Jamiyat | 18:11 / 14.06.2021
10205
11 daqiqa o‘qiladi

3 bosqichli sinov, talabalar uchun alohida narxlar – Aston universiteti magistranti bilan suhbat 

UzbekLife chet eldagi vatandoshlar bilan intervyularni davom ettiradi. Navbatdagi suhbatdoshimiz Mahfuza Abdurahimova Jizzax viloyatida tug‘ilgan. O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining “Ingliz filologiyasi” yo‘nalishida bakalavriat, “Ingliz adabiyoti” mutaxassisligida magistratura bosqichini tamomlagan.

Hozirda Buyuk Britaniyadagi Aston universitetida magistrlik darajasini olish arafasida.

3 bosqichdan sinov o‘tkazildi

O‘zbekistonda “El-yurt umidi” jamg‘armasi 2019 yilning boshida chet elda stajirovka, magistratura, doktorantura stipendiyalari uchun tanlov e’lon qildi. Ko‘plab talabgor qatori men ham “otni qamchiladim”.

Nomzod xorijiy tilni puxta bilishi, kamida 2 yil stajga ega bo‘lishi talab qilinardi. Men gumanitar yo‘nalishda magistratura bosqichi uchun hujjatlar topshirdim. Tanlovning birinchi bosqichida hujjatlar ko‘rib chiqildi, ikkinchi bosqichda ingliz tilini bilish darajamiz aniqlandi. Bunda magistratura yo‘nalishidagi nomzodlar uchun IELTS 6.5 o‘tish balli qilib belgilangan edi. Xalqaro sertifikati bo‘lmaganlarni suhbat qilib ko‘rishdi, ammo baribir xorijga ketguncha sertifikat olishimizni shart qilishdi. Uchinchi bosqichda ham suhbat bo‘lib, bunda chet elda o‘qishdan maqsadimiz, qaytib kelgach O‘zbekistonga qanday nafimiz tegishi haqida so‘rashdi. Undan keyin esa Prezident asarlari bo‘yicha esse yozdik. Uchinchi bochqichdan o‘tganlar to‘rtinchi bosqichda intellektual salohiyatni aniqlovchi test (IQ)topshirdik.

Sil kasalligiga ko‘rikdan alohida o‘tishlarini so‘raydi

Buyuk Britaniyaga o‘qishga ketmoqchi bo‘lgan talabalar viza masalasiga katta ahamiyat berishlari kerak. Sababi, ushbu jarayon ko‘p vaqt talab etadi. Aynan Buyuk Britaniyaga viza olish qiyin bo‘lgani uchun ko‘pchilik o‘zim eplolmayman, deb agentliklarga murojaat qiladi. Lekin internetdan tartibini o‘rganib chiqsa, hamma ham o‘zi bemalol qila oladi. Barcha xarajatlar jamg‘arma tomonidan qoplanadi. Shuni ham qayd etish kerakki, talabaning o‘zida ham ma’lum miqdorda mablag‘ bo‘lishi kerak. Bizda Buyuk Britaniya elchixonasi bo‘lmaganligi sababli, o‘sha vaqtda hujjatlar Turkiya orqali rasmiylashtirilgan. Yana alohida jihatlardan biri – tibbiy sug‘urta. Tibbiy sug‘urta bo‘lmasa, mamlakatga kiritilmaydi. Buyuk Britaniya migrantlarni sil kasalligiga ko‘rikdan alohida o‘tishlarini so‘raydi. Bu orada mamlakatdagi o‘qimoqchi bo‘lgan universitet bilan ham xabarlashib turish kerak. Ular sharsiz taklif (Unconditional offer)yuborganidan so‘ng viza beriladi.

Britaniyadagi ilk kun esda qolarli bo‘lgan

Hech esimdan chiqmaydi, 27 sentabr kuni O‘zbekistondan Londonga Turkiya orqali uchganmiz. Birmengim shahridagi Aston universitetini topib bordim. O‘sha kun rosa yomg‘ir yog‘ayotgan edi. Yotoqxonadan avvaldan joy band qilgandim. Xonaning kalitini berishgach, kirib bordim-u, bo‘m-bo‘sh xonada yolg‘iz o‘zim qoldim. Ko‘rpa-to‘shaklar sotib olish uchun atrofda joylashgan do‘konlarni bilmasdim. Amallab topgunimcha, juda ko‘p vaqt ketdi. Aslida do‘kon yotoqxonadan 5 daqiqalik yo‘l edi. O‘sha kun o‘zimni yolg‘iz his qilib, yig‘lagandim. Ammo keyinchalik hammasi o‘z iziga tushib ketdi.

