Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Isroil Falastin yerlarining «de-fakto anneksiyasi»ni tezlashtirdi
Isroil hukumatining qarori bilan G‘arbiy sohilda «muzlatib qo‘yilgan» yer-mulk huquqini rasmiylashtirish qayta boshlanmoqda. Endilikda falastinliklar o‘z yeriga egaligini isbotlay olmasa, yerlar avtomatik ravishda Isroil davlati mulkiga o‘tishi mumkin. Bu – hududni Isroilga qo‘shib olishning huquqiy asosi bo‘ladi.
Isroil hukumati 15 fevral kuni qabul qilgan qaror – Iordan daryosining G‘arbiy sohilida (West bank) muzlatib qo‘yilgan «yer-mulk huquqini rasmiylashtirish» jarayonlarini qayta boshlashga yo‘l ochadi. The Associated Press'ning yozishicha, bu shuni anglatadiki, Isroil ma’lum hududda yerlarni ro‘yxatdan o‘tkazishni boshlaganda, yerga da’vosi bor har kim egalikni tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etishi kerak bo‘ladi.
Bu esa qaror mohiyatan ushbu hududlarni Isroilga de-fakto qo‘shib olish jarayonini yangi bosqichga olib chiqadi. Jumladan:
1. Yerlarni ro‘yxatga olishning tiklanishi: Isroil hukumati 1967 yildan buyon amalda bo‘lgan harbiy buyruqni bekor qildi. Ushbu buyruq G‘arbiy sohilda yerlarni rasmiy ro‘yxatga olishni (yerga egalik huquqini belgilashni) to‘xtatib qo‘ygan edi.
Endilikda Isroil hukumati bu hududlarda kimga tegishli ekani aniq bo‘lmagan yerlarni o‘zining «davlat mulki» sifatida rasmiylashtirishni boshlaydi.
2. «De-fakto anneksiya» sari qadam: Ekspertlar va xalqaro kuzatuvchilarning fikricha, bu qaror hududni rasman Isroil tarkibiga qo‘shishning huquqiy asosi hisoblanadi. Qaror Isroil to‘liq harbiy va fuqarolik nazoratini ushlab turgan G‘arbiy sohilning 60% qismi, ya’ni C hududini (C Area) qamrab oladi.
Yerlar davlat mulki deb e’lon qilingach, u yerda yahudiy aholi punktlari – posyolkalarni, yo‘llar va harbiy infratuzilmalarni qurish huquqiy jihatdan ancha osonlashadi.
3. Falastinlik yer egalari uchun qiyinchiliklar. Bu qaror mahalliy falastinliklar uchun jiddiy huquqiy to‘siqlarni keltirib chiqaradi: endi falastinliklar o‘z yerlariga egalik qilishini isbotlash uchun Usmonli imperiyasi, Britaniya mandati yoki Iordaniya davridagi hujjatlarni taqdim etishi shart.
Ammo ko‘plab oilalarda bunday rasmiy hujjatlar yo‘q yoki ular faqat an’anaviy kelishuvlarga tayanadi. Agar egalik isbotlanmasa, yer avtomatik ravishda Isroil davlati mulkiga o‘tishi mumkin.
Qaror ilk bor o‘tgan yil may oyida e’lon qilingan, biroq uni tasdiqlashdan oldin qo‘shimcha ishlab chiqish talab etilgan edi. Isroil hukumati bu jarayonlarni amalga oshirish uchun qariyb 80 million dollar ajratgan. Reja 2026 yildan 2030 yilgacha bo‘lgan davrni qamrab oladi. Taklif hukmron koalitsiyadagi ayrim o‘ta o‘ng qanot siyosatchilar, jumladan adliya vaziri Yariv Levin tomonidan ilgari surilgan.
G‘arbiy Sohilning 3 ta hududi
1995 yilda imzolangan «Oslo II» kelishuviga ko‘ra, G‘arbiy sohil – ma’muriy va xavfsizlik jihatidan uchta asosiy zonaga bo‘lingan. Bu bo‘linish dastlab 5 yilga mo‘ljallangan vaqtinchalik chora edi, biroq u hali ham amalda qolmoqda.
A hududi — ham fuqarolik, ham xavfsizlik masalalarida to‘liq Falastin ma’muriyati nazoratida. G‘arbiy sohilning taxminan 18% qismini tashkil qiladi. Ramalloh, Nablus, Jyenin va Baytlahm kabi yirik Falastin shaharlarini o‘z ichiga oladi. Isroil fuqarolarining bu hududga kirishi Isroil qonunchiligi bo‘yicha taqiqlangan.
B hududida – aralash nazorat. Fuqarolik ishlari (ta’lim, sog‘liqni saqlash, iqtisodiyot) Falastin ma’muriyati qo‘lida, ammo xavfsizlik uchun Isroil harbiylari mas’ul. G‘arbiy sohilning taxminan 22% qismini egallaydi. Asosan yuzlab Falastin qishloqlari va ularning atrofidagi yerlardan iborat.
C hududi – to‘liq Isroil nazoratida (ham fuqarolik, ham xavfsizlik). G‘arbiy sohilning eng katta qismi — taxminan 60 foizini egallagan. 300 mingdan ortiq falastinlik C hududida yashaydi. Atrofdagi jamoalarda esa undan ham ko‘proq aholi yashab, qishloq xo‘jaligi va yaylov yerlarida tirikchilik qiladi.
