Jamoatchilikka ochiqlanmay, to‘g‘ridan to‘g‘ri parlamentga kiritilgan qonun loyihasida nashriyotlar uchun bosh muharrirning huquqiy maqomi, vazifa va majburiyatlari belgilanayotgani aytilmoqda. Kun.uz'ga intervyu bergan soha egalariga ko‘ra, hujjat bilan kitoblarga ma’naviy-ma’rifiy, estetik talablar qo‘yilmagan. “Amaldagi qonunga ko‘ra, kitoblarga senzura mumkin emas. Muhokamada qatnashganlar aytishdiki, bu punkt bo‘yicha hech qanaqa o‘zgarish yo‘q”, – deydi suhbatda qatnashgan mutaxassislardan biri.

“Noshirlik faoliyati to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha qonun loyihasi Oliy Majlisning Qonunchilik palatasidan Senatga yuborildi. Hujjat 3 o‘qishda 7 hamda 15 iyul sanalarida ko‘rib chiqilgan. Bu bilan nashriyotlarda bosh muharrirning huquqiy maqomi, qolaversa, vazifa, majburiyatlari belgilanishi kutilmoqda.

Loyiha jamoatchilikka e’lon qilinmagan. Quyi palataning rasmiy sahifalarida berilgan ma’lumotlarga ko‘ra, hujjat huquqiy, ma’naviy-ma’rifiy va estetik talablarga mos kelmaydigan adabiyotlar chop etilishining oldini olishga, qolaversa, kitoblarda tarixiy, ilmiy va ommaviy ma’lumotlar aniq bo‘lishiga qaratilgan (ayni vaqt xabar tahrirlanib, o‘zgartirilgan).

Loyiha jamoatchilikning keng muhokamalariga sabab bo‘ldi. Ayrim faollar bu bilan nashriyotlarga senzura joriy etilishidan xavotirda. Kun.uz mavzu atrofidagi savollarga javob olish, qolaversa, hozirda sohadagi vaziyatni tahlil qilish uchun bir nechta nashriyot egalari bilan suhbat uyushtirdi.

Unda O‘zbekiston nashriyoti bosh muharriri Muhiddin Omon, O‘zbekiston noshirlar va kitobsavdo milliy assotsiatsiyasi kengashi raisi Erkin Abdurahmonov hamda “Asaxiy books” loyihasi asoschisi Firuz Allayev ishtirok etdi. Quyida intervyudan qisqa sharh keltiriladi.

Hujjat bilan nima nazarda tutilyapti?

Dastlab Muhiddin Omon qonun loyihasida nimalar nazarda tutilayotganini tushuntirarkan, uning senzuraga daxli yo‘qligini aytdi.

“O‘sha kiritilayotgan o‘zgartirishlar asosan nashriyot faoliyatida bosh muharrirning huquqiy maqomini, uning bo‘lishi muqarrarligini, vazifalarini – umuman nashriyot faoliyatiga amaldagi tartib-qoidalarga mas’ul bo‘lgan shaxsni belgilash bilan bog‘liq. Tasavvur qiling, har qanday nashriyot muayyan yo‘nalishdagi kitoblarni chop etishga ixtisoslashgan bo‘ladi. Aytaylik, unga butunlay o‘ziga ixtisoslashmagan bir yo‘nalishdagi kitoblar [uchun] ham murojaat kelib tushadi.