“Ko‘p narsa moliyalashtirishga bog‘liq” - Toshkentni toshqinlardan qutqarish rejasi tayyorlanmoqda
Oxirgi 30 yildan beri Toshkentning drenaj tizimi qarovsiz qoldirilgan, buni 1-2 yilda soz holatga olib kelish qiyin, deydi Raqamli rivojlanish departamenti direktor o‘rinbosari Kamoliddin Fayzullayev. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu borada turkiyalik konsultantlar bilan hamkorlikda 25 yilga mo‘ljallangan master reja ishlab chiqilmoqda.
Har yomg‘irli kunlarda poytaxtning ayrim ko‘chalari ko‘lmakka aylanib, suv bilan to‘ladi. Bunday holat deyarli har yili kuzatilyapti, ayniqsa oxirgi 3 yilda yaqqol ko‘zga tashlanib, noqulaylik tug‘diradigan vaziyatga keldi. Oldinda o‘zbekistonliklarni yog‘ingarchilik mavsumi kutmoqda.
Xo‘sh, Toshkentni yana suv bosadimi? Buning oldini olish uchun nimalar qilinadi yoki qilinyapti? Kun.uz shu haqda ma’lumot olish uchun Toshkent shahar hokimligi huzuridagi Raqamli rivojlanish departamenti direktori o‘rinbosari Kamoliddin Fayzullayev bilan suhbatlashdi.
“25 yil davomida ta’mirlanmagan tizimni 1-2 yilda soz holatga olib kelish qiyin”
Uning aytishicha, bu mavsumda ham Toshkentni suv bosishi mumkin, balki, aniq hamdir.
“Chunki shuncha yillar: 1995-2000 yillar boshidan beri bu narsa qarovsiz qoldirilgan. Toshkentda 5 mlndan oshiq odamlar yashasa, turar joy binolarida yashovchi odamlarning turli infratuzilmalardan foydalanishi bu kabi tizimlarning ishdan chiqishiga sabab bo‘ladi. Suv tuzilmalari orasida eng tez ishdan chiqishi mumkin bo‘lgan turi yomg‘ir suvini olib chiqib ketadigan tizim hisoblanadi. Chunki yomg‘ir istalgan hududga yog‘adi. Uni ko‘chaga olib chiqish uchun tashkil qilish murakkab hisoblanadi va bu tuzilmalarni ta’mirlash hamda qurish ancha katta mablag‘ni talab qiladi. 25 yil davomida ta’mirlanmagan tuzilmalarni 1 yoki 2 yilda soz holatga olib kelish qiyin.
Bu infratuzilmalarga bo‘lgan talabning susayishiga sabab ham bu masalaning ikkilamchi o‘ringa chiqqani bo‘lsa kerak. Drenaj tizimlarining ustiga uylar qurilmoqda yoki vaqtida ta’mirlanmayapti.
Shuningdek, uyga ko‘chib borayotgan xonadon egasi birinchi uydagi elektr va isitish tizimlariga e’tibor beradi. Yomg‘ir suvlari olib chiqib ketiladigan tuzilmalarga keyinchalik e’tibor qaratishi mumkin. Shuningdek, bu tizimlar xonadon egasi yoki fuqaroga yiliga 15 kun yoki 1 oy kerak bo‘lishi mumkinligi uchun ham bu masalaga bo‘lgan talab pasaygan bo‘lsa kerak.
Bu borada vaziyatni [muammoni] minimallashtirish uchun bir necha ishlar amalga oshirilmoqda. 45 ta xonadonga trubalar, lotoklar o‘rnatildi va shu paytgacha bo‘lgan muammolarga e’tibor qaratildi. Lekin bu degani barcha muammolar to‘liqligicha bartaraf qilindi degani emas. Chunki kuzda intensiv yomg‘ir yog‘adigan bo‘lsa, bu narsa suv toshqini sodir bo‘lishiga olib kelishi mumkin. Shu sababdan bir tomondan bular tabiatga ham bog‘liq hisoblanadi. Bular suv toshqinini minimal darajada kamaytirish uchun olib borilgan ishlar hisoblanadi, to‘liqligicha suv toshqinlarini bartaraf etuvchi emas. Hozirda bizga bog‘liq bo‘lgan infratuzilmalarni takomillashtirishga aloqador ishlar amalga oshirilmoqda.
