Jahon | 19:00 / 07.07.2022
42339
9 daqiqa o‘qiladi

Jonson Britaniya bosh vazirligidan ketdi. Asosiy ma’lumotlar

Boris Jonson Konservativ partiya rahbarligi va Buyuk Britaniya bosh vazirligidan ketishini e’lon qildi, ammo u partiyaning yangi yetakchisi saylanmaguncha bosh vazirlik lavozimida ishlashda davom etadi.

Foto: Getty Images

Dauning-stritdagi bosh vazir qarorgohi binosi oldida jurnalistlar qarshisiga chiqqan Jonson o‘z tarafdorlari va Britaniya xalqiga qo‘llab-quvvatlov uchun minnatdorchilik bildirgan hamda «dunyodagi eng yaxshi ish»dan ketayotganidan nihoyatda xafa ekanini, «ammo shunday bo‘lib qolgani»ni aytgan.

U Ukraina xalqiga ham murojaat qilib, britan hukumati uning iste’fosidan keyin ham Ukrainaga yordam ko‘rsatishda davom etishini bildirgan.

Partiya yetakchiligi uchun kurash shu yil yozda bo‘lib o‘tadi va yangi bosh vazir oktyabr oyida bo‘lib o‘tadigan partiya konferensiyasida lavozimga kirishishi mumkin bo‘ladi.

Payshanba kuni konservatorlar partiyasida ham, muxolifatchilar tomonidan ham Jonsonni zudlik bilan ketishga chaqiriqlar yangradi. Ular mamlakat boshqaruvini hukmron partiyaning yangi rahbari saylanguniga qadar bosh vazir o‘rinbosari Dominik Raab o‘z zimmasiga olishi kerak deb hisoblashdi.

«O‘z nutqida Jonson bizga o‘zining asosiy yutuqlari haqida eslatdi - breksitdan tortib kovidga qarshi vaksinatsiya dasturigacha», deya qayd etadi BBC’ning siyosiy korrespondenti Iyen Uotson.

Shuningdek, Jonson istar-istamas ketayotgani, lekin o‘z partiyadoshlari chaqiriqlariga quloq solishini aytgan. Jonson ularning mojarolarga norozilik sifatida iste’fo berishini «ekssentrik» deb atagan, lekin o‘z xatolarini tilga olmagan. U shunchaki hamkasblarini o‘zini qo‘llab-quvvatlashda davom etishga ko‘ndira olmagani uchun afsusdaligini bildirgan.

«Afsuski, mening argumentlarim natija bermadi va men endi juda ko‘p g‘oyalar va loyihalarni amalga oshira olmasligimdan ranjidim», deya qo‘shimcha qilgan Jonson.

Hukumat inqirozi

Britaniya hukumatida bosh vazirga ishonchsizlik bilan bog‘liq jiddiy inqiroz bir necha oydan buyon rivojlanib, shu haftada avjiga chiqdi.

Jonsonning ketishi uning hukumati a’zolari tomonidan ko‘rsatilgan misli ko‘rilmagan darajadagi bosim natijasi bo‘ldi. So‘nggi kunlarda 50 dan ortiq vazirlar va vazirliklarning yuqori martabali amaldorlari, shu jumladan Jonsonning ayrim yaqin tarafdorlari - moliya vaziri Rishi Sunak va sog‘liqni saqlash vaziri Sajid Javid ham o‘z lavozimini tark etishdi.

O‘z karerasi uchun Boris Jonsondan minnatdor bo‘lsa arziydigan ichki ishlar vaziri Priti Patel va transport vaziri Grant Shapps ham bosh vazirni iste’foga chiqishga chaqirgan.

Payshanba kuni tongida Rishi Sunak o‘rniga tayinlangan yangi kansler Nadim Zahavi, bu lavozimni egallaganiga 48 soat bo‘lmay turib Jonsonni vakolatlarini topshirishga chaqirdi va «mavjud vaziyatga toqat qilib bo‘lmasligi, vaqt o‘tib vaziyat faqat yomonlashishi»ni aytdi.

Partiya vakillari yil davomida Jonsonni chetlashtirishga urinib kelayotgandi.

Iyun oyi boshida parlamentda Jonsonga ishonchsizlik votumi e’lon qilish bo‘yicha ovoz berish jarayoni o‘tkazilgan va o‘shanda u kichik farq bilan ustun kelgandi. Bu jarayon 2020-2021 yillarda, mamlakatda qat’iy lokdaun amalda bo‘lgan mahalda Dauning-stritda o‘tkazilgan ziyofat to‘g‘risidagi hisobotdan g‘azablangan Konservatorlar partiyasining 54 nafar deputati tomonidan tashabbus qilingandi.

So‘nggi kunlarda Boris Jonsonning sobiq tarafdorlari unga ortiq ishona olmasliklarini aytishdi. Foto: Getty Images

Jonson hukumati a’zosi Kris Pincher bilan bog‘liq mojaro so‘nggi zarba vazifasini o‘tadi - u erkaklarga jinsiy tegajog‘lik qilishda ayblangan.

Bu ish haqida shu haftada ma’lum bo‘ldi, ikki kishi yopiq klubdagi ziyofat vaqtida Pincher tomonidan o‘zlariga tegajog‘lik qilingani haqida shikoyat qilishgan. Kris Pincher parlamentda konservatorlar intizomi uchun bevosita javobgar hisoblanardi.