Talabalar hayoti

Bu yerda talabalar uchun hayot zo‘r. Angliya Yevropadagi xalqaro talabalari oqimi juda katta bo‘lgan davlat. Juma va shanba kunlari ko‘chalar odamlarga liq to‘ladi. Shaharda yurganingizda yoningizdan odamlar turli tillar hamda lahjalarda gaplashib o‘tadi. Ingliz tilidan tashqari, rus, qozoq, polyak, ispan, fransuz, nemis, arab, afrikan tillari. Sharoitlar juda ham yuqori darajada. Bu yerda kursdoshlar va o‘qituvchi oldida doskaga chiqib og‘zaki vazifalar topshirish, kurs ishi/dissertatsiyani himoya qilish, taqdimot qilish degan narsalar umuman yo‘q. Hammasi yozma tarzda topshiriladi.

Shuningdek, universitetlarda Talabalar uyushmasi (Studens Union) degan uyushma bo‘ladi. Xalqaro talabalar shaharga va universitet hayotiga moslashib olishi uchun uyushma turli tadbirlar, kechalar, suhbatlar o‘tkazadi, universitet hayoti, tartib-qoidalari bilan tanishtiradi, turli klublar faoliyatini yo‘lga qo‘yadi. Talabalar o‘z qiziqishiga qarab, drama klub, kinoklub, kitobsevarlar klubiga qo‘shilishi mumkin. Undan tashqari, uyushma qoshida turli jamiyatlar ham mavjud bo‘lib, bu ko‘proq millati va tili o‘xshash talabalar guruhidir. Bu jamiyat a’zolari o‘zaro ko‘rishib, an’analarini birga nishonlashi, milliy taomlarini pishirishi mumkin. Afsus, bizning universitetda o‘zbeklar kam, shuning uchun men rus tilida so‘zlashuvchilar jamiyatiga qo‘shildim. Biz har hafta oxirida ko‘rishib turamiz.

Universitetlar tun-u kun ishlaydi

Agar o‘qituvchidan darsdan tashqari vaqtda konsultatsiya olmoqchi bo‘lsangiz, shundoq kafedraga borib, uni uchratib gaplasha olmaysiz. Buning uchun onlayn tarzda uning qabuliga yozilishingiz kerak. O‘qituvchilar bitta talabaga o‘rtacha 15-20 daqiqa vaqt ajratadi. Biz odatda, o‘qituvchimiz bilan was tizimi orqali bog‘lanardik.

ID karta orqali mamlakatdagi istalgan kutubxonadan foydalanish mumkin. U yerda hamma sharoit bor. Bu yerda oraliq, joriy nazoratlar bo‘lmaydi. Talaba 6 hafta mustaqil izlansa, 10-11 hafta o‘qiydi. Imtihonlar ham onlayn topshiriladi. Bahosidan norozi talaba sinovlarni qayta topshirishi mumkin.

Shahar transportlariga talabalar uchun alohida narxlar belgilangan. Deyarli hamma narsa uchun talaba IDsi orqali muomala qilinadi. Bu juda qulay. Ammo ID kartangizni unutib qoldirsangiz, hatto darsga kelganingizni ham isbotlay olmaysiz. Chunki o‘qituvchi davomat qilmaydi.

Dars jarayonlari, topshiriqlar yuqorida aytganimdek blackboard tizimiga yuklanadi. Darslar odatda 1-2 soat davom etib, bir semestrda 3-4 ta fan bo‘ladi.

Universitetlar talabalar uchun 24 soat ochiq ekanini alohida e’tirof etish joiz. Imtihon vaqtlari kutubxonalar ham tun-u kun faoliyat olib boradi.

O‘zimizning ovqatlar mazaliroq

Britaniyaliklarning xorijliklarga nisbatan munosabati yaxshi. Bu yerda kimgadir ko‘zingiz tushsa, u sizga, albatta, jilmayib turgan bo‘ladi. Keyinchalik bu odat sizga ham o‘tadi. “Sorry”, “Excuse me” so‘zlarini ko‘p eshitasiz. Umrimda bu yerdagi kabi ko‘p uzr demaganman ham, eshitmaganman ham.

