O‘zbekiston | 10:22 / 06.02.2024
18074
2 daqiqa o‘qiladi

Ohangaron shahri hokimi lavozimdan ozod etildi

U xayrlashuv posti yozib, aholiga minnatdorchilik bildirgan va kimnidir xafa qilgan bo‘lsa, ulardan uzr so‘ragan.

Foto: Ohangaron shahri hokimligi

Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayevning Ohangaron shahri hokimi Akrom Eshonqulovni lavozimdan ozod etish haqidagi qarori qabul qilindi. Qarorga ko‘ra, tuman hokimi o‘z arizasiga binoan ishdan olingan.

Uning xayrlashuv so‘zlari shahar hokimligi tomonidan taqdim etildi. Hokim mazkur faoliyatidagi har bir daqiqasi uning hayotida o‘chmas iz qoldirganini ta’kidlab, bunday imkoniyat uchun prezidentdan minnatdor ekanini bildirgan.

«Ohangaron shahri mening ona shahrimdek yuragimdan joy oldi. Shahar ravnaqi yo‘lida nimaga erishgan bo‘lsam, barchasida Sizlarning mehnatingiz beqiyos. Ish jarayonlarida birontangizni ranjitgan bo‘lsam, barchalaringizdan uzr so‘rayman. Xayr Ohangaron shahrim. Xayr jonajon shahrim», deya yakunlangan post.

Uning ishdan ketish sababi ma’lum qilinmagan.

Akrom Eshonqulov 1976 yilda Toshkent viloyatining Quyi Chirchiq tumanida tug‘ilgan.

Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot akademiyasi va Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti (magistratura) bitiruvchisi. Mutaxassisligi — iqtisodchi.

Ohangaronga hokim etib tayinlanguniga qadar Vazirlar Mahkamasining Toshkent viloyati Olmaliq shahrini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha, Respublika bo‘ysunuvchi shaharlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boshqarmasi bosh mutaxassisi vazifasini bajaruvchi lavozimida ishlab kelgan.

O‘tgan yillar davomida Toshkent viloyati hokimligi axborot-tahliliy guruhi rahbari, Ohangaron shahri hokimining birinchi o‘rinbosari, Ohangaron shahri hokimi vazifasini bajaruvchi lavozimlarida ishlagan.

2020 yilning 4 iyun kuni Odiljon Jo‘rayev o‘rniga Ohangaron shahri hokimi etib tayinlangandi.

  • Oldinroq Toshkent viloyatining Chinoz tumaniga yangi hokim tayinlangandi.

Mavzuga oid