Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Uchib ketgan farishtalar». Qadrsizlangan inson haqida
Harbiy harakatlarni to‘xtatish haqidagi chaqiriqlarga qaramay, G‘azo sektorida tinch aholi vakillari o‘limiga sabab bo‘layotgan aviazarbalar davom etmoqda.
Falastin. Aminmanki, barchaning nigohi hozirda sayyoraning shu nuqtasiga qadalgan. Bu yerda bir oy ichida 10 mingdan oshiq odam halok bo‘ldi, ulardan 4 mingga yaqini yosh bolalar ekani aytilmoqda. 4 ming farishtacha osmonga uchib ketdi. Ustimizdan shikoyatini aytish uchun. Insoniyatning joriy ahvoli, rivojlangan sivilizatsiyaning inson huquqlari to‘g‘risida qilgan bayonotlari va hatto bolalarni asrash haqidagi gap-so‘zi... dunyo kuchlilari uchun bir chaqaga arzimasligini aytish uchun.
Yer sayyorasida yashayotgan xalqlarning hayotini tartibga solish, hayotiy qarorlarni xalqlar birgalikda qabul qilishi uchun tuzilgan tashkilot – Birlashgan Millatlar Tashkiloti va boshqa ko‘plab – inson deb atalmish mavjudot qadrini joyiga qo‘yish uchun tuzilgan tashkilotlar, joyi kelsa hech narsaga qodir emasligini aytish uchun uchib ketishdi.
Ukraina urushi va shu kunlarda yuz berib turgan Falastin qatliomi Yer sayyorasida inson hayoti qadrini bir necha barobar tushirib yubordi. Yosh bolalar o‘ldirilayotganini hisobga olsak, «bu qadr bo‘lganmidi o‘zi?» degan savol tug‘iladi.
Bu yerda avval nima voqealar yuz berib kelgan va yuz beryapti, vaziyat nega bu darajaga keldi – tarixchi va siyosatchilar gapirgani yaxshi. Men esa vaziyatning ma’naviy tomoni haqida gapirmoqchiman.
Urush bo‘layotgan joyda ma’naviy to‘siqlar yuvilib ketadi – o‘lik bolasini bombalangan uy xarobalari ostidan olib chiqqan otaning o‘z dushmaniga rahmli bo‘lishini kutish – nihoyatda qiyin. Endi uylari ko‘p yillar davomida, muntazam ravishda bombalab kelingan hududni tasavvur qiling... Tabiiyki, bu yerda bolalari yoki boshqa yaqinlari uchun o‘ch olishni hayotining mazmuniga aylantirgan erkaklar soni ko‘p bo‘ladi va ularga hech kim boshqacha bo‘lish kerakligini uqtirolmaydi ham.
Demak, yuqorida aytganimizdek, bu yerda qo‘liga qurol olishni va imkon qadar ko‘proq raqibini o‘ldirishni istaydiganlar, ongida ma’naviy cheklovlari xiralashib ketgan odamlar ko‘p bo‘ladi va bu tabiiy holat.
Mojaro tarixini chetga qo‘yib turaylik-da, oddiy savolga o‘rin beraylik: bir-biriga nisbatan nafrati uchiga chiqqan, bir-birini qirg‘in qilish hayoti mazmuniga aylangan ikki toifa bitta joyda yashayotgan bo‘lsa va endilikda jiqqamusht bo‘lib turgan bo‘lsa, nima qilish kerak?
Javob tabiiy va bu javobni oddiy insongarchilik buyuradi – ikki tomonni ajratishga kuchi yetganlar ajratishi kerak, chunki bunday vaziyatda qirg‘inni to‘xtatishning boshqa yo‘li yo‘q.
Ha, buni juda avval qilish kerak edi. Ammo kuchlilar ikki tomonni ajratish o‘rniga bir tomonning ikkinchi tomonga zulmini qo‘llab keldi va buni «demokratiyani qo‘llab-quvvatlash» deb atashdi. Shunday ikki xil standartlar natijasida vaziyat mana shu ahvolga keldi va bugunga kelib, shundoq ham ochilib qolgan yuzlar batamom ochilib ketdi. Shu paytgacha bu yuzsizlikni hamma odamlar bilmagan bo‘lsa, endi butun insoniyat guvoh bo‘ldi va insoniyatning vijdonli qismi o‘z noroziligini bildiryapti.
4 mingga yaqin farishtachalar esa guvohlik berish Yaratganning oldiga ketgan...
Shokir Sharipov
Mavzuga oid
10:35
BMT G‘azo sektorida etnik tozalash alomatlari borligini bildirdi
19:13 / 16.02.2026
Isroil Falastin yerlarining «de-fakto anneksiyasi»ni tezlashtirdi
19:09 / 16.02.2026
Yuzlab o‘zbekistonliklar Isroilning G‘azoga qarshi urushida qatnashgan – Al Jazeera
15:42 / 13.02.2026