O‘zbekiston | 21:04 / 25.07.2023
23084
6 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda Shirin shaharchasi qurilishiga 100 mln dollar ajratiladi

Shaharcha Shirin massivi hududida, 665 gektar maydonda quriladi. 85 gektar qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarining toifasi o‘zgartiriladi. Davlat banklari loyihaga 100 mln dollar ekvivalentida kredit ajratadi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Samarqand shahri Shirin massivi hududida 2023-2030 yillarda Shirin zamonaviy ishbilarmonlik markazi va turar joylar kompleksi quriladi. Bu borada prezident qarori qabul qilindi.

Qaror bilan shaharchani qurish bo‘yicha direksiya tuzildi. Direksiya direktori bosh vazir bilan kelishgan holda Samarqand viloyati hokimi tomonidan lavozimga tayinlanadi. Direksiyaning huquqlari quyidagilar deb belgilandi:

  • shaharchani barpo etish bo‘yicha manzilli dasturlarni ishlab chiqish va tasdiqlash;
  • davlat sherigi sifatida davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitim talablarini vakolatli davlat organlari bilan kelishgan holda belgilash;
  • kommunal boshqarish, investitsion faoliyat, marketing, baholash, geologiya qidiruv, topografik suratga olish, bino va inshootlar texnik holatini tekshirish xizmatlarini ko‘rsatish;
  • shaharcha hududida iste’molchilarga ko‘rsatiladigan kommunal xizmatlar tariflarini Vazirlar Mahkamasi bilan kelishgan holda belgilash;
  • shaharchani barpo etish davrida investorlarga shartnoma asosida servis, sanitariya-gigiyena, muhandislik-kommunikatsiya xizmatlarini ko‘rsatish, ularni transport infratuzilmasi obektlari va yordamchi inshootlar bilan ta’minlashni tashkil qilish;
  • obektlarni loyihalashtirish va qurilish ishlarida ishtirok etish, mualliflik nazorati va texnik nazoratni amalga oshirish uchun yuqori malakali xorijiy mutaxassis va konsultantlarni to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnoma asosida jalb qilish.

Shirin shaharchasi qurilishini muvofiqlashtiruvchi kengash ham tashkil etilib, unga bosh vazir Abdulla Aripov rais etib tayinlandi. Kengashga quyidagi huquqlar berildi:

  • loyihachilar, pudratchilar va boshqalarni tanlashning elektron shakliga amal qilmagan holda jalb qilish;
  • qurilish-montaj ishlarini loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish bilan parallel ravishda amalga oshirishga ruxsat berish.

Shirin massivi hududida buzilayotgan obektlarning kompensatsiya to‘lovlarini amalga oshirish maqsadida Agrobank tomonidan ajratilgan 100 mlrd so‘m kredit va unga hisoblangan foizlar amaldagi shartnoma shartlari asosida 1 yil imtiyozli davr bilan 3 yil muddatga direksiyaga qayta rasmiylashtiriladi.

2023 yil 1 sentabrga qadar “Mahalla” xayriya jamoat fondi o‘zining G‘aznachilik xizmati qo‘mitasida ochilgan budjetdan tashqari g‘azna hisobvarag‘iga tushgan homiylik mablag‘lari hisobidan 3 yil muddatga direksiyaga 150 mlrd so‘m foizsiz qarz ajratadi. Bu mablag‘lar jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarni qoplashga, shaharcha uchun zarur infratuzilma obektlarini barpo etishga, ijtimoiy soha obektlarini qurishga yo‘naltiriladi. 150 mlrd so‘mlik mablag‘ Samarqand viloyati mahalliy budjeti mablag‘lari hisobidan 2025 yildan boshlab har chorak oxirida teng ulushlarda “Mahalla” fondiga qaytariladi.

Milliybank, Sanoatqurilishbank va Asakabank 2023 yil 1 oktyabrga qadar direksiyaga loyihani amalga oshirishning uzluksizligini ta’minlashga, shu jumladan pul oqimlaridagi vaqtinchalik uzilishlarni qoplash va aylanma mablag‘larini to‘ldirishga yo‘naltiriladigan jami 100 mln dollar ekvivalentida milliy valutada 7 yil muddatga revolver kreditlar ajratadi. Bu kreditlar foiz stavkasining Markaziy bank asosiy stavkasidan oshgan, lekin asosiy stavkaning 50 foizidan ko‘p bo‘lmagan qismiga Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan kompensatsiya beriladi.

ISSVga 2024 yil 1 aprelga qadar avtomobil yo‘llari, ichimlik va oqova suv ta’minoti, elektr energiyasi, tabiiy gaz va aloqa tarmoqlarini qurish maqsadida xalqaro moliya institutlari kreditlari va DXSh asosida investorlar mablag‘larini jalb etish yuklatildi.

Shaharchani barpo etish rejalashtirilayotgan 665,15 gektar yer maydonidan jami 84,8 gektar qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalari aholi punktlarining yerlari toifasiga o‘tkaziladi.

Samarqand viloyati hokimligiga qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalari qisqarib ketishining oldini olish maqsadida 2031 yil 1 yanvarga qadar har yil yakunida teng ulushlarda bu qaror bilan toifasi o‘zgartirilayotgan sug‘oriladigan yer uchastkalari maydonining 5 baravari miqdorida yangi yerlar o‘zlashtirilishini va sug‘oriladigan yerlar toifasiga o‘tkazilishini ta’minlash yuklatildi.

Qarorga asosan, Samarqand shahri Qorasuv massivi va Samarqand tumani Qorasuv mahallasi hududidan o‘tuvchi Samarqand–Buxoro–Turkmanboshi M-37 avtomobil yo‘li hamda M-37a Samarqand halqa yo‘lini tutashtiruvchi 2-toifali avtomobil yo‘li quriladi. Yo‘l qurilishi bilan bog‘liq xarajatlar Avtomobil yo‘llari qo‘mitasiga ajratiladigan mablag‘lar hisobidan moliyalashtiriladi.

Loyihalarni amalga oshirish doirasida 2026 yil 1 iyulga qadar direksiya, investorlar, bosh loyiha va bosh pudrat tashkilotlari O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan, belgilangan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxatlar bo‘yicha chetdan olib kelinadigan qurilish texnikasi, asbob-uskuna, butlovchi buyumlar, ehtiyot qismlar uchun bojxona boji to‘lashdan ozod qilindi.

Ma’lumot uchun, prezident Shavkat Mirziyoyev 5 iyun kuni Samarqandga tashrifi doirasida Shirin massivining master rejasi taqdimoti bilan tanishgan edi.

Mavzuga oid