2022 yil 1 yanvardan QQS to‘lovchilar va ustav jamg‘armasida davlat ulushi 50 foizdan ko‘p bo‘lgan yuridik shaxslar uchun asosiy vositalar, nomoddiy aktivlar va tovar-moddiy resurslarni hisobga olish hamda o‘z ustav fondini shakllantirish va kamaytirish bilan bog‘liq barcha operatsiyalarni DSQning E-aktiv avtomatlashtirilgan axborot tizimida aks ettirish majburiy bo‘ladi.
Hukumat qaroriga ko‘ra, E-aktiv'ga quyidagi ma’lumotlar kiritilishi lozim:
- hisobga qo‘yish (xarid qilish, qurish), yo‘lga qo‘yish, qayta baholash va AV obektlari, nomoddiy aktivlarni va TMRni boshqarish, shuningdek, ustav fondini shakllantirish va kamaytirish bilan bog‘liq barcha operatsiyalar;
- o‘z qiymatini yo‘qotishi (yaroqsizligi, saqlash muddatining o‘tishi, jismoniy va ma’naviy eskirishi, yetishmovchiligi, yo‘qotilishi, zarar ko‘rishi) tufayli xo‘jalik faoliyati jarayonida TMRni hisobdan chiqarish – 3 ish kuni mobaynida.
Bu tizim nega kerak?
Tizim tadbirkorlik sub’yektlariga:
— onlayn rejimda, ombordagi mahsulotlar hisob-kitobini yuritish, uning kirimi va qoldig‘ini nazorat qilish;
— bitta yoki bir nechta elektron omborlar barpo etish hamda ularning har biri bo‘yicha alohida hisobini yuritish imkonini beradi.
Nazorat qiluvchi organlarga, jumladan, DSQ:
— kirim qilinmagan tovarlarni sotish holatlarini bartaraf etish;
— tovarlar realizatsiyasini nazorat qilish, shu orqali yashirin iqtisodiyotni qisqartirishga yordam beradi.
Norozi hisobchilar nima deydi?
Ushbu yangilikni ko‘plab korxonalar hisobchilari yaxshi kayfiyat bilan kutib olmadi. Ijtimoiy tarmoqlarda E-aktiv tizimi bilan bog‘liq yangilik hisobchilar o‘rtasida muhokamalarga sabab bo‘ldi. Ular tomonidan bildirilgan ayrim fikrlarni keltirib o‘tamiz:
— “Yashirin iqtisodiyotni qisqartirish uchun har xil byurokratik tartiblarni ko‘paytirish o‘rniga, soliqlarni adolatli qilish kerak, tamom”.

















