08:28 / 26.06.2024
11330

Kilianda ilk gol, Avstriyada sensatsiya, inglizlarda yana hushtakbozlik. Yevroda kun o‘yinlari

Avstriya va Niderlandiya turnirdagi eng yaxshi o‘yinni, Angliya navbatdagi zerikarli o‘yinini o‘tkazdi.

25 iyun kuni Yevropa chempionatining D va S guruhlarida ham 3-tur o‘yinlari o‘tkazildi. Rangnik Fransiya va Niderlandiya bor guruhda birinchi o‘rinni oldi. Avstriyani hozirdan chempionat kashfiyoti deyish mumkin.

Yevro-2024. D guruhi. 3-tur.

Kilian tavqi la’natni yechdi. Niqobini ham

Fransiya – Polsha 1:1
Gollar:
1:0 – 56, penalti Mbappe, 1:1 – 79, penalti Levandovski.
Fransiya – Menyan, Kunde, Upamekano, Saliba, Ernandes, Kante (Grizmann, 61), Rabio (Kamavinga, 61), Tchuameni (Fofana, 81), Dembele, Barkolya (Jiru, 61), Mbappe.
Polsha – Skorupski, Davidovich, Bednarek, Kiver, Zalevski (Skuras, 68), Zelinski, Shimanski (Sviderski, 68), Moder, Frankovski, Urbanski, Levandovski.
Ogohlantirishlar: Zalevski (24), Rabo (43).

O‘yindan oldin Fransiya lagerida yaxshi yangilik tarqaldi — Kilian Mbappe boshlang‘ich tarkibdan o‘rin olgandi. Uchranglilar sardori ikkinchi turni burnidagi jarohat tufayli o‘tkazib yuborgandi. Birinchi bo‘limda raqiblarga asosiy xavfni aynan u tug‘dirdi: forvard bir necha xavfli vaziyatlarni yo‘qqa chiqardi — bunda yakuniy o‘yinda darvozada Voysex Shchensnining o‘rniga darvozada turgan polyaklar darvozaboni Lukash Skorupski ham xizmatlari katta.

Tanaffusdan keyin Kilian baribir «Bolonya» darvozabonini dog‘da qoldirdi. 56-daqiqada u Usmon Dembele tomonidan ishlangan penaltini sovuqqonlik bilan ijro etdi — «PSJ» futbolchisi o‘ng qanotdan jarima maydoniga kirib kelganida «Arsenal» himoyachisi Yakub Kivyor uning yo‘liga oyog‘ini qo‘ygandi.

Mbappe shu tariqa o‘zi uchun tarixiy golni urdi — bu uning Yevropa chempionatlaridagi ilk goli. Bungacha fransuz o‘yinlarda jami 22 zarba bergan, kutilgan gollar bo‘yicha 3,8 xG qayd etgan, ammo raqiblar darvozalariga yo‘l topolmagandi. Kilian uchun turnirdagi tavqi la’nat faqat penalti orqali yechildi. Uning golidan keyin fransuzlar bosimni kamaytirishdi, polyaklar ham maydonning ikkinchi qismiga ko‘proq o‘ta boshlashdi.

Jamoaning shunday hujumlaridan biri yana bir 11 metrlik jarima zarbasiga olib keldi — Dayo Upamekano raqib oyog‘iga zarba berdi va yo‘q joydan o‘z jamoasiga noqulaylik tug‘dirdi. Robert Levandovski penaltini ikkinchi urinishda to‘g‘ri ijro etdi: birinchi zarbani Mayk Menyan to‘sishga erishgandi, ammo Fransiya darvozaboni darvoza chizig‘ini zarba yo‘llanishidan oldinroq tark etgani ma’lum bo‘ldi. Ikkinchi urinishda u Robertning zarbasiga yeta olmadi.

