Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Kanadada mamlakat tarixidagi eng ommaviy qotilliklardan biri sodir etildi
18 yoshli qiz onasi, akasi, o‘qituvchisi va 5 nafar maktab o‘quvchisini otib o‘ldirdi, so‘ngra o‘z joniga qasd qildi.
Foto: Eagle Vision Agency / AFP / Scanpix / LETA
Kanadaning Britaniya Kolumbiyasi provinsiyasidagi Tambler-Rij shahrida 10 fevral kuni tushdan keyin uyga, so‘ngra maktabga qurolli hujum uyushtirildi. Sakkiz kishi halok bo‘ldi: maktabda 39 yoshli o‘qituvchi, 12-13 yoshli besh nafar o‘quvchi (uch qiz va ikki o‘g‘il), uyda esa 39 yoshli ayol va 11 yoshli o‘g‘il.
Yana 20 dan ortiq kishi turli darajada tan jarohati olgan. Ularning ayrimlari shifoxonada o‘ta og‘ir ahvolda yotibdi.
Hujum qilgan ayol - 18 yoshli Jyessi Van Rutselaar o‘zini otib o‘ldirdi. Hujum paytida u uzun stvolli miltiq va to‘pponchadan foydalangan.
Politsiyaning ma’lum qilishicha, Van Rutselaar o‘z uyida onasi va tug‘ishgan akasini o‘ldirgan. Ularni otib tashlagach, o‘zi avval o‘qigan maktabga borgan (4 yil oldin o‘qishni tashlagan). U yerga favqulodda chaqiruv bo‘yicha politsiya yetib bordi va shundan so‘ng hujumchi o‘z joniga qasd qildi.

Hodisaning ertasi kuni politsiya hujumchining shaxsi haqida batafsil ma’lumot berdi. Jyessi Van Rutselaar tug‘ilganda o‘g‘il bola sifatida qayd etilgan, ammo taxminan olti yil oldin u transgender o‘tishni boshlagan. Kundalik hayotda, jumladan, ijtimoiy tarmoqlarda u o‘zini qiz deb tanishtirgan. Huquq-tartibot idoralari vakillarining ta’kidlashicha, ularda hozircha Van Rutselaarning jinsiy o‘ziga xosligi hujum bilan bog‘liq deb hisoblashga asos yo‘q.
Shuningdek, Van Rutselaar uyidagi voqealar tufayli politsiyaga bir necha bor qo‘ng‘iroqlar bo‘lgani ma’lum. «Ba’zi hollarda bu gumonlanuvchining ruhiy salomatligi bilan bog‘liq muammolar edi», degan ma’lumotdan boshqa tafsilotlar keltirilmagan. Uni psixiatriya tekshiruviga yuborishgan. Keyinroq, uydan qonuniy asosda saqlangan o‘qotar qurol olib qo‘yilgan, ammo keyin qaytarib berilgan.
Van Rutsellaar ilgari qurolga egalik qilish litsenziyasiga ega bo‘lgan, biroq uning muddati 2024 yilda tugagan. Uning nomiga hech qanday qurol ro‘yxatga olinmagan. Hujum joyidan topilgan qurollar kimga tegishli ekani aniq emas.
Tergovchilar na o‘lim oldidan yozilgan xatni, na hujum sabablari haqida boshqa bevosita ko‘rsatmalarni topdi. Shuningdek, ular Van Rutselaarning maktabda transgender o‘tish bilan bog‘liq zo‘ravonlikka uchragani haqida hech qanday dalil topmadi. Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, u yolg‘iz harakat qilgan va katta ehtimol bilan hujum maqsadi aniq bir kishi bo‘lmagan.
Tambler-Rij bor-yo‘g‘i 2400 nafarga yaqin aholiga ega shaharcha bo‘lib, boshqa aholi punktlaridan uzoqda joylashgan. Mahalliy aholining so‘zlariga ko‘ra, u yerda «hamma bir-birini taniydi».
Kanada bosh vaziri Mark Karni halok bo‘lganlarning oila a’zolariga hamdardlik bildirdi. Motam belgisi sifatida butun mamlakat bo‘ylab bayroqlar tushirildi, parlament halok bo‘lganlar xotirasiga bir daqiqalik sukut bilan hurmat bajo keltirdi. Ta’kidlanishicha, Tambler Rijga hujum Kanada tarixidagi eng ommaviy qotilliklardan biri bo‘ldi.
Mavzuga oid
16:09 / 28.02.2026
Chubays Kanadadan unga qo‘yilgan sanksiyani bekor qilishni so‘ramoqda
09:14 / 25.02.2026
Kanada Ukrainaga harbiy yordamni va RFga qarshi sanksiyalarni kengaytirdi
08:59 / 21.02.2026
Kanada va AQSh hokkey jamoalari Olimpiada finalida o‘ynaydi
11:28 / 11.02.2026