Shuningdek, bu hududda – barcha yahudiy ko‘chmanchilarining aholi punktlari (posyolkalari), asosiy yo‘llar va deyarli barcha bo‘sh yerlar joylashgan. 15 fevraldagi yangi qaror aynan mana shu hududdagi katta yerlarni rasmiylashtirishga qaratilgan.
«Bu falastinliklar yerlarini tortib olish»
Isroildagi ko‘chmanchilar posyolkalar qurilishiga qarshi «Peace How» guruhi bu jarayon falastinliklardan «ulkan yer tortib olish»ga teng ekanini aytdi.
«Bu juda keskin qadam bo‘lib, davlatga C hududining deyarli barchasi ustidan nazoratni qo‘lga kiritish imkonini beradi,» dedi «Peace Now»ning Settlement Watch dasturi direktori Xagit Ofran.
Ofran egalikni isbotlash jarayoni «o‘ta qattiq» va kamdan-kam hollarda shaffof bo‘lishini aytdi. Unga ko‘ra, hozir falastinliklarga tegishli hududlar ro‘yxatdan o‘tkazilsa, ular ehtimol Isroil davlat nazoratiga o‘tadi.
«Falastinliklar egalikni shunday tarzda isbotlashga majbur qilinadiki, ular buni hech qachon uddalay olmaydi,» dedi Ofran AP nashriga bergan intervyusida. «Shu yo‘l bilan Isroil G‘arbiy Sohilning qariyb yarmiga teng qismini egallashi mumkin». Uning aytishicha, ro‘yxatdan o‘tkazish jarayoni shu yilning o‘zida boshlanishi mumkin.
Aslida falastinliklarga yerlarni xususiy tartibda isroilliklarga sotishga ruxsat berilmaydi, biroq o‘tgan hafta e’lon qilingan choralar buni ham bekor qilishni ko‘zlamoqda. Hozirda ko‘chmanchilar Isroil hukumati nazoratidagi yerda uy sotib olishi mumkin. O‘tgan haftadagi qaror, shuningdek, G‘arbiy Sohilda, jumladan falastinliklar boshqaruvidagi hududlarda ekologiya va arxeologiya masalalari bo‘yicha Isroil nazoratini kengaytirishni ham maqsad qilgan.
Bosib olingan G‘arbiy Sohil va Sharqiy Quddusda 700 mingdan ortiq isroillik ko‘chmanchilar yashaydi. Xalqaro hamjamiyat bu hududlarda Isroil posyolkalari qurilishini noqonuniy va tinchlikka to‘sqinlik qiluvchi omil deb hisoblaydi.
Xalqaro hamjamiyat Isroilning rejalariga qarshi
Falastin ma’muriyati prezidenti Mahmud Abbos idorasi bayonotida bu qarorni «jiddiy keskinlashuv va xalqaro huquqning ochiq buzilishi», amalda esa «de-fakto anneksiya» deb atadi. Bayonotda xalqaro hamjamiyat, ayniqsa BMT Xavfsizlik Kengashi va AQSh zudlik bilan aralashishga chaqirildi.
Iordaniya Tashqi ishlar vazirligi bayonotida xalqaro hamjamiyatni «huquqiy va axloqiy majburiyatlarini bajarishga va bosib oluvchi kuch sifatida Isroilni to‘xtatishga majbur qilishga» chaqirdi. Shu bilan birga, Qatar, Turkiya va Yevropa ittifoqining boshqa davlatlari ham Isroilning bu qadamlarini qoraladi.
Avvalgi AQSh ma’muriyatlari G‘arbiy Sohilda Isroil faoliyati va nazoratining kengayishini keskin qoralagandi. Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu amaldagi prezident Donald Tramp bilan yaqin munosabatga ega. Ular o‘tgan hafta Vashingtonda uchrashganida bu masala ham ko‘tarilgan bo‘lishi mumkin.
AQSh prezidenti Donald Tramp Isroilning G‘arbiy Sohilni anneksiya qilishini bir necha bor rad etgan. Biroq uning ma’muriyati Isroilning posyolkalar qurish siyosatini cheklashga urinmagan.
Reuters’ning yozishicha, joriy yil oxirida saylovga duch keladigan Binyamin Netanyahu har qanday Falastin davlati tuzilishini xavfsizlik tahdidi deb hisoblaydi. Shu bois bu qadamlar tezlashib ketgan bo‘lishi ehtimoli yuqori.
BMTning eng yuqori sudi ham 2024 yilda majburiy bo‘lmagan xulosasida Falastin hududlarini bosib olish va u yerdagi posyolkalar noqonuniy ekanini aytgandi. Lekin, Isroil bu hujjat mazmuniga qo‘shilmagan.
Mavzuga oid
19:09
Yuzlab o‘zbekistonliklar Isroilning G‘azoga qarshi urushida qatnashgan – OAV
13:48
Isroil yana G‘azoga zarba berdi: 12 kishi halok bo‘ldi
15:42 / 13.02.2026
Isroilga qurol: Germaniya konstitutsiyaviy sudi shikoyatni qabul qilmadi
09:26 / 28.01.2026