O‘zbekiston | 12:36 / 19.08.2022
97928
5 daqiqa o‘qiladi

Bobolov va prokuror voqeasi. Hokim himoya qilgani aytilayotgan shaxs korrupsioner bo‘lib chiqdi

Angor tumani Bandlik markazining sobiq direktori 30 dan ortiq kambag‘alning nomiga soxta hujjatlar bilan subsidiya ajratib, jinoiy sheriklari bilan pullarni “yeb yuborgan”. Shunga qaramay, u tez orada yangi lavozimga tayinlangan: hozir tuman hokimligining Mahallabay ishlash markazi direktori bo‘lib ishlayapti – bu esa sud hukmiga zid.

To‘ra Bobolov / Foto: Kun.uz

Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov Angor tumani prokurori Sirojiddin Ramazonovni haqorat qilgani aks etgan audioyozuv haqida xabar bergan edik. Kun.uz ixtiyoriga Bobolov himoya qilgani aytilayotgan angorlik sobiq amaldorning jinoiy qilmishlariga oid sud hukmi kelib tushdi.

Ma’lum bo‘lishicha, 2022 yil 11 may kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Angor tuman sudida Aholi bandligiga ko‘maklashish markazi direktori bo‘lib ishlagan Aziz Yo‘ldoshevga oid jinoyat ishi ko‘rilgan.

Sud hujjatlariga ko‘ra, Yo‘ldoshev direktorlik vaqtida mansab vakolatini suiiste’mol qilib, o‘ziga ishonib topshirilgan davlat mulkini o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilgan. U “Angor City Tomorqa Xizmat” MChJ rahbari Ardasher Bayirov va “Angor Issiqxona Qurish” MChJ rahbari Azamat Sattorov bilan jinoiy til biriktirgan.

Bandlik markazi boshlig‘i “O‘zbekiston Respublikasi Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan subsidiya va grantlar ajratish tartibi to‘g‘risida”gi nizomga asosan, tumandagi ishsiz, kam ta’minlangan va kambag‘al oilalarga subsidiya va grantlar asosida issiqxona qurib berishi kerak bo‘lgan. Biroq u 30 dan ortiq kambag‘al va muhtoj odamlar nomidan soxta hujjatlar tayyorlab, fuqarolarning xabardorligisiz yuqoridagi MChJlar rahbarlari bilan uch tomonlama shartnomalar imzolaydi.

Kambag‘allarga qayishishi kerak bo‘lgan rahbar jami 210 388 572 so‘mlik qurilish ishlari bajarilmaganini bilgani holda rasmiy hujjatlarga soxta ma’lumotlar va yozuvlar kiritadi. Natijada subsidiya mablag‘larini MChJ va xususiy korxona hisobraqamiga o‘tkazib yuborib, o‘zganing juda ko‘p miqdordagi mulkini o‘zlashtirish va rastarata qilish yo‘li bilan talon-toroj qiladi.

“Angor City Tomorqa Xizmat” MChJ rahbari Bayirov 111 004 872 so‘mlik ishlarni qo‘shib yozib, o‘zganing mulkini o‘zlashtiradi. “Angor Issiqxona Qurilish” MChJ rahbari Sattorov esa 99 383 700 so‘mlik qurilish ishlarini bajarmasdan, hisobraqamini to‘ldirib oladi.

Bu ishda o‘ttizdan ortiq jabrlanganlar guvohlik bergan.

Natijada Aziz Yo‘ldoshev Jinoyat kodeksining bir nechta moddalari bilan ayblanib, bir yarim yilga mansabdorlik va moddiy javobgarlik vazifalarini egallash huquqidan mahrum etiladi. Unga ish haqining 15 foizini davlat hisobiga ushlab qolgan holda 2 yil-u 3 oy muddatga axloq tuzatish ishi jazosi tayinlanadi.

“Tadbirkorlar” – ikki MChJ rahbarlari Bayirov va Sattorov ham jinoyat sodir etgani tasdiqlanadi. Ularga ish haqining 15 foizini davlat hisobiga ushlab qolgan holda 2 yil muddatga axloq tuzatish ishi jazosi tayinlangan.

Hukmni tayinlashda jinoyatchilar qariyb 210,4 mln so‘mlik zararni to‘liq qoplagani inobatga olingan.

E’tiborlisi, Aziz Yo‘ldoshev ayni paytda Angor tuman hokimiyati mahallabay ishlash markazi rahbari sifatida faoliyat olib bormoqda. Bu ma’lumotni tuman hokimligi matbuot xizmati Kun.uz'ga tasdiqladi. Bundan kelib chiqadiki, u yana mahallalardagi ehtiyojmandlar, tadbirkorlik qilmoqchi bo‘lganlar, kambag‘allar, subsidiyalar bilan ishlovchi hokim yordamchilariga boshliq.

Yo‘ldoshevning bu lavozimda ishlayotgani sud hukmiga zid. Yuqorida qayd etilganidek, sud unga 1,5 yil davomida mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan vazifalarni egallashni taqiqlagan. Apellyatsiya instansiyasi ham dastlabki sud hukmini o‘zgarishsiz qoldirgan.

Viloyat prokuraturasidagi manbaning tasdiqlashicha, To‘ra Bobolov Angor prokurorini aynan mazkur jinoyat ishida ayblanayotganlarni nazarda tutib haqorat qilgan. Hokim bunda Aziz Yo‘ldoshevning yonini olganmi yoki ikki tadbirkorning – manba buni ochiqlamadi.

Ma’lumot uchun, Bobolov Angor tumanida tug‘ilib o‘sgan.

Mazkur holatlar – “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonun qabul qilingani, kadrlar davlat ishiga tanlov asosida qabul qilinishi haqida juda ko‘p maqtovlar aytilayotgan kunlarda ma’lum bo‘lmoqda.

Bu keysga mas’ullarning reaksiyasi yangi qonun amaliyotda qanchalik ishlay olishi yoki amalda hech narsani o‘zgartirmaydigan navbatdagi hujjatga aylanib qolishini ko‘rsatib berishi mumkin.

Bu qonunga binoan, korrupsionerlar qaytib hech qachon davlat ishiga qabul qilinmasligi shart. Garchi bu talab hali kuchga kirmagan bo‘lsa-da, Angordagi tayinlov qonunga zid bo‘lib qolaveradi: sud qarori oyoqosti qilingan.

Eslatib o‘tamiz, ayni paytda hokim prokurorni so‘kkani eshitilgan audio Bosh prokuratura tomonidan o‘rganilmoqda.

Mavzuga oid