Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
AQShdan keyin Britaniya ham Rossiya nefti bo‘yicha litsenziya berdi
Buyuk Britaniya Rossiya nefti asosida uchinchi davlatlarda ishlab chiqarilgan dizel yonilg‘isi va aviatsiya kerosini importiga cheklovsiz litsenziya berdi. Yangi qaror 20 maydan kuchga kiradi va amaldagi sanksiyalarni aylanib o‘tish imkonini yaratadi.
Foto: Amit Dave/REUTERS
Buyuk Britaniya hukumati saytida e’lon qilingan ma’lumotga ko‘ra, litsenziya dizel yonilg‘isi hamda Rossiya neftidan qayta ishlangan aviatsiya kerosinini import qilishga ruxsat beradi. Hujjat muddatsiz amal qiladi, biroq vaqti-vaqti bilan qayta ko‘rib chiqilishi belgilangan.
Reuters agentligining yozishicha, Erondagi urush ortidan Buyuk Britaniyada yonilg‘i narxlarining keskin oshishi hukumatga bosimni kuchaytirgan. Rasmiy London yuqori yashash xarajatlari va energiya resurslari tanqisligi muammosini yumshatishga urinmoqda.
Britaniya hukumati qarori AQShning shunga o‘xshash qadami ortidan qabul qilindi. 18 may kuni Vashington Rossiya nefti va neft mahsulotlarini dengiz orqali sanksiyalarni aylanib o‘tgan holda tashish va sotish bo‘yicha litsenziyani uzaytirgan edi.
AQSh Moliya vazirligi bu vaqtinchalik litsenziya Erondagi urush sabab ta’minot uzilishidan eng ko‘p jabr ko‘rgan davlatlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida joriy etilganini bildirgan.
Shu bilan birga, Buyuk Britaniya Rossiyadan suyultirilgan tabiiy gazni dengiz orqali tashish uchun ham 2027 yil 1 yanvargacha amal qiladigan litsenziya berdi.
Eslatib o‘tamiz, Buyuk Britaniya 2022 yilda Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqinidan so‘ng Rossiya nefti va ko‘miri importini taqiqlagan edi. 2025 yil oktabr oyida esa Rossiyaning “soya floti”ga qarshi keng qamrovli sanksiyalar paketi doirasida Rossiya neftidan uchinchi davlatlarda ishlab chiqarilgan neft mahsulotlari importi ham taqiqlangandi.
Bloomberg agentligi ma’lum qilishicha, Eron atrofidagi mojaro va neft narxlarining oshishi fonida Rossiya neft eksportidan tushayotgan daromadlar Ukrainadagi urush boshlanganidan buyon eng yuqori darajaga yetgan. 3 maygacha bo‘lgan davrda Rossiya neft ta’minotlari uchun haftalik o‘rtacha tushum 2,42 milliard dollarni tashkil etgan.
Shuningdek, Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi keskinlik va blokada xavfi ortidan Vashington Rossiya nefti uchun ayrim bozorlarni qayta ochib, sanksiyalarni yumshatgani qayd etilmoqda.