Jahon | 19:53 / 23.04.2026
2851
14 daqiqa o‘qiladi

Yaqin Sharqdagi urush: Tramp «yaxshi yangiliklar» va’da qilmoqda, Eron bo‘g‘ozdagi kemalarga hujum qilmoqda

AQSh prezidenti hafta oxirigacha Eron bilan muzokaralarning ikkinchi bosqichi bo‘yicha «yaxshi yangiliklar» paydo bo‘lishi mumkinligini aytdi. Hozircha muzokaralar davom ettirilishi haqida aniq xabar yo‘q.

Foto: Bloomberg via Getty Images

Bir kun oldin Tramp Eron bilan vaqtinchalik sulh muddati tinchlik muzokaralari yakunlangunga qadar uzaytirilganini ma’lum qilgandi. Ammo eronlik muzokarachilar bu qadamni Amerika ma’muriyatining yangi zarbaga tayyorgarlik ko‘rish uchun vaqtdan yutish yo‘lidagi hiylasi sifatida ko‘rmoqda.

Chorshanba kuni Islomoboddagi manbalar Pokistonning muzokaralarni tiklashga qaratilgan harakatlarida ijobiy dinamika borligini aytishdi.

Ularning so‘zlariga ko‘ra, muzokaralar yaqin «36–72 soat ichida» tiklanishi mumkin.

New York Post nashrining diplomatik yutuqqa erishish imkoniyatlari qanday ekani haqidagi savoliga Tramp matnli ko‘rinishda javob qaytargan: «Buning imkoni bor! Prezident Tramp».

Seshanba kuni Amerika yetakchisi «Eronning parokanda rahbariyati» tomonidan keyingi qadamlar bo‘yicha «yagona taklif» taqdim etilmaguncha Tehron bilan sulh muddatini uzaytirishini ma’lum qilgandi.

«Men harbiylarimizga blokadani davom ettirishni hamda boshqa barcha jihatlardan shay holatda bo‘lish va jangovar qobiliyatni saqlab qolishni buyurdim. Shundan kelib chiqib, ularning taklifi taqdim etilgunga va muzokaralar u yoki bu tomonga hal bo‘lib yakunlangunga qadar o‘t ochishni to‘xtatish rejimini uzaytiraman», – deb yozgandi u Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida.

Chorshanba kuni Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Levitt uzaytirilgan sulh muddati uch-besh kun bilan cheklanishi haqidagi xabarlar «haqiqatga to‘g‘ri kelmasligi»ni bildirdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Donald Tramp hech qanday muddat belgilamagan, «u amalda Eron nefti eksportini to‘xtatib qo‘ygan dengiz qamali»dan mamnun ekani va «Eron juda zaif pozitsiyada qolganini tushunib turgani»ni aytgan.

U AQShning iqtisodiy bosimi sulh sharoitida ham davom etishini qo‘shimcha qilgan.

Tehrondagi kayfiyat

Eron prezidenti Mas’ud Pizishkiyon Eron portlari AQSh tomonidan qamal qilinishi, Trampning tahdidlari hamda u «majburiyatlarni buzish» deb atagan boshqa narsalar Vashington bilan «haqiqiy muzokaralar» uchun asosiy to‘siqlar hisoblanishini aytdi.

U X ijtimoiy tarmog‘ida Eron «muloqot va kelishuvni olqishlagani hamda buni davom ettirayotgani»ni qayd etgan.

Amerika tomoniga murojaat qilarkan, Pizishkiyon «butun dunyo AQShning ikkiyuzlamachi ritorikasi hamda bayonotlar va amaldagi harakatlar o‘rtasidagi ziddiyatni ko‘rib turgani»ni aytgan.

Avvalroq Eron Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Ismoil Baqoiy Tehron Pokistonning o‘t ochishni to‘xtatish haqidagi chaqiriqlariga javoban «siyosiy maydondagi vaziyatni diqqat bilan kuzatib borayotgani»ni aytgan edi.

