Jamiyat | 11:18 / 13.06.2022
45313
11 daqiqa o‘qiladi

«Sevimli» telekanali xodimlari IIO xodimlari tomonidan kaltaklangani xabar qilindi. IIV va AOKA munosabat bildirdi

«Sevimli» telekanali xodimlari O‘zbekiston–Iroq o‘yiniga kirmoqchi bo‘lganida ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan kaltaklangani xabar qilindi. IIV telekanal tasvirchisi janjal vaqtida jarohat olganini ma’lum qildi.

Foto: Facebook

11 iyun kuni Toshkentdagi «Paxtakor» stadionida U-23 Osiyo kubogining chorak finali doirasida O‘zbekiston va Iroq jamoalari o‘rtasidagi o‘yinni yoritishga borgan «Sevimli» telekanali xodimlari muammoga duch kelishgan.

Mazkur telekanalning «Zamon» yangiliklar dasturi veb-saytida telekanal xodimlari stadionga kirishda ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan kaltaklangani haqida xabar qildi. Keyinroq bu yangilik o‘chirib tashlandi, ammo Facebook’da uning nusxasi saqlanib qolgan.

Jabrlanuvchilar nima deydi?

Xabarda aytilishicha, telekanal xodimlari turnirning barcha o‘yinlarini yoritish uchun akkreditatsiyaga ega bo‘lgan va o‘z vazifasini bajargan. Bunga qadar bo‘lgan o‘yinlar ham sport muxbiri va uning tasvirchisi tomonidan yoritib kelingan. «Biroq, kechagi o‘yin hamkasblarimiz uchun qimmatga tushdi», — deyiladi xabar matnida.

Soat 21:00 lar atrofida (intervyu olish maqsadida) ikki xodim «Paxtakor» stadioniga borganida, organ xodimlarining qarshiligiga uchragan. Futbolni yoritish uchun berilgan maxsus ruxsatnomani ko‘rsatishlariga qaramay, ular haqoratlangan: «Pressa bo‘lsang, bizga po***. Biz topshiriqni bajaramiz».

Shundan so‘ng ijodiy guruh o‘zining e’tirozlarini bildirgan va stadion oldidagi holatni tasvirga olishni boshlagan. Organ xodimlari esa tasvirchining ruxsatnomasiga chang solgan. Kamerasini tortib olgan. Tasvirchining qo‘lini orqaga qayirib, jurnalistdan uzoqlashtirgan.

«Faoliyatim davomida birinchi marta shunday holatga duch keldim. Chunki konfliktga boradigan odam emasman. Buni meni yaqindan taniganlar yaxshi bilishadi. Ochig‘i, o‘sha mahalda o‘zimni jinoyatchidek his qildim. Organ xodimlaridan biri dabdurustdan mikrofonimga tashlandi va uni kimgadir uloqtirdi, qo‘limni orqaga qayirdi. Ikkinchisi esa kamarimdan mahkam ushlab oldi.

Bir mikrofonimga qarayman, bir tasvirchimga. Shu payt tasvirchim yerda yotgan holatda zarbdan baqirayotganiga ko‘zim tushdi. 6-7 nafar ichki ishlar xodimlari va bir nafar milliy gvardiya xodimi tepkilayotgandi. Xodimlarning biri oyog‘iga dubinka bilan urdi. Qolgani qorin va bosh qismiga tepdi. Qo‘llarim ushlangan, imkonsiz qoldim, faqat urmanglar deb baqira oldim, xolos. 

Bu jarayon soniyalar ichida sodir bo‘ldi-ki, nima bo‘layotganini anglab-anglamasdim. Odamlar OAV xodimlari tepkilanayotganini tasvirga olayotgandi. Ko‘pchilik oldida izza bo‘lganimiz qoldi. Qo‘llarimizni qayirib, Shayxontohur tuman IIB binosiga olib borib, navbatchilik qismiga topshirishdi. 

Tasvirchim og‘riqqa chidolmay, ichki ishlar binosi koridorida yerda o‘tirib qoldi. Meni esa tashqariga chiqarib yuborishdi. Operatorimning sog‘ligi yomonlashayotganini ko‘rib, tez tibbiy yordamga qo‘ng‘iroq qilishga majbur bo‘ldim. Tibbiyot xodimi ichki ishlar bo‘limida qoldirish xavfli ekani, zudlik bilan shifoxonaga olib ketish lozimligini aytdi. Shundan so‘ng sherigimni Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga olib ketishdi», — deydi jurnalist.

