O‘zbekiston | 16:03 / 12.09.2023
13237
3 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda: uch nafar fransuz o‘qituvchisi maktabda ish boshladi

Samarqand shahridagi 43-ixtisoslashgan davlat umumta’lim maktabiga Fransiyadan uch nafar o‘qituvchi keldi. Ular endi o‘quvchilarga fransuz tilini mukammal o‘rgatishga harakat qiladi. Ular mahalliy o‘qituvchilar bilan tajriba almashib, faoliyat olib borishadi.  

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 30 maydagi farmoyishi asosida umumta’lim tizimiga “Finlandiya tajribasi”ni joriy etish va xorijiy tillarni o‘qitish uchun chet ellik o‘qituvchilar shartnoma asosida taklif qilinmoqda. Samarqand shahridagi 43-ixtisoslashgan davlat umumta’lim maktabi ushbu tajribani amalga oshirishga kirishdi.

Maktab direktori Gulnoza Cho‘tboyevaning aytishicha, xorijlik o‘qituvchilar 2023 yilning birinchi sentabridan 2024 yilning 31 mayiga qadar shartnoma asosida faoliyat olib boradi. Bu vaqt davomida ular nafaqat o‘quvchilarga fransuz tilini o‘rgatadi, balki mahalliy o‘qituvchilar bilan ham yaqin hamkorlik qiladi. To‘garaklar faoliyatini yo‘lga qo‘yishadi.

Fransiyalik o‘qituvchilar shartnomalari, rejalari va ilk taassurotlari haqida Kun.uz muxbiriga gapirib berdi.

O‘qituvchilardan biri Anne Suzuki O‘zbekiston tarixi, madaniyati haqida anchagina tasavvuri, bilimi borligini aytadi.

“O‘zbekiston hukumati bizga so‘rov jo‘natdi. Ko‘ngilli tarzda shu mamlakatda o‘qituvchilik qilishni tanladik. Qolaversa, O‘zbekiston ta’lim tizimi biz uchun ham qiziq. Kelgusida metodik yordam ko‘rsatishdan tashqari, mahalliy o‘qituvchilar bilan ham tajriba almashmoqchimiz”, – dedi Suzuki xonim.

Yana bir o‘qituvchi Lila Tam O‘zbekistonga kelganiga besh kun bo‘lsa-da, iliq taassurot olganini aytdi. Agar imkoniyat bo‘lsa, kelgusida ham shartnomani uzaytirib O‘zbekistonda o‘qituvchilik qilmoqchi.

“Dunyoning ko‘plab davlatlarida o‘qituvchilik qilganman. O‘zbekistonga kelishimdan asosiy maqsad, men O‘rta Osiyoga juda qiziqaman. Bolalar bilan ishlashni yoqtiraman, sizlar haqingizda ham ko‘proq bilishni istayman.

Hozircha men turgan uyning oshxonalari kichik ekan. Katta oshxonam bo‘lib, o‘zbek milliy taomlarini ham o‘zim tayyorlashni xohlayapman”, – deydi Antonin Gagnant.

Ikki tomonlama manfaatli kelishuvga ko‘ra kelgusida bu shartnoma uzaytirilishi yoki to‘xtatilishi mumkin.

Isomiddin Po‘latov.

Tasvirchi va montaj ustasi: Faxriddin Hotamov.

Mavzuga oid