IRNA davlat agentligi xabariga ko‘ra, Baqoiy Eron «mamlakatning milliy manfaatlari va xavfsizligini himoya qilish uchun zarur va tegishli choralarni ko‘rishi»ni ta’kidlagan.

Shu bilan birga, ko‘plab ekspertlar Tehron harbiy harakatlar to‘xtatilishi bo‘yicha har qanday imkoniyatdan foydalanishi va yana muzokaralar stoliga o‘tirishini ta’kidlagan.

Butun dunyo bo‘ylab eronliklar Eronda begunoh odamlar qatl etilishini to‘xtatish talabi bilan norozilik namoyishlariga chiqmoqda. Foto: Getty Images

BBC fors xizmati muxbiri Jiyar Golning Islomoboddan xabar berishicha, Eron hukumati iqtisodiy bosim va senzura davom etayotgani fonida norozilik namoyishlarining yangi to‘lqini boshlanishidan xavfsiramoqda.

Huquq himoyachilari so‘nggi haftalarda mamlakatda kamida 14 kishi qatl etilgani, namoyish ishtirokchilariga nisbatan o‘lim hukmlari ortib borayotganini qayd etishgan – namoyishchilarning ayrimlari Isroil foydasiga josuslik qilishda ayblanmoqda.

Bu qatllar – rejim yangi qo‘zg‘olondan qattiq qo‘rqayotganining yaqqol belgisi, deb hisoblaydi Gol.

Harbiylashgan «Basij» tuzilmasi qo‘mondonlari davlat televideniyasi orqali chiqish qilib, o‘zgacha fikrlilar shafqatsizlik bilan bostirilishi, hozirgi dushmanlar – AQSh va Isroil bilan kurash davom etishi haqida aytishmoqda.

Chorshanba kuni kechqurun Tramp Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida Tehrondagilar o‘lim jazosiga hukm etilgan sakkiz nafar ayolni afv etishga qaror qilgani haqida yozdi.

«Ajoyib yangilik! Hozirgina menga bugun Eronda qatl etilishi kerak bo‘lgan sakkiz nafar ayol qatl etilmaydigan bo‘lganini xabar qilishdi. Ulardan to‘rt nafari zudlik bilan ozod etiladi, yana to‘rt nafari bir oy muddatdan qamoq jazosiga hukm qilinadi. Men Eron va uning rahbariyatidan mening AQSh prezidenti sifatida qilgan iltimosimni inobatga olib, rejalashtirilgan qatllarni bekor qilgani uchun juda minnatdorman», – deya yozgan u.

Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi hujumlar

Panamaning MSC Francesca nomli layneri
AGUSTIN ALAPONT VIA MARINE TRAFFIC

Eron nashrlari yozishicha, 22 aprel kuni Islom inqilobi muhofizlari korpusi harbiy-dengiz kuchlari Ho‘rmuz bo‘g‘ozida uchta yuk kemasiga hujum qilgan.

Buyuk Britaniyaning Dengiz savdo tashuvlarini muvofiqlashtirish markazi (UKMTO) ma’lumotiga ko‘ra, korpus kateri dastlab Gretsiya kompaniyasiga tegishli bo‘lgan Epaminondas nomli konteynerovozni o‘qqa tutgan. Hodisa O‘mon sohillaridan shimoli-sharqda, 15 dengiz milyasi masofada, Ho‘rmuz bo‘g‘ozi hududida ro‘y berib, kemaga jiddiy shikast yetgan.

Panama bayrog‘i ostida suzgan va BAAga tegishli bo‘lgan Euphoria kemasi ham Eron sohillaridan sakkiz milya g‘arbda hujumga uchragan. Ma’lumotlarga ko‘ra, ekipaj a’zolari orasida jabrlanganlar yo‘q, kema ham shikastlanmagan.

Panama bayrog‘i ostida suzgan yana bir kema bo‘lmish MSC Francesca kemasiga esa Eron sohillaridan taxminan olti milya masofada hujum qilingan, u bu vaqtda O‘mon ko‘rfazidan chiqayotgandi. Kemadagilar «korpusdagi va ekipaj a’zolari yashash bo‘lmasidagi shikastlanish» haqida xabar bergan.