Fransuzlar g‘alabani qaytarish uchun oldinga tashlanishdi, ammo muvaffaqiyatga erisha olishmadi. Ularda vaziyatlar ham bo‘ldi: raqib jarima maydonida ular 55 bor to‘p bilan muomala qilishdi (bundan ko‘prog‘i Yevro-2020da Angliya ijrosida bo‘lgan). Yakunda Dide Desham jamoasi guruhni ikkinchi o‘rin va ko‘plab savollar bilan yakunladi — o‘yindan birorta gol urilmagan (faqat avtogol va penalti yordam bergan) hamda uch o‘yinda birgina g‘alabaga erishilgan. Polsha esa yakuniy turda prestij uchun ochko ishladi — jamoa o‘tgan o‘yindayoq 1/8 finalga chiqish imkoniyatini yo‘qotgandi.

Niderlandiya va Avstriya ijrosida shedevr o‘yin

Niderlandiya – Avstriya 2:3
Gollar:
0:1 – 6, avtogol Malen, 1:1 – 47 Gakpo, 1:2 – 59 Shmid, 2:2 – 75 Depay, 2:3 – 80 Zabitser.
Niderlandiya – Verbryuggen, Gertryuyda, de Vrey, van Deyk, Ake (van de Ven, 65), Shauten, Verman (Simons, 35), Reynders (Veynaldum, 65), Malen (Veghorst, 72), Gakpo, Depay.
Avstriya – Pents, Posh, Linhart (Baumgartner, 62), Veber, Prass, Zabitser, Grillich (Kverfeld, 64), Shmid, Zayvald, Vimmer (Laymer, 63), Arnautovich (Gregorich, 78).
Ogohlantirishlar: Posh (32), Vimmer (33).

Katta ehtimol bilan, bu Turkiya — Gurjiston o‘yini (3:1) bilan bir qatorda — turnirning eng shiddatli bahsi bo‘ldi. 

Birinchi bo‘limda birgina gol urilgandi: darvozani adashtirib yuborgan Doniell Malen chiroyli avtogol muallifi bo‘lgandi. Bu turnirdagi yettinchisi.

Birinchi bo‘limda avstriyaliklar raqibni o‘z o‘yinini ko‘rsatishga qo‘ymadi — Ronald Kuman 35-daqiqadayoq taktik almashtirish qilishga majbur bo‘ldi: Yoyey Verman o‘rniga Xavi Simons tashlandi. 

Shundan keyin hisobda quvlashmachoq boshlandi, Niderlandiya o‘yin davomida ikki bor hisobni tenglashtirdi, ammo 80-daqiqada Marsel Zabitser urgan golga javob qaytara olmadi. Niderlandlar to‘rt ochko bilan qolib, pley-offga faqat uchinchi o‘rin bilan chiqdi.

Avstriya esa sensatsion g‘alabadan keyin D guruhida birinchi o‘rinni egalladi. Fransuzlardan uchralgan alamli mag‘lubiyatdan keyin (0:1) avstriyaliklar ikkita yorqin g‘alabaga erishib (3:1 i 3:2), bu safargi turnirga katta maqsadlar bilan kelganini namoyish etdi.

Parallel ravishda avstriyaliklar bir necha rekordlarni qayta yozishdi: JCh-1978 dan buyon ilk bor katta turnirda guruh bosqichini birinchi o‘rinda yakunlab, olti gol urdi — bu jamoaning o‘sha mundialdan beri qayd etgan eng yaxshi natijasi. Lekin yo‘qotishlar ham yo‘q emas — Patrik Vimmer sariq kartochkalar soni ortib ketgani tufayli 1/8 finalni o‘tkazib yuboradi. «Volfsburg» vingeri guruhdagi barcha o‘yinlarda ishtirok etdi, Niderlandiyaga qarshi o‘yinda esa ilk bor boshlang‘ich tarkibda tushgandi.

Yevro-2024. S guruhi. 3-tur.