Elektroshoker qo‘llangan

Tasvirchi bo‘lgan voqea haqida gapirar ekan, do‘pposlash vaqtida organ xodimlari unga elektroshoker qo‘llaganini, agar nimjonroq odam bo‘lsa, buncha kaltaklashdan keyin o‘lib qolishi ham hech gap emasligini ta’kidlagan.

«Urib qo‘limdagi kamerani tortib oldi. Har tomonimdan musht tushirdi, lekin yiqilmadim. 6-7 kishi bir vaqtning o‘zida tepkilardi. Shu payt ulardan biri ikki marta ko‘krak qismimga elektroshoker tekkazdi. Men yiqildim. Qolganini aniq eslolmayman. Tanamdagi og‘riq zo‘ridan ko‘zim oldi dam qorong‘ilashib, dam xiralashib... Ma’lum vaqt hushimni yo‘qotdim.

Meni shifoxonaga olib borganda hamkasblarim 102 ga xabar berib, holatni tushuntirgan. Ammo mana bir sutkaki, ulardan darak yo‘q. Meni-ku, jonim omon qoldi, biroq o‘rnimda boshqa «slabiyroq» odam bo‘lganda, u zarblarga dosh berolmay, o‘lib ham qolishi mumkin edi. Bir odamning taqdiriga shu qadar befarq qaraladimi?» — deydi tasvirchi.

Shifokorlar unga jag‘-tish sinishi tashxisini qo‘ygan.

Tasvirchi kasalxonaga olib ketilgandan keyin jurnalist kamera, shtativ, mikrofon va ruxsatnomalarini qaytarib berishni so‘ragan. Uning ko‘z oldida fleshkani Toshkent shahar IIBBga yuborishgan va «o‘zing o‘sha yerdan olasan» deyishgan. Bu orada futbol allaqachon tugab ham bo‘lgan. Soat tungi 02:10 larda muxbir shikastlangan kamera va shtativni olgan. Biroq mikrofon va ruxsatnomalar hamon qaytarilmagan.

«Eng qizig‘i, bo‘lar ish bo‘lgandan so‘ng muxbirdan ichki ishlar xodimlari kechirim so‘rab, ortiqcha gap qilmasligi va biron joyda gapirib yurmasligini aytgan», — deyiladi xabarda.

IIV telekanal tasvirchisi janjal vaqtida jarohat olganini aytmoqda

IIV matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov sodir bo‘lgan voqeaga munosabat bildirib, holat bo‘yicha tekshiruv tayinlanganini ma’lum qildi. Uning o‘z Telegram-kanalida yozishicha, «Paxtakor» stadionida O‘zbekiston—Iroq futbol jamoalari o‘yini jarayonida jamoat tartibini saqlashga biriktirilgan ichki ishlar va milliy gvardiya xodimlari tomonidan soat 21:00 dan keyin stadionda bo‘sh joylar qolmagani sababli, stadionga kirish to‘xtatilgan.

Shu vaqtda, Alisher Navoiy ko‘chasi tarafdan stadionga kirish uchun tashkil etilgan tashqi nazorat perimetrda ayrim fuqarolar norozilik bildirib, stadionga kirishga harakat qilib, janjal uyushtirishgan. Xodimlar tomonidan kelib chiqishi mumkin bo‘lgan bezorilik harakatlari zudlik bilan bartaraf etilib, bir necha fuqaro tuman IIBga olib borilgan.

Aniqlanishicha, fuqarolar orasida «Sevimli» telekanali «Zamon» dasturining vakillari ham bo‘lgan hamda odamlar o‘rtasidagi mushtlashuv jarayonida telekanal operatori T.I.ga tan jarohatlari yetkazilib, texnik ashyolari zarar ko‘rgan. Unga o‘z vaqtida tibbiy yordam ko‘rsatilib, kasalxonaga yetkazilgan.