Islom inqilobi muhofizlari korpusi bayonotida aytilishicha, MSC Francesca va Epaminondas «qo‘lga olinib», Eron sohillari tomon yo‘naltirilgan. Eron hukumatiga ko‘ra, bu kemalar «zarur ruxsatsiz harakatlangan va navigatsiya tizimlari ishiga xalal bergan».

Ammo Gretsiya tashqi ishlar vaziri Yorgos Gerapetritis Gretsiya kompaniyasi kemasi «qo‘lga olingani»ni tasdiqlamadi.

Chorshanba kuni kechqurun Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Levitt savdo kemalari Eron tomonidan qo‘lga olinishi o‘t ochishni to‘xtatish rejimini buzish hisoblanmasligini aytdi.

Muzokaralar yo‘li

Quyida aprel oyi boshidan buyon Yaqin Sharqda sulhga erishish bo‘yicha voqealar qanday rivojlangani yodga olinadi.

8 aprel: AQSh va Eron Pokiston vositachiligida o‘t ochishni ikki haftaga to‘xtatish rejimini joriy etishga kelishib oldi. AQSh prezidenti Donald Tramp Eronga Ho‘rmuz bo‘g‘ozini ochish va Qo‘shma Shtatlar bilan bitim tuzish uchun bergan ultimatum muddati tugashiga bir necha soat qolganda sulh e’lon qildi. Tramp sulhning asosiy sharti Ho‘rmuz bo‘g‘ozining «to‘liq, tezkor va xavfsiz ochilishi» bo‘lganini qayd etgan. Eron TIV mamlakat harbiylari ushbu davrda bo‘g‘oz orqali kemalar o‘tishini ta’minlashini tasdiqladi.

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu AQShning Eronga beriladigan zarbalarni to‘xtatish qarorini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi, biroq ikki haftalik sulh «Livanni o‘z ichiga olmasligi»ni aytdi. Bu Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharifning o‘t ochishni to‘xtatish rejimi «hamma joyga, jumladan, Livanga ham taalluqli» ekani haqidagi bayonotiga mutlaqo zid edi.

O‘sha kunning o‘zida Isroil Livanga o‘zi «eng kuchli zarbalar» deb atagan hujumlarni uyushtirdi. Livan rasmiylari ma’lumotiga ko‘ra, buning oqibatida kamida 357 kishi halok bo‘lgan.

10 aprel: Donald Tramp Eronni sulh shartlarini buzishda ayblab, Tehron Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali neft tankerlari o‘tishini ta’minlash vazifasini «juda yomon bajarayotgani»ni bayon qildi. U shuningdek, Tehronni bo‘g‘ozdan o‘tayotgan kemalardan haq undirmaslikni talab qildi.

11 aprel: AQSh va Eronning yuqori martabali mulozimlari, jumladan, AQSh vitse-prezidenti Jyey Di Vens hamda Eron parlamenti raisi Muhammad Boqir G‘olibof ishtirokida Pokistonda muzokaralar bo‘lib o‘tdi. 21 soat davom etgan muzokaralardan keyin Vashington va Tehron asosiy masalalar bo‘yicha murosaga kela olmagani ma’lum bo‘ldi.

Jyey Di Vens Vashingtonning asosiy vazifasi Tehrondan yadro qurolini ishlab chiqmaslik bo‘yicha «qat’iy majburiyat» olish bo‘lgani, biroq «eronliklar ularning shartlarini qabul qilmaslikka qaror qilgani»ni aytdi. Oq uyning yana bir sharti Ho‘rmuz bo‘g‘ozini to‘liq ochish edi. Eron esa muzokaralar AQSh tomonidan qo‘yilgan «haddan tashqari yuqori» talablar tufayli boshi berk ko‘chaga kirib qolganini ma’lum qildi.

