O‘zbekiston | 18:54 / 23.09.2024
7545
2 daqiqa o‘qiladi

Uy-joy sotib olish bo‘yicha kafolatli eskrou tizimi joriy qilinadi – prezident

Bunda quruvchi uylar sotuvini tashkil qilish bo‘yicha banklar bilan shartnoma tuzadi, bu uylarni olmoqchi bo‘lgan odamlar pulini quruvchiga emas, to‘g‘ridan-to‘g‘ri bankka topshiradi. Natijada, xaridorlar qurilish tugallanmagan taqdirda pulidan ayrilib qolmaydi, vijdonsiz quruvchilar qurboniga aylanishining oldi olinadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida qurilish industriyasi va qurilish materiallari ishlab chiqarishni rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi.

Yig‘ilishda uy-joy qurib berishni va’da qilgan quruvchi va bunga pul tikkan aholi o‘rtasida nizolar ko‘payib borayotgani, bunday noinsof quruvchilarga aldanib, odamlar ham uysiz, ham pulsiz qolayotgani qayd etildi.

Qayd qilinishicha, qurilish vaziri boshchiligidagi ishchi guruh xorijiy tajribani o‘rgangan va endi uy-joy sotib olish bo‘yicha kafolatli eskrou tizimi joriy qilinadi.

Bunda quruvchi uylar sotuvini tashkil qilish bo‘yicha banklar bilan shartnoma tuzadi, bu uylarni olmoqchi bo‘lgan odamlar pulini quruvchiga emas, to‘g‘ridan-to‘g‘ri bankka topshiradi.

Banklar esa yig‘ilgan pulni quruvchiga resurs sifatida beradi. Shunda banklar quruvchi va xaridor o‘rtasida ko‘prik bo‘lib, uy-joyni o‘z vaqtida va sifatli qurib, egasiga topshirishga kafil bo‘ladi.

Yangi tizim Samarqand shahri, Yangihayot va Sergeli tumanlarida bir yil davomida tajribadan o‘tkazilishi belgilandi.

Avvalroq, Kun.uz sahifalarida qurilish sohasida eskrou tizimini joriy qilishning muhimligi, dolzarbligi va afzalliklari haqida maqola e’lon qilingan edi.

Mavzuga oid