17:19 / 29.04.2024
23418

O‘zbekistonda yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish rejalari ishlab chiqildi, unda bahsli normalar ham bor

Ko‘chmas mulk va avtomobil sotuvi faqat naqdsiz shaklga o‘tkazilishi mumkin. Soliq qo‘mitasi yana kartadan kartaga o‘tkazmalarni nazorat qilishga urinyapti. Naqd pulda xarid qilgan fuqarolarga keshbek bermaslik, QQSni qaytarish muddatini uzaytirish va soliq organlariga tadbirkorning hududiga kirish vakolatini berish kabi takliflar ham bildirilmoqda.

Google Photos

Hukumat yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish bo‘yicha yangi rejalarni tayyorladi. Bu rejalar “Yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish to‘g‘risida”gi prezident qarori loyihasida aks etgan.

Hozircha jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilmagan hujjat vazirlik va idoralar bilan kelishilmoqda. Hujjat matni Kun.uz ixtiyorida mavjud.

Loyihada 2024 yil 1 maydan boshlab quyidagilarni joriy etish taklif etilgan:

  • qurilish korxonalari tomonidan jismoniy shaxslarga ko‘chmas mulk obektlari realizatsiya qilinganda soliq bazasini aniqlashda har bir kvadrat metr uchun minimal miqdorlardan kelib chiqib hisoblash;
  • uy-joy, ko‘chmas mulk va avtotransport vositalari sotuvini faqat naqd pulsiz hisob-kitoblar asosida amalga oshirish. Bunda jismoniy shaxslar tomonidan mazkur oldi-sotdi shartnomalari bank ma’lumotlari asosida, yuridik shaxslar tomonidan esa elektron hisobvaraq-faktura orqali naqd pulsiz hisob-kitoblarning amalga oshirilganini tasdiqlovchi hujjat mavjud bo‘lgan taqdirda notarial rasmiylashtiriladi.

Shuningdek, tovar va xizmatlar narxi 3000 dollardan oshiq bo‘lganda, to‘lovlarni faqat naqd pulsiz shaklda amalga oshirish taklif etilmoqda. Ulgurji savdoni ham to‘liq naqd pulsiz hisob-kitoblarga o‘tkazish rejalashtirilgan.

2024 yil 1 iyulga qadar:

  • shaharsozlik normalari va qoidalariga asoslangan qurilish obekti uchun qurilish materiallari va sarf-xarajatlarining cheklangan o‘rtacha miqdorini qat’iy belgilash tizimini joriy etish;
  • “POS” terminallar o‘rnatish xarajatlarini foyda va aylanmadan olinadigan soliq bazasidan chegirib tashlash;
  • “POS” terminallar orqali amalga oshirilgan tovar aylanmalariga nisbatan foyda va aylanmadan olinadigan soliq stavkalarini 5 foizga kamaytirish taklif qilinmoqda.

Bundan tashqari, loyihada Soliq qo‘mitasining vakolatlarini kengaytirishga qaratilgan quyidagi normalar ham bor.

QQS summasini qaytarish muddati uzaytirilishi mumkin

2024 yil 1 barcha tadbirkorlik sub’yektlari, shu jumladan yirik soliq to‘lovchilari uchun qo‘shilgan qiymat solig‘ining salbiy farq summasi o‘rnini qoplab berishni murojaat qilingan kundan boshlab 60 kundan 75 kun ichida amalga oshirish taklif qilinyapti. Tezlashtirilgan tartib va tadbirkorlarning barqarorlik reytingi bundan mustasno.

Eslatib o‘tamiz, QQSning salbiy farq summasini qaytarib olish huquqi tadbirkorlarga 2020 yildan boshlab berilgandi. 2021 yildan intizomli soliq to‘lovchilarga QQS summasi tezlashtirilgan tartibda – 7 kunda qaytarib berish amaliyoti joriy qilingan. 2024 yil 1 apreldan ishga tushgan tadbirkorlarning barqarorlik reytingi natijalari ko‘ra esa, A toifadagi tadbirkorlarga QQSni 1 kunda qaytarib berish amaliyoti yo‘lga qo‘yilgan.

Bu o‘rinda, QQSning salbiy farq summasi o‘rnini qoplab berish muddatini uzaytirish yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashishga qanday yordam berishi borasida savollar paydo bo‘ladi.

E’tirozlarga sabab bo‘lgan E-Aktiv

1 iyuldan boshlab yirik soliq to‘lovchilar va yuqori likvidli tovarlarni ishlab chiqaruvchi korxonalar uchun asosiy vositalar, nomoddiy aktivlar va tovar-moddiy resurslarni hisobga olish (sotib olish (qurish), ishga tushirish, qayta baholash, tasarruf etish) hamda o‘z ustav fondini (ustav kapitalini) shakllantirish va kamaytirish bilan bog‘liq barcha operatsiyalarini majburiy tarzda soliq organlarining E-Aktiv axborot tizimi orqali aks ettirish ham taklif etilyapti.

2021 yildagi hukumat qaroriga ko‘ra, tizim 2022 yil 1 yanvardan ishga tushishi kerak edi. Biroq bu tadbirkorlar va buxgalterlarning jiddiy e’tiroziga sabab bo‘ldi. Ularga ko‘ra, barcha tovar-moddiy boyliklarni tizimga kiritish qiyin ish va bu biznes uchun ortiqcha byurokratik to‘siqlarni vujudga keltiradi.