Serblar haqli ravishda turnirni tark etishdi

Daniya — Serbiya 0:0
Daniya – Shmeyhel, Ba (Dileyni, 77), Vestergor, Kristensen, Andersen, Mele, Eriksen (Poulsen, 88), Hyoyberg, Yulmand (Kristiansen, 77), Vind (Olsen, 46), Hoylund (Dolberg, 59).
Serbiya – Raykovich, Velkovich, Milenkovich, Pavlovich, Miyaylovich (Mladenovich, 73), Gudel (Yovich, 46), Lukich (Milinkovich-Savich, 88), Ilich (Vlahovich, 67), Samarjich (Tadich, 46), Mitrovich, Jivkovich.
Ogohlantirishlar: Milenkovich (4), Vind (27), Yulmand (30), Mitrovich (83).

Serblar yana nursiz o‘yin ko‘rsatishdi — birinchi bo‘limda birgina zarba va u ham darvoza sohasiga to‘g‘ri bormadi. Yevrodagi uch o‘yin davomida jamoa birinchi bo‘limlarda jami ikkita zarba yo‘llagan: daniyaliklarga qarshi o‘yinda g‘alaba suv va havodek zarurligi ham jamoani oldinga boshlay olmadi. Bu bosh murabbiy Dragan Stoykovich haddan tashqari ehtiyotkor tarkib tanlagani bilan ham bog‘liq bo‘lishi mumkin — Dushan Vlahovich, Dushan Tadich, Sergey Milinkovich-Savich va Serbiyaning turnirdagi yagona goli muallifi Luka Yovich zaxira o‘rindig‘ida qoldirilgandi.

Daniyaliklarni esa durang ham qoniqtirardi — Sloveniya Angliya bilan o‘yinda yutqazsa, ular S guruhida ikkinchi o‘rin bilan 1/8 finalga chiqishi aniq edi. Kasper Yulmann jamoasi shuni hisobga olgan holda harakat qildi. Birinchi bo‘limda daniyaliklar to‘pga egalik qilish borasida jiddiy ustunlikka erishdi, ammo Predrag Raykovich qo‘riqlayotgan darvoza atrofida jiddiy vaziyatlar yuzaga kelmadi.

Tanaffusda serblar safida Tadich va Yovich o‘yinga qo‘shildi — va amalda darhol xavfli hujum uyushtirildi. Ularning birinchisi aniq pas bilan daniyaliklar mudofaasini dog‘da qoldirdi, ikkinchisi esa darvozabonni aldab o‘tib, to‘pni bo‘sh darvoza tomon tepdi. To‘p himoyachilardan birining oyog‘i orqali darvoza to‘riga kirdi, ammo arbitr darhol golni bekor qildi — hujumchi kichik ofsaydga tushib qolgandi.

Final hushtagi yaqinlashgani sayin jamoalar tezlasha boshladi: serblar yakuniy 25 daqiqalikda uch hujumchi bilan harakat qildi — Dushan Vlahovich Ivan Ilich o‘rniga tushdi. Daniyaliklar darvozasi atrofidagi keyingi xavfli vaziyat faqat 81-daqiqada yuzaga keldi — Aleksandr Mitrovich jarima maydoni tashqarisidan kuchli zarba yo‘lladi, ammo to‘p darvoza sohasiga aniq bormadi.

Eng yaqqol vaziyatni esa zaxiradan tushgan Milinkovich-Savich yo‘qqa chiqardi. Ushbu yarimhimoyachi Serbiyaning uzoq davom etgan hujumi yakunida jarima maydoni chizig‘i ustida hech qanday qarshilikka uchramasdan zarba berdi, ammo zarba juda kuchsiz chiqdi va darvozabon to‘pni egallab oldi. «Burgutlar»ning yulduzli tarkibi yana bir yirik turnirni guruhda so‘nggi o‘rinni olgan holda yakunladi. Daniya esa o‘z maqsadiga erishdi.