«Shu kuni boshqa fuqarolardan tan jarohati olgani bo‘yicha ma’lumotlar kelib tushmagan. Hozirda holat yuzasidan tekshiruv tayinlanib, jamoat tartibini buzgan fuqarolarni aniqlash bo‘yicha ishlar olib borilmoqda», — deydi IIV mulozimi.

AOKA vaziyatga aralashdi

Holat yuzasidan Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi o‘z vakolati doirasida Ichki ishlar vazirligi, Bosh prokuratura va Milliy gvardiyaga so‘rov yuborgan.

«Agentlik ayni paytda davom etayotgan xizmat tekshiruvi natijalarini sinchkovlik bilan kuzatib boradi. Ishonamizki, Ichki ishlar vazirligi va Milliy gvardiya amaldagi qonunchilik normalarini chetlab o‘tgan xodimlarining xatti-harakatlariga munosib baho beradi hamda tegishli chora ko‘radi. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi esa ushbu masalani o‘z nazoratiga olishini so‘rab qolamiz.

Agentlik OAV vakillari faoliyatiga to‘sqinlik qilish, noqonuniy yo‘llar bilan daxl qilish, shaxsini obro‘sizlantirishga bo‘lgan har qanday urinishlarni keskin qoralaydi.

Eslatib o‘tamiz, mamlakatimiz qonunchiligida jurnalistlar huquqlari, axborot olish erkinligiga oid masalalar qator normalar bilan mustahkamlab qo‘yilgan. Xususan, «Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunning 8-moddasiga ko‘ra, jurnalist jurnalistlik faoliyatini amalga oshirish chog‘ida shaxs daxlsizligi kafolatidan foydalanadi. Mazkur qonunning 10-moddasiga ko‘ra, davlat jurnalistga axborotni erkin olishini va tarqatishini kafolatlashi, o‘z kasbiga doir faoliyatni amalga oshirishida uning himoya qilinishini ta’minlashi lozim, 14-moddada esa jurnalistning ushbu qonunda belgilangan huquqlarini buzganlik, uning hayoti, sog‘lig‘i va mol-mulkiga tahdid, zo‘ravonlik yoki tajovuz qilganlik qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘lishi belgilangan.

Shuningdek, «Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida»gi qonunning 5-moddasiga muvofiq, davlat ommaviy axborot vositalarining faoliyati va axborotdan foydalanish erkinligini, mulk huquqini, davlat organlarining g‘ayriqonuniy qarorlaridan, ular mansabdor shaxslarining g‘ayriqonuniy harakatlaridan (harakatsizligidan) himoya qilinishini kafolatlaydi, ommaviy axborot vositalarining faoliyatiga to‘sqinlik qilish yoki aralashish taqiqlanadi.

Ta’kidlash joizki, OAV vakillarining kasbiy faoliyati davomida tazyiq ko‘rsatish, to‘sqinlik qilish kabi holatlar so‘z va matbuot erkinligini ta’minlash borasidagi davlat siyosatiga zid bo‘lib, Agentlik, o‘z navbatida, barcha darajadagi davlat idoralari xodimlarini axborot qonunchiligi hamda jurnalistlar vakolatlariga hurmat bilan munosabatda bo‘lishga chaqiradi», deyilgan AOKA munosabatida.

Allamjonov qoraladi

Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov holat yuzasidan munosabat bildirdi.

«Sevimli» telekanali ijodiy guruhiga nisbatan bo‘lgan holatni mutlaqo qoralayman. 

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar bu holatni o‘rganib, aybdorlarni jazolashi shart. Quruq gapni aylantirish yechim emas. Bezorini matbuotdan ajrata olmaydigan xodimlar faqat tizim uchun zarar.

AOKA tashkiloti ham o‘z vakolati doirasida faol faoliyat yuritishi, uning maqsad va vazifalari matbuotni qo‘llash, ularni himoya qilish ekanligi normativ hujjatlarda aniq yozib qo‘yilganligini eslatib qo‘ymoqchiman. 

Jurnalistlar uyushmasini ham yanada faol bo‘lishga chaqiraman. Bu institutlar shunday paytda o‘zini ko‘rsatmasa, yana qachon ularni sezamiz», deydi Komil Allamjonov.

Mavzuga oid