Rivojlangan davlatlar Koreya yoki boshqalarda ham suv toshqinlari bo‘lib turadi, vaholanki ular ham rivojlangan davlatlar aslida. Ammo bu sohadagi ishlarni kamaytirish yoki to‘xtatib qo‘yish kerak degani emas. Bu kabilarning oqibatlarini minimallashtirishga qaratilgan ishlar baribir bajarilishi kerak”, – deydi u.
“25 yilga mo‘ljallangan master reja tuzilmoqda”
Departament vakiliga ko‘ra, bu kabi muammolarning oldini olish uchun hozirda poytaxtda 25 yil davomida ta’mirlanmagan yoki e’tibor berilmagan hududlarning topografik videolari olinib, shahar aerofoto s’yomka qilinib, uning raqamli relefi yaratilyapti.
“Bularning barchasi dasturiy ta’minotga kiritilib, gidrologik modellashtirish ishlari olib boriladi. Bu degani Toshkent shahridagi yerosti suvlari qanchalik va qaysi nuqtalarda yig‘ilishi aniq dasturda ko‘rsatiladi va qanchalik intensiv yomg‘ir yog‘sa, u yerdan suvni olib chiqib ketish ham bu dasturdan o‘rin oladi. Yomg‘ir yog‘ganda qayerlarga suv toshishi mumkinligi ham simulyatsiya qilib ko‘riladi. Yomg‘ir suvlari yog‘ganda qancha miqdorda yig‘iladi, qayerlarda to‘planadi va ularni olib chiqib ketish uchun qanday inshootlar qurilishi kerak bo‘lsa, biz shularni modellashtirish ustida ishlayapmiz. O‘tgan yili bu ish boshlangan. Ammo dala ishlari shu yildan boshlandi. 25 yilga mo‘ljallangan master reja tuzilmoqda va unda bir necha vazifalar mavjud.
Masalan, birinchi qismda qancha joy rekonstruksiya qilinishiga aniqlik kiritiladi. Hozirda 3 xil turdagi suv tuzilmalari 25 ga yaqin tashkilot balansida. Bu esa tizimning samarali boshqaruviga o‘z ta’sirini ko‘rsatmoqda. Balki buning boshqaruv tizimini moderatsiya qilish taklifi o‘rtaga qo‘yilishi mumkin. Master rejani ishlab chiqish mobaynida normativ hujjatlar standartlari qayta ko‘rib chiqiladi va o‘sha talabga javob bermaydigan normalar ustidan qo‘shimcha o‘zgartirishlar bo‘yicha ish olib boriladi. Hozirgacha yomg‘ir suvlarini oqizish bo‘yicha tizimga ulanish yoki ularga shikast yetkazish bo‘yicha javobgarlik nazarda tutilmagan. O‘shalarni ham qonunchilikka kiritish yuzasidan takliflar ishlab chiqiladi.
Master reja ishlab chiqilgandan keyingi bosqich investitsiyalar jalb qilish bosqichi hisoblanadi. Tuzilmaning takomilga erishishi mablag‘lar masalasiga ham bog‘liq. O‘sha narsalarni qanchalik vaqtida moliyalashtirish, ularni qurishga ham ko‘p narsa bog‘liq. Master planning ishlab chiqilishiga Turkiyaning kompaniyasi konsaltant sifatida jalb qilingan va ular modellashtirishga yordam berishmoqda. Bu loyihalarni amalga oshirish ko‘p mablag‘ va qurilish bo‘yicha ruxsat berish jarayonlarini ham talab qiladi. Misol uchun, biror yo‘l yoki qurilish binosi ostidan yomg‘irni olib chiqib ketuvchi trubalar o‘tishi kerak bo‘lishi mumkin. Bu esa master rejaning bir qismi bo‘lishi shart. Bularni inobatga olmasdan bosh rejani qilish noto‘g‘ri bo‘ladi”, – dedi Kamoliddin Fayzullayev
Suv qayerlarda ko‘proq toshadi
Ma’lumotlarga ko‘ra, Toshkentning qaysi nuqtalarida suv toshqinlari bo‘lgan yoki qayta toshqinlar bo‘lgani haqidagi axborotlar 2021 yilda yagona xaritaga jamlangan.