Sautgeytdan navbatdagi master-klass

Angliya — Sloveniya 0:0
Angliya – Pikford, Uoker, Stounz, Gehi, Trippiyer (Aleksander-Arnold, 84), Rays, Gallaher (Maynu, 46), Bellinghem, Foden (Gordon, 89), Saka (Palmer, 71), Keyn.
Sloveniya – Oblak, Stoyanovich, Karnichnik, Drkushich, Biyol, Yanja (Balkovets, 90+1), Gnezda-Cherin, Elshnik, Shporar (Tselar, 86), Sheshko (Ilichich, 75), Mlakar (Gorens-Stankovich, 86).
Ogohlantirishlar: Trippiyer (17), Yanja (22), Gehi (68), Biyol (72), Foden (77).

Angliya va Sloveniya uchrashuvi yanada zerikarli kechdi. Birinchi bo‘limda Garet Sautgeyt shogirdlari amalda Yan Oblakka tashvish tug‘dirishmadi — faqat Fil Foden, Bukayo Saka yoki hujum guruhidagi kimdir jarima maydoniga yorib kirishga besamar urindi. Qaysidir pallada sloveniyaliklar zarbalar bo‘yicha «Uch sherlar»dan ustunlik ham qilishdi — birinchi bo‘lim o‘rtalaridagi statistikaga ko‘ra autsayder jamoa ikki bor zarba bergan (bittasi darvoza sohasiga to‘g‘ri borgan), inglizlarda esa bunday urinish yo‘q edi.

20-daqiqada Foden chap qanotda to‘pni qabul qilib olib, jarima maydoni markazida bo‘sh turgan Sakani to‘p bilan ta’minladi va darvoza ishg‘ol etildi. Ammo «Manchester Siti» futbolchisidagi ofsayd tufayli bu gol bekor qilindi. Inglizlarning o‘yinning qolgan qismidagi 12 zarbasi esa hech narsa olib kelmadi.

O‘yinda e’tiborga arzigulik yana bir voqea — Palmerning uzoq kutilgan debyuti bo‘ldi. APLda o‘tgan mavsumning eng yaxshi yosh futbolchisi bo‘lgan yarimhimoyachi nihoyat Sautgeytdan o‘yin vaqtiga ega bo‘ldi. Koul 71-daqiqada maydonga tushdi va o‘yinni kuchaytirdi, qo‘shimcha daqiqalarda esa jarima maydoni chizig‘i atrofidan to‘pga bir teginishda xavfli zarba ham berdi. Ammo Oblak bu kecha ishonchli harakat qildi.

Jordan Pikford ham gol o‘tkazmadi — u Angliya milliy jamoasining yirik turnirlarda eng ko‘p quruq o‘yin o‘tkazish (11) bo‘yicha rekordchisiga aylandi. Inglizlarning boshqa futbolchilari ham xafa emas — nima bo‘lganda ham jamoa 1/8 finalga birinchi o‘rin bilan chiqdi va pley-offdagi qiyin yo‘ldan qochib qoldi va Ispaniya, Germaniya, Portugaliya va Fransiya kabi favoritlar bilan finalgacha uchrashmaydi. 

Sloveniyaliklar ham mamnun — ular o‘z tarixida ilk bor Yevropa chempionati pley-offida o‘ynaydi. Jamoa uch ochko bilan ham keyingi bosqichga yo‘l oldi, ammo Daniya bilan ochkolar soni teng va to‘plar nisbati bir xil, o‘zaro o‘yinda durang qayd etilgan bo‘lsa-da, uchinchi o‘rinda joylashdi. Jamoada sariq kartochkalar soni ko‘proqligi (6 ga qarshi 7) pand berdi.

Umuman olganda, S guruhida qurg‘oqchilik kuzatildi va bunda birgina Angliya aybdor emas. Olti o‘yindan beshtasida durang — Yevro tarixida bir kvartetda buncha ko‘p durang hali kuzatilmagandi. Bu jamoalar jami yettita gol urishi — turnir antirekordidir.

Mavzu
Yevro-2024
2024 yil 14 iyunidan 14 iyuliga qadar Germaniyaning 10 ta shahrida 17-bor futbol bo‘yicha Yevropa chempionati bo‘lib o‘tadi.
Barchasi
Top