E’tirozlardan keyin tizimni majburiy qo‘llash 2023 yil 1 martgacha kechiktirildi. 2023 yilning mart oyida esa Soliq qo‘mitasi muddat 2024 yilgacha uzaytirilganini ma’lum qilgan bo‘lsa-da, amalda bu tizimni majburiy qo‘llash amaliyoti hali kuchga kirmagan. Soliq qo‘mitasi matbuot xizmati Kun.uz'ga E-Aktiv hozir ham ishlab turgani, undan foydalanish soliq to‘lovchilar uchun oson va qulay tizimga aylanmagunicha Soliq qo‘mitasi soliq to‘lovchilarga e’tiroz bildirmasligini ma’lum qildi.

Agar qaror imzolansa, 1 iyuldan yirik soliq to‘lovchilar va yuqori likvidli tovarlarni ishlab chiqaruvchi korxonalar uchun E-Aktiv majburiy bo‘lishi mumkin.

Shuningdek, loyihada aylanmadan olinadigan soliqning qat’iy belgilangan summada to‘lash tartibi bekor qilinishi ham ko‘zda tutilyapti. Bunday tartib 2023 yil 1 yanvardan yo‘lga qo‘yilgan edi.

Naqd puldagi xaridlar uchun keshbek qaytarilmasligi mumkin

Hujjat loyihasidan joy olgan yana bir taklif – 2024 yil 1 iyuldan boshlab chakana savdo, xizmat ko‘rsatish hamda umumiy ovqatlanish sohalarida jismoniy shaxslar tomonidan to‘lovlar mobil ilovalar (naqdsiz) va plastik karta orqali amalga oshirilganda 1 foiz miqdorida keshbek qaytarish, to‘lovlar naqd pulda amalga oshirilganda esa keshbek qaytarishni bekor qilish bilan bog‘liq.

Amaldagi tartibga ko‘ra, to‘lovlar naqd yoki naqdsiz shaklda amalga oshirilishidan qat’i nazar QR-kodli cheklar orqali xarid summasidan keshbek olish huquqiga ega. Ta’kidlash kerakki, sotuvchi onlayn kassa mashinasiga xarid ma’lumotlarini kiritib, xaridorga chek berganining o‘ziyoq u soliq organiga sotgan narsasini ko‘rsatayotgani va soliqdan qochmayotganini anglatadi.

O‘zbekiston fuqarolari xarid summasining 1 foizini keshbek shaklida qaytarib olish imkoniyati 2022 yil 1 yanvardan kuchga kirgandi. 2024 yil 1 yanvardan boshlab maksimal keshbek miqdori oyiga 60 BHMning 1 foizi (204 ming so‘m) deb belgilangan.

P2P nazorati yana kun tartibiga qaytishi mumkin

Qaror loyihasida Soliq qo‘mitasi Markaziy bank bilan birgalikda ikki oy muddatda tovar va xizmatlar uchun to‘lovlar jismoniy shaxslarning plastik kartalari (P2P) orqali amalga oshirilishini tartibga solish maqsadida P2P operatsiyalarida muayyan chegaradan oshgan tranzaksiyalar bo‘yicha o‘zaro ma’lumot almashinuvi yuzasidan Memorandum imzolashi ham nazarda tutilyapti.

Soliq qo‘mitasi kartadan kartaga o‘tkazmalarga oid ma’lumotlarni qo‘lga kiritishga bir necha yildan beri urinib keladi. O‘tgan yili bu boradagi norma Adliya vazirligi ekspertizasidan o‘tkazilmay prezident farmoniga kiritilgan, bu esa tanqidlarga sabab bo‘lgandi. Oxir-oqibat yangi konstitutsiya talablarini hayotga joriy etish bo‘yicha prezident farmoni bilan bu talab bekor qilingandi.

Soliq organlari tadbirkorning hududiga kirishi mumkin bo‘ladi

Yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashishga qaratilgan hujjat loyihaga ko‘ra, soliq organlari soliq to‘lovchining hududiga kirish va binoni ko‘zdan kechirish vakolatini olishni istayapti.

Soliqchilarga tekshiruv natijasida quyidagi holatlar aniqlangan taqdirda tadbirkorlik sub’yektlarini xabardor qilmasdan hamda Biznes ombudsmanni tekshirish kunida xabardor qilgan holda belgilangan tartibda sayyor tekshiruvlarini o‘tkazish vakolati berilishi mumkin:

  • to‘lov intizomiga rioya qilmaslik, shu jumladan nazorat-kassa texnikasi va (yoki) hisob-kitob terminallari qo‘llanishi tartibini buzish,
  • xaridorga fiskal chek bermaslik;
  • ishchi xodimlar sonini yashirish;
  • yer qa’ridan foydalanishda soliq qonunchiligini buzish.

Eslatib o‘tamiz, 2024 yil 1 yanvardan e’tiboran kameral soliq tekshiruvida soliq to‘lovchining hududiga kirish; soliq to‘lovchining hududini va binolarini ko‘zdan kechirish; soliq to‘lovchidan hujjatlarni talab qilib olish va uni chaqirtirish va soliq to‘lovchining hujjatlari va buyumlarini olib qo‘yish taqiqlangandi.

Soliq kodeksining 138-moddasiga ushbu norma 2023 yil 28 dekabrdagi hukumat qarori bilan kiritilgandi.

Top