Shu joylardagi muammoni bartaraf etish uchun 128 ta uchastka tanlab olingan va uni tuzatish bosqichi 3 ga bo‘lingan. Birinchi bosqichda 45 ta uchastkadagi kollektor, lotok va kanalchalarni ta’mirlash rejalashtirilgan.
“Bu ma’lumotlar ijtimoiy tarmoqdan va xalq nazorati portaliga kelib tushgan ma’lumotlar asosida shakllantirilgan. Bu interaktiv karta hisoblanadi. Doiraning kattaligiga qarab o‘sha yerdagi muammoning kattaligiga e’tibor qaratish mumkin. Bu o‘sha hududda suv toshqini bir necha marta sodir bo‘lganini ham anglatadi. Buni tumanlar kesimida bo‘lmaymiz, shahar nisbatida olamiz.
Chilonzor, Shayxontohur va deyarli barcha tumanlarni katta muammoli tumanlar deyish mumkin, yomg‘ir tizimlari o‘rnatilganiga qarab. Bo‘rijar, Bo‘zsuv, Ko‘kcha, Junariqlar, Qoraqamish, Zovur kanallari to‘g‘risida ham ma’lumotlar yig‘ilmoqda. Kanallar saqlanib qolganmi yoki buzilib ketganmi, bular to‘g‘risida ham ma’lumotlar yig‘ilmoqda. Bularni ham master rejaga kiritish nazarda tutiladi. Irrigatsiya tarmoqlarida kollektorlar 167 km, yomg‘ir suvlarini oqizish tizimi 18 km, drenaj tizimi 60 km, kanal va ariqlar 535 km.
Lotoklardan hozircha 1225 kmni hisobga olganmiz, ammo lotoklar bundan ham ko‘proq bo‘lishi mumkin. Chunki ko‘p qavatli uylar ichidagi lotoklar to‘liqligicha hisobga olinmagan. Balansga olinmagan kollektorlar 4,4 kmni tashkil etadi va bu degani agar truba ishdan chiqib qolsa, biror tashkilot tomonidan bular tuzatilmaydi va bu hech qaysi tashkilot zimmasiga tushmaydi. Ariqlardan ham 29 ta ariqlar biror balansga kiritilmagan. Ayniqsa kvartallar ichidagi lotoklar buzib yuborilgan, sinib ketgan va shularning hisobiga ham yomg‘ir suvlari chiqib qolish hollari ko‘p kuzatiladi”, – dedi shahar hokimligi rasmiysi.
Ma’lumot uchun, shu yil sentabrdan boshlab shahar hokimligi Olmazor tumanidagi ayrim ko‘chalar, Mirzo Ulug‘bek tumanidagi “O‘zbekiston ovozi” ko‘chasi hamda Kichik halqa yo‘lidagi drenaj quvurlari ta’mirlanib, qayta yotqizilayotganini xabar qilgandi.
Dilshoda Shomirzayeva suhbatlashdi.
Tasvirchi Nuriddin Nursaidov.
Mavzuga oid
17:02
Toshkentda 4 mln dona pirotexnika buyumlari yo‘q qilindi
15:28
Svetoforning qizil chirog‘ida harakatlangan Malibu piyodani urib yuborishiga oz qoldi
21:43 / 21.11.2024
Toshkentda pod’yezdda qoldirilgan velosiped va kolyaskalar PPX tomonidan olib ketilmoqda
19:18 / 21.11.2024