Andijon shahridagi Zahiriddin Muhammad Bobur haykali ko‘chirilishi mumkin. Bu vazirlik va idoralarga kelishish uchun yuborilgan “Andijon viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va tadbirkorlik muhitini yanada yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror loyihasida keltirilgan.

Iqtisodchi Otabek Bakirovning ma’lum qilishicha, qarorning 16-bandida shunday taklif aks etgan:

“Zahiriddin Muhammad Bobur haykalini Andijon shahridagi “Registon” maydoniga ko‘chirish, buning hisobiga bo‘shaydigan 1,2 gektar yer uchastkasida 2 ta 20 va 16 qavatli turar joy majmuasi barpo etilishini hamda 90 mln AQSh dollari miqdorida investitsiya mablag‘lari kiritilishini ta’minlash”.

Shuningdek, viloyat hokimligi taklifi bilan Alisher Navoiy nomidagi istirohat bog‘ining 10,7 gektar qismida Andijon city ishbilarmonlik markazi, 19 ta 18 qavatli hamda 7 ta 28 qavatdan yuqori turar joy va xizmat ko‘rsatish majmualari barpo etilishi ko‘zda tutilgan.

Bakirov Bobur haykalining ko‘chirilishini Toshkent shahridagi Amir Temur haykali ko‘chirilishiga qiyosladi.

“O‘zingizga tasavvur qilishingiz uchun bu xuddi poytaxt qoq markazidagi Amir Temur haykalini ko‘chirib, xiyobonda dom qurish bilan baravar qadam bo‘ladi. Yana solishtirish o‘rinli bo‘lsa, Andijondagi Alisher Navoiy bog‘i bu Toshkentning yuragi Milliy bog‘i singari.

To‘g‘risi, menda bu g‘aroyib takliflarga izoh va sharh berishga zarracha kuchim qolmadi. Biz qayerda va nima uchun teskari og‘ib ketdik, buni o‘nglashning qandaydir iloji bormi, bilmayman”, deb yozdi iqtisodchi.

Jurnalist Shuhrat Shokirjonov ham ushbu masalaga munosabat bildirib, shaharlardagi istirohat bog‘lari, parklar va maydonlarni asrab qolish uchun qonun kerakligini ma’lum qildi.

Andijon viloyati hokimligi holatga rasmiy munosabatida haykalning ko‘chirilishi “Bobur” shohko‘chasida joylashgan chorrahada qurilayotgan ko‘prik bilan bog‘liqligini bildirdi.

Foto: Andijon viloyati hokimligi