Parlamentariylarni Jonson ushbu deputat avval ham shu kabi ishlarda ayblangani, ichki tekshiruvda esa ayblovlar asosli bo‘lgani haqida xulosaga kelinganiga qaramay uni yuqori lavozimga tayinlaganidan qattiq norozi bo‘lishgan.

Jonson avvaliga bunday holatni eslay olmasligini aytgan, keyin esa baribir uzr so‘ragan - ammo bu unga o‘sha voqea haqida shaxsan hisob berilganiga oid rad etib bo‘lmas dalillar paydo bo‘lganidan keyin ro‘y berdi, agar uning o‘zi buni unutgan taqdirda ham kotibi o‘sha uchrashuv to‘g‘risidagi protokolni ochib, unga eslatishi mumkin edi.

Tahlil. Jonsonning o‘rnini kim egallaydi? Kurash allaqachon boshlangan

 

Sajid Javid (chapda) va Rishi Sunak (o‘rtada) o‘z bayonotlarida Jonsondan masofa saqlashga harakat qilishdi. Foto: Getty Images

BBC siyosiy bo‘limi muxbiri Ien Uotsonning yozishicha, Konservativ partiya rahbarligi uchun kurash allaqachon boshlanib ketgan.

Sobiq-kansler Rishi Sunak iste’foga chiqish to‘g‘risidagi bayonotida lavozimdan ketayotgan bosh vazirdan masofa saqlashga harakat qilib, u va Jonson o‘rtasida iqtisodiyot borasida «fundamental kelishmovchiliklar» bo‘lganini aytgan.

Sobiq sog‘liqni saqlash vaziri Sajid Javid ham iste’foga chiqishini e’lon qilar ekan, u boshqacha ekanini ta’kidlagandi. Xususan, Javid siyosatning yuqori pog‘onalariga ko‘tarilish uchun qanday hayotiy to‘siqlarni yengib o‘tishiga to‘g‘ri kelgani haqida gapirgan.

Jonson - imtiyozlarga ega zodagonlar oilasiga mansub bo‘lgan va u kabi siyosatdonlar ko‘pincha ular elektoratning haqiqiy hayotidan bexabarlikda ayblanadi. Javid tez-tez kelib chiqishi oddiy oiladan ekanini, u xususiy maktabga emas, oddiy maktabga borgani va tug‘ilganidan boshlab elita davralarda «sayr qilmagani»ni ta’kidlaydi.

Seshanba kuni Jonson tomonidan Sunak o‘rniga moliya vaziri etib tayinlangan Nadhim Zahavi esa payshanba tongiga kelib Jonsonga «ortdan pichoq urdi» va Boris Jonson tomonida qolish - o‘zini badnom qilish va Konservativ partiya yetakchiligi uchun imkoniyatlarini pasaytirish hisoblanishini aytdi.

Bosh prokuror Suella Braverman ham hukumatdagi yuqori lavozimga qiziqish bildirgan va u katta ehtimol bilan bosh vazirlikka nomzodini qo‘ymoqchi bo‘lganlar safiga qo‘shiladi.

Jonsonning mojaroli boshqaruvi

Jonsonning 2019 yil oxirida boshlangan boshqaruvi qator mojarolar bilan kechdi. Ularning barchasi shuning uchun ham qiziqarli tus oldiki, Jonson avvaliga barchasini rad etar, keyin tan olar va kechirim so‘rardi. Uni muntazam yolg‘onchilikda va nima qilib bo‘lsa ham hokimiyatda qolishni istashda ayblashdi.

Eng shov-shuvli mojaro Dauning-strit 10 - bosh vazir idorasi joylashgan binoda bo‘lib o‘tgan bayram ziyofatlari edi.

Pandemiya chog‘ida, Jonson va uning safdoshlari televideniye ekranlari orqali millatdan qat’iy lokdaun talablariga rioya etishni so‘rayotganida uning ofisi xodimlari Dauning-stritda doimiy ravishda spirtli ichimliklar bilan bazmlar o‘tkazib kelgani va ulardan birida bosh vazirning o‘zi ham ishtirok etgani ma’lum bo‘ldi. Joriy yil boshida politsiya bu holatlarni karantin choralarini buzish sifatida tergov qildi va bosh vazirning o‘zi ham jarimaga tortildi.

Hukmron partiya va muxolif partiyalar deputatlarini g‘azablantirgan narsa shu bo‘ldiki, tergovga qadar Jonson parlamentdagilarni bazmlar haqida unga hech narsa ma’lum emasligini aytib kelgandi.

Boris Jonson 2019 yil Tereza Mey iste’fosidan keyin mamlakat bosh vaziri lavozimini egallab kelayotgandi. U Mey eplolmagan Brexit jarayonini muvaffaqiyatli amalga oshirdi. Jonson vaqtida Britaniya koronavirus pandemiyasini boshdan kechirdi, Ukrainaga bostirib kirgan Rossiyaga qarshi sanksiya kiritish va Ukrainaga yordam berish borasida yetakchilik qildi.

Jonson 2008-16 yillarda London shahri meri, 2016-18 yillar oralig‘ida Britaniya tashqi ishlar vaziri lavozimlarida ishlagan.

Mavzuga oid