxti Anqaradan rasmiy tashrif bilan qaytishdagi fojiali va og‘ir voqeadan keyin sodir bo‘ldi. Bu og‘ir yo‘qotish – millat, harbiy idora va butun xalq uchun ulkan yo‘qotishdir», – deyiladi Dbeybaning bayonotida.

Shuningdek, u bortda Liviya quruqlik qo‘shinlari qo‘mondoni, harbiy ishlab chiqarish boshqarmasi direktori, bosh shtab boshlig‘i maslahatchisi va fotosuratchisi ham bo‘lganini ma’lum qilgan.

Samolyot halokati sababi hali aniqlanmagan.

Ijtimoiy tarmoqlarda halokat vaqtidagi kadrlar tarqalgan

Tripolidagi milliy birlik hukumati bosh vazir mudofaa vaziriga tergov jarayonini nazorat qilish uchun Anqaraga rasmiy delegatsiya yuborishni buyurganini ma’lum qildi.

Liviya siyosiy masalalar bo‘yicha vaziri Valid Ellafi Libya Alahrar telekanaliga bergan intervyusida bu Maltadan ijaraga olingan samolyot bo‘lgani, ammo «uning egasi yoki texnik tarixi bo‘yicha yetarlicha ma’lumot yo‘qligi»ni bildirgan.

BMT tomonidan tan olingan Liviya milliy birlik hukumati butun mamlakat bo‘ylab uch kunlik rasmiy motam e’lon qildi.

Turkiya Mudofaa vazirligi avvalroq Haddodning tashrifi haqida xabar berib, u Turkiya mudofaa vaziri Yashar Guler, bosh shtab boshlig‘i Saljuq Bayroqdoro‘g‘li va boshqa turk harbiylari bilan uchrashganini ma’lum qilgandi.

Halokat Turkiya parlamenti prezidentning Liviyada turk harbiylarini yana bir yil muddatga joylashtirish bo‘yicha farmoni loyihasini ma’qullaganidan bir kun o‘tib sodir bo‘ldi. Taklif Liviya milliy birlik hukumatining harbiy yordam to‘g‘risidagi murojaati asosida parlamentga ko‘rib chiqilgandi.

Ushbu mamlakatda hokimiyat sharqiy va g‘arbiy qismlar o‘rtasida taqsimlangan. Turkiya Tripolida joylashgan Liviya milliy birlik hukumatiga harbiy va siyosiy yordam ko‘rsatib keladi. Shu bilan birga, so‘nggi paytlarda Turkiya hukumati Liviyaning sharqiy qismi bilan aloqalarni ham faollashtirgan, bunda Liviya milliy armiyasi qo‘mondoni Xalifa Haftar asosiy rol o‘ynaydi.

2020 yilda Anqara ushbu mamlakatga hukumat kuchlarini o‘qitish va qo‘llab-quvvatlash uchun o‘z harbiy xizmatchilarini yuborgan hamda dengiz demarkatsiyasi bo‘yicha (Misr va Gretsiya bilan bahsli edi) kelishuvga erishgandi. 2022 yilda Anqara va Tripoli energiya resurslarini qidirish bo‘yicha dastlabki kelishuvni imzolagandi, Misr va Gretsiya bunga ham qarshi chiqqan.

TASS agentligi xabariga ko‘ra, Xalifa Haftar Liviya qurolli kuchlari bosh shtabi boshlig‘i aviahalokat qurboni bo‘lgani munosabati bilan hamdardlik bildirdi.

Mavzuga oid