Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Indoneziyadagi masjidda portlash: 55 kishi jarohatlandi. Gumondor 17 yoshli o‘quvchi
Jakartadagi maktab majmuasida joylashgan masjidda – juma namozi vaqtida sodir bo‘lgan portlashlar oqibatida o‘nlab odamlar kuyish jarohatini oldi. Dastlabki taxminlarga ko‘ra, portlovchi moslama – qo‘pol muomalaga uchrab yurgan o‘quvchi tomonidan maktabga olib kelingan.
Foto: Reuters
Politsiya ma’lumotiga ko‘ra, hodisa mahalliy vaqt bilan soat 12:15 atrofida poytaxt Jakarta shahrining Kelapa Gading tumanidagi maktab majmuasida joylashgan masjid ichida yuz bergan.
Portlashdan so‘ng 55 kishi turli darajadagi — yengil va og‘ir, jumladan, kuyish jarohatlari bilan shifoxonalarga yotqizilgan. Vafot etganlar haqida ma’lumot yo‘q.


Indoneziya politsiya boshlig‘i Listyo Prabovoning aytishicha, gumonlanuvchining o‘zi ham jarohat olgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, hodisa yuzasidan tergov olib borilmoqda, jumladan, «gumondor portlovchi moslamani qanday tayyorlagani va hujumni qanday amalga oshirgani» o‘rganilmoqda.
«Mash’um tovushni eshitganimizda juda hayron bo‘ldik — portlash juda kuchli edi. Yuragimiz tez ura boshladi, nafas olish qiyinlashdi va biz tashqariga yugurdik», — dedi Reuters bilan gaplashgan 43 yoshli Lyusiana. U hodisa paytida maktab oshxonasida ishlayotgan edi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bir necha portlash sodir bo‘lgan, derazalar sinib ketgan va o‘nlab odamlar sarosimaga tushib, majmuadan qochib chiqqan.
Maktab o‘quvchilaridan birining hukumatga qarashli Antara axborot agentligiga aytishicha, portlovchi moslama qo‘pol muomalaga uchrab yurgan o‘quvchi tomonidan maktabga olib kelingan.
Boshqa o‘quvchilar esa gumonlanuvchini «yolg‘iz yuradigan shaxs» deb tasvirlagan. U tez-tez zo‘ravonlik sahnalarini chizgan va portlashdan keyin yerda yotgan holda topilgan.
Jakarta politsiyasi yuqori lavozimli rasmiysi voqea joyida qurolga o‘xshash ikki buyum topilganini tasdiqladi. Antara nashri e’lon qilgan suratlarda ularning biri avtomat qurolga, boshqasi pistoletga o‘xshab ko‘ringan. Shuningdek, voqea joyidan qurol o‘qlari uchun mo‘ljallangan to‘q yashil rangli belbog‘ ham topilgan.
Avtomat qurolga o‘xshash buyumda «Brenton Tarrant. Welcome to Hell» – «Brenton Tarrant. Do‘zaxga xush kelibsan» degan yozuv bor edi. Brenton Tarrant – 2019 yilda Yangi Zelandiyadagi Islom markaziga hujum qilib, 51 kishini o‘ldirgan terrorchi hisoblanadi.
Keyinroq voqea joyiga tashrif buyurgan vazir qurollar haqidagi da’volarni rad etdi — «rasmlarda ko‘rsatilgan narsa aslida o‘yinchoq qurol bo‘lib chiqqan», dedi u.
Shuningdek rasmiylar tergov hali davom etayotganini ta’kidlab, jamoatchilikni portlashni «terrorizm harakati» deb taxmin qilmaslikka chaqirgan.
8 noyabrga o‘tib, Indoneziya politsiyasi masjidda sodir bo‘lgan portlashlar yuzasidan tergov davomida portlovchi modda bo‘lishi mumkin bo‘lgan kukun topganini ma’lum qildi.
Politsiya boshlig‘ining aytishicha, gumondor – 17 yoshli o‘quvchi hozir jarrohlik amaliyotidan so‘ng sog‘ayish bosqichida.
«Bir nechta daliliy buyumlar topildi. Xususan, yozma materiallar va portlashga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan biroz kukun topildi», — dedi politsiya boshlig‘i Listyo Prabovo.
Uning aytishicha, boshqa ma’lumotlar – ijtimoiy tarmoqlar va gumondorning oila a’zolari orqali barcha tafsilotlar aniqlashtirilmoqda.
Prabovo shuningdek, gumondor talaba juma kuni o‘tkazilgan jarrohlik amaliyotidan so‘ng sog‘ayayotganini bildirdi.
«Uning ahvoli yaxshilanmoqda, bu esa tergov jarayonini davom ettirishimizni osonlashtiradi degan umiddamiz», — dedi politsiya boshlig‘i.
Mavzuga oid
10:17 / 25.03.2026
272 ta masjidda favqulodda ogohlantirish uskunalari o‘rnatildi
11:22 / 24.03.2026
O‘monda Temuriylar izi topildi: saroy va masjidlarda Samarqand uslubi
09:25 / 06.03.2026
Malayziya va Indoneziyadan jalb qilingan sayyohlar uchun subsidiya ajratiladi
11:46 / 28.02.2026