Tabassum va samimiyat o‘ta yuqori darajada. Misol uchun, ulardan biror manzilni so‘rasangiz, to‘liq va samimiyat bilan tushuntirishadi.

Birmingemda o‘zbeklar Londondachalik ko‘p bo‘lmasa-da, yetarlicha uchrata olasiz. Facebook ijtimoiy tarmog‘i orqali bu yerda yashaydigan o‘zbeklar bilan do‘stlashganmiz.

Uylarida mehmon bo‘ldik. Zoom orqali gaplashib turamiz. Mana, yaqinda bir yurtdosh akamiz farzandlariga Aqiqa to‘y qildilar. Yaxshi kunlarida yonlarida turdik.Ayniqsa, somsa va chuchvara yeb, mazza qildim.

Londonda o‘zbeklar juda ko‘p, hatto, o‘zbek mahallasi bor. O‘zbekistonni yaxshi bilishadi. Yurtimizda saylov bo‘lgan yili elchixonada saylovda qatnashdik, osh tashkil qilindi.

To‘g‘ri, boshida qiyinchilik bo‘lgan, muhitga ko‘nikishga qiynalgandim. Hozir esa ingliz unlaridan ko‘ra, rus va turk do‘konlaridagi un bizga ko‘proq to‘g‘ri kelishini bilib olganman.

Ovqatlarda farq juda katta. O‘zimizning ovqatlar mazaliroq. Bu yerning taomlari menga ta’msizroq tuyuladi. Xuddi gibrid ta’mdek.

Har bir universitet ‒ bir dunyo

Bu mamlakatda har bir universitetning har birining o‘z nizomi bor. Ilmiy-tadqiqot jarayoni ham o‘ziga xos. Har bir universitet dissertatsiya himoyasi uchun maxsus so‘z miqdori bor. Masalan, Aston universitetida 15 ming so‘z qabul qilingan. Ustozlar hamda kursdoshlar oldida himoya qilish degan xavotir yo‘q bu yerda. Magistrantlar onlayn himoya qilishadi.

Qishin-yozin yam-yashil o‘lka

Ob-havosi ajoyib, namlik yuqori. 23-24 darajada isib ketasiz. Tabiati qishin-yozin yam-yashil tusda. Iliq ob-havo hukmron. Qor kam yog‘adi. Angliya desa, ko‘z oldimda yashillik gavdalanadi.

Shaharlari toza, menga osmoni juda yaqin, bulutlari tiniq tuyuladi.

Rosti, yomg‘irni uncha yoqtirmayman. Lekin bu yerda yomg‘ir ko‘p yog‘adi. Ingliz oshxonasi u qadar boy emas. Maxsus ovqatlari juda kam. Fishen chips keng tarqalgan. Mavsumiy ovqatlari menga unchalik manzur kelmagan.

Shokolad, gilos, sut mahsulotlari, shirinliklariga tasanno aytasiz. Xushta’m soklar ishlab chiqariladi. Go‘shtlarini yaxshi pishirishmaydi, sal xomroqdek tuyulgani uchun, sevib iste’mol qilmayman.

Angliyani tashrif buyurib kashf etish kerak

Inson dunyo kezishi, tabiat in’omlaridan bahra olishi kerak, deya hisoblayman. Til o‘rganayotganda, muhitini o‘rganishi uchun o‘sha davlatga borishi, sayohat qilishi, odamlari bilan tanishishi kerak. Ana o‘shandagina o‘sha davlatni o‘zi uchun kashf eta oladi. Bahs va munozaralarda toblanadi. Buyuk Britaniyada turistik joylar benihoya ko‘p.     

Dunyoqarashingiz kengayib, dini, irqi, millati, dunyoqarashidan qat’i nazar, insonlarni yanada yaxshi ko‘ra boshlaysiz. Asosiysi ularga avvalo ‒ Inson deya qaraysiz.

Turli xil millat, elat, dunyoqarash egalari bilan tanishasiz. Bu yerda o‘rgangan narsangiz hech qachon sizga ortiqchalik qilmaydi. “Tumanli albion” sizni o‘ziga maftun qilishi shubhasiz.

Ziyodaxon G‘ulomova suhbatlashdi 

Mavzuga oid