12 aprel: Muzokaralar muvaffaqiyatsizlikka uchragach, Tramp Eron portlariga dengiz qamalini e’lon qildi, bu vaqtda Eron ham o‘zining Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi blokadasini davom ettirdi.

Keyingi kunlarda AQSh harbiy-dengiz kuchlari Fors va O‘mon ko‘rfazlaridagi Eron portlarini qamal qilishga kirishdi. Eron buni «qaroqchilik» deb atadi va Eron portlariga xavf tug‘ilgan taqdirda, mintaqadagi biror port «xavfsizlikda bo‘lmasligi» haqida ogohlantirdi.

14 aprel: Vashingtonda Isroil va Livan diplomatlari o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Bu ikki davlat o‘rtasida 1993 yildan buyon o‘tkazilgan ilk shunday uchrashuv bo‘ldi. AQSh ushbu muzokaralarda vositachi sifatida ishtirok etdi.

16 aprel: Isroil va Livan AQSh vositachiligida 17 apreldan kuchga kirgan 10 kunlik o‘t ochishni to‘xtatish kelishuviga erishdi. Kelishuv shartlariga ko‘ra, Livan hukumati «Hizbulloh» va Livan hududidagi boshqa barcha davlatga tegishli bo‘lmagan qurolli guruhlarning Isroil nishonlariga hujum qilishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun sezilarli choralar ko‘rish majburiyatini oldi. Isroil esa o‘zini himoya qilish huquqini saqlab qoldi.

Livan bosh vaziri Navaf Salam ushbu kelishuv mojaro tufayli o‘z uylarini tark etishga majbur bo‘lganlarga qaytish imkonini berishiga umid bildirdi. «Hizbulloh» esa agar Isroilning tashkilotga nisbatan hujumlari to‘xtatilsa, o‘t ochishni to‘xtatish rejimiga «ehtiyotkorlik bilan» rioya qilishini ma’lum qildi.

17 aprel: Isroil va Livan o‘rtasida vaqtinchalik sulh tuzilganiga javoban Eron AQSh bilan o‘t ochishni to‘xtatish rejimi amal qiladigan davr yakuniga qadar Ho‘rmuz bo‘g‘ozini barcha tijorat kemalari uchun ochdi. Donald Tramp ushbu qarorni olqishladi, biroq Tehron Vashington bilan kelishuv tuzmaguncha, AQSh tomonidan Eron portlariga qo‘yilgan blokada o‘z kuchida qolishini bayon qildi.

18 aprel: AQSh Eron portlari blokadasini bekor qilishdan bosh tortgani sababli Eron Ho‘rmuz bo‘g‘ozini qayta yopdi. «AQSh Erondan chiqayotgan va Eronga kelayotgan kemalar uchun to‘liq kema qatnovi erkinligini tiklamaguncha, Ho‘rmuz bo‘g‘ozining maqomi qat’iy nazorat ostida va avvalgi holatida qolaveradi», – deya bayonot berdi Eron harbiylari.

19−20 aprel: AQSh Harbiy-dengiz kuchlari Eron portlariga qo‘yilgan AQSh blokadasini yorib o‘tishga uringan Touska yuk kemasini qo‘lga oldi. Eron rasmiylari buni sulhning buzilishi deb atadi va bunga javob qaytarishga va’da berdi. Shu bilan birga, Donald Tramp 22 aprel kuni Pokistonda muzokaralarning ikkinchi raundi o‘tkazilishini e’lon qildi. U agar Tehron kelishuv tuzishdan bosh tortadigan bo‘lsa, Erondagi barcha elektr stansiyalari va ko‘priklarni yo‘q qilish bilan tahdid qildi.

21 aprel: Vaqtinchalik sulh muddati 21 aprel kuni tugadi. 22 aprel kuni kutilgan muzokaralar boshlanmadi. Tramp muzokaralarni davom ettirishga imkon berish uchun vaqtinchalik sulhni noma’lum muddatgacha uzaytirganini e’lon qildi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid