Aholiga chorva tarqatgan sho‘rchilik tadbirkor bankdan milliarddan ziyod mablag‘ini ololmay halak
Tahririyatimizga Surxondaryo viloyati Sho‘rchi tumanida faoliyat ko‘rsatayotgan tadbirkordan murojaat kelib tushdi. U «Har bir oila — tadbirkor» dasturini amalga oshirish to‘g‘risida»gi 3777–sonli qarorni amalga oshirish doirasida Surxondaryo viloyati Sho‘rchi tumanidagi «Sho‘rchi tomorqa xizmati» MChJ aholiga yirik va mayda shoxli chorva mollari tarqatib bergan.
Prezident qaroriga ko‘ra tashkil etilgan «Sho‘rchi tomorqa xizmati» MChJ direktori Baxtiyor Yusupov uni qiynayotgan muammolarni muxbirimizga shunday hikoya qilib berdi:
Biz Qozog‘istondan yirik va mayda shoxli qoramollarni O‘zbekistonga xarid qilib olib keldik. «Har bir oila — tadbirkor» davlat dasturiga ko‘ra, banklarning bergan ma'lumotnomalariga asoslanib, ularni aholiga tarqatib berdik. Bizga uch ish kunida tarqatgan mollarimiz uchun bank pul o‘tkazib berishi kerak edi. Biroq oradan uch oy (intervyu avgust oyida bo‘lib o‘tgan, bugungi kunga kelib — to‘rt oy) o‘tgan bo‘lsa-da, hanuzgacha bank pul tashlab bergan emas. Qachon borsak «resurs yo‘q», deb bizni noumid qaytarib yubormoqda».
Xullas, qoramollar fuqarolarga yetkazib berilgan, biroq Sho‘rchi tumanidagi «Agrobank», «Qishloqqurilishbank» va «Xalq banki» filiallarining mazkur qoramollar uchun tadbirkor oldidagi umumiy qarzi 1 milliard so‘mdan oshadi.
Tadbirkor bu borada prezident portaliga ham murojaat qilgan. Biroq, uning xatlariga hech qanday javob berilmayapti va pullarni qaytarish chorasi ham ko‘rilmayapti.
Banklar resurs yo‘q, deb pul o‘tkazmayapti. Lekin aholiga chorva mollari tarqatishda banklar imtiyozli kredit beruvchi har bir fuqaro uchun «Sho‘rchi tomorqa xizmati» MChJga xat chiqarishgan, fuqarolar MChJdan chorva mollarini olib ketishgan.
Vaziyat shundayki, hozir MChJ fuqarolarga tarqatilgan mollarni qaytarib ham olisholmaydi. Ularni boqish uchun fuqarolar allaqachon qo‘shimcha mablag‘ sarflab bo‘lishgan.
Mablag‘lar o‘z vaqtida banklar tomonidan tushirib berilmayotganligi sababli tadbirkorning ishlar orqaga ketgan. 50 ish o‘rni yaratib, yangi uskunalar o‘rnatib ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yaman degan binosining qurilishlari ham chala qolib ketgan.
Yagona chora — fuqarolarga o‘sha chorvalari uchun rasmiylashtirilgan mablag‘ni «Sho‘rchi tomorqa xizmati» MChJga o‘tkazib berish.
Viloyat hokimi T.Bobolovga ushbu muammo haqida gapirganimizda, u vaziyatdan xabardorligi, moliya vazirligi resurs ajratmaganligi tufayli viloyatda 100 milliard so‘mdan ortiq mablag‘lar banklar tomonidan tadbirkorlarga berilmay turganini aytib o‘tdi. Bu borada muzokaralar bo‘layotganini ta'kidladi.
«Har bir oila — tadbirkor» dasturi ezgu niyatlar bilan, qishloq joylarda oilalarni tadbirkor qilish uchun boshlangan yaxshi tashabbus. Lekin vazirliklar va joylardagi mutasaddilar bu tashabbusga panja ortidan qarab, tashabbusga bosh qo‘shgan tadbirkorlarni xonavayron qilishayotgani juda achinarli hol.
O‘ylaymizki, joylarda tadbirkorlarni qiynayotgan ushbu muammo tez orada o‘zining ijobiy yechimini topadi.
Shuhrat ShOKIRJONOV,
Kun.uz muxbiri.
Mavzuga oid
21:33 / 22.11.2024
Xitoy Surxondaryodagi mis va kumush konlariga 2,7 milliard dollar investitsiya taklif qilmoqda
14:50 / 21.11.2024
Kuvayt O‘zbekistonda Ona va bola klasterini tashkil etadi
11:53 / 13.11.2024
Afg‘onistonda sodir bo‘lgan zilzila kuchi Surxondaryoda sezildi
08:15 